Nikola Lazarevich “Qizilqum” bosh murabbiyi etib tayinlandi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma’lum qildi.
44 yoshli serbiyalik mutaxassis bilan necha yillik shartnoma imzolangani haqida ma’lumot berilmagan. U bu lavozimda 2021-yilda jamoani boshqargan Hamidjon Aktamovning o‘rnini egallaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Aktamov endilikda klub direktori sifatida faoliyat yuritadi.
Lazarevich faoliyati davomida Tojikiston Kubogi va chempionligini qo‘lga kiritgan, Serbiya yoshlar terma jamoasi va Tojikiston terma jamoasida yordamchi murabbiy vazifasida ishlagan. Shuningdek, u Saudiya Arabistoni, Serbiya, Tojikiston, Xitoy hamda Liviya klublarida bosh murabbiy bo‘lgan.
Nikola Lazarevichning so‘nggi klubi Saudiya Arabistonining “Al-Taavun” jamoasi bo‘ldi.
Shuningdek, klub Oleg Zoteyev bilan shartnoma imzolanganini e’lon qildi. 33 yoshli himoyachi yangi mavsumni navoiyliklar safida boshlaydi. “Qizilqum” Zoteyevning shartnoma muddati haqida ham hech nima demagan.
Zoteyev faoliyati davomida “OKMK”, “Bunyodkor”, “Lokomotiv”, “Chonnam Dragons” (Janubiy Koreya) kabi klublarda faoliyat yuritgan.
Avvalroq “Qizilqum” Sanjar Shoahmedov, Javohir Ilyosov, Orifxo‘ja Abduxoliqov va Shuhrat Muhammadiyevni o‘z safiga qo‘shib olgandi.
Izoh (0)