Qarshining “Nasaf” klubi Osiyo futbol konfederatsiyasi tartib-intizom qo‘mitasi tomonidan 28 ming dollar jarimaga tortildi.

Foto: “Nasaf”

Championat.asia’ning OFK rasmiy saytiga tayanib yozishicha, jarimaga klubning OFK Kubogi 2021-yilgi mavsumi doirasidagi Gonkongning “Li Man” klubi bilan uchrashuvda xavfsizlik va karantin qoidalariga rioya etmagani asos bo‘lgan:

  • 320 nafar muxlis futbolchilar zaxirasi uchun mo‘ljallangan joyga o‘tirgan;
  • 2 nafar muxlis hakamning yakuniy hushtagi chalinganidan keyin maydonga tushib ketgan;
  • klub xavfsizlik bo‘yicha o‘z zimmasidagi vazifalarni ta’minlay olmagan;
  • maydon atrofida akkreditatsiyasi yo‘q shaxslar yurgan;
  • tomoshabinlar stadionda tamaki chekkan.

Tartib-intizom qo‘mitasi yuqoridagi holatlarni o‘rganib chiqib, quyidagicha qaror chiqargan:

  • “Nasaf” tartib-intizom kodeksining 22.2 bandini buzgani uchun 28 ming AQSh dollari miqdorida jarima to‘laydi;
  • Tartib-intizom kodeksining 34.1 va 34.3 bandlarini buzgani uchun shartli ravishda 21 ming AQSh dollari miqdorida jarima. Bu band agar yaqin 2 yil ichida yana shu holat takrorlansagina faollashadi;
  • Tartib-intizom kodeksining 1-paragrafi bo‘yicha 90 kun ichida 7 ming AQSh dollari to‘lash majburiyati.

Shuningdek, bunday holat yana qaytarilsa, yanada qattiqroq chora ko‘rilishi qo‘shimcha qilingan.

Bundan tashqari, tartib-intizom qo‘mitasi OFK Kubogi finalida “Nasaf”ni qabul qilgan “Al-Muharraq”ni ham uchrashuvni tashkil etishda qoidabuzarliklar uchun 82 ming dollar miqdorida jarimaga tortgan. Bahrayn klubi bir vaqtning o‘zida butun summani to‘lashi kerak.

Qayd etish kerak, Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari OFK Kubogi—2021 vitse-chempioni sifatida 750 ming AQSh dollar mukofoti olgandi.