AQSh Tayvan hukumatini orolning mustaqilligini e’lon qilishga undashni davom etsa, Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasida harbiy ziddiyat kelib chiqishi mumkin. Bu haqda Xitoyning Amerikadagi elchisi Sin Gan NPR radiosiga bergan intervyusida ogohlantirgan.

Foto: NPR

“Ta’kidlashimga ruxsat bersangiz: Tayvan masalasi — Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi eng katta muammo. Agar Tayvan hukumati AQShning ma’qullovi ostida mustaqillikni e’lon qilish yo‘lida davom etsa, bu katta ehtimol bilan Xitoy va AQSh kabi ikkita yirik davlat o‘rtasida qurolli ziddiyatni yuzaga keltiradi”, — deydi elchi.

Pentagon CNN telekanalining so‘roviga ko‘ra, xitoylik diplomatning bayonotiga izoh berib, Qo‘shma Shtatlar avvalgidek “yagona Xitoy” siyosatiga sodiqligini, shuningdek, Tayvan bilan munosabatlari to‘g‘risidagi Amerika qonunida belgilangan majburiyatlarni bajarishini ma’lum qilgan.

Mazkur qonun 1979-yilda AQSh va Xitoy o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan keyin qabul qilingan. U Tayvan bilan tuzilgan o‘zaro mudofaa bo‘yicha Xitoy—Amerika shartnomasi o‘rnini egallagan. Tayvan bilan munosabatlar to‘g‘risidagi qonunda AQShning orol xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha majburiyatlari belgilangan.

Avvalroq Xitoy AQShni Tayvan bilan rasmiy aloqalarini zudlik bilan to‘xtatishga, shuningdek, sovuq urush mentalitetidan voz kechib, XXRga xayoliy raqib sifatida munosabatda bo‘lishni bas qilishga chaqirgandi.