Afsonaviy basketbolchi Kobi Brayant aviahalokatga uchrab vafot etganiga ikki yil to‘ldi.

Foto: Getty Images

Bortida 41 yoshli Brayant bo‘lgan vertolyot 2020-yil 26-yanvar kuni Kaliforniyada halokatga uchragan. Vertolyotning qulashi natijasida jami besh kishi, jumladan, Kobining qizi Janna Brayant ham vafot etgan. 2022-yil 26-yanvar kuni basketbolchining vafotiga ikki yil to‘ldi. Shu munosabat bilan “Daryo” sport olamidagi eng dahshatli aviahalokatlarni eslab o‘tadi.

Mavzuga doir: “Odamlarga chaqiriq tashlash menga yoqardi”. Mudhish hodisa sabab halok bo‘lgan basketbol afsonasi Kobi Brayantni xotirlab

“Torino” futbol klubi, 1949-yil 4-may

Foto: Tuttosport

“Torino” 1940-yillarda Italiyaning eng kuchli klubi edi. Milliy kubokni ketma-ket besh marotaba qo‘lga kiritganidan so‘ng jamoani “Grand Torino” deb atay boshlashdi. Yetti yil ichida klub besh marta skudettoni qo‘lga kiritgandi va Italiya futboli tarixida oltin dubl qayd etgan birinchiga jamoaga aylangandi. “Torino”ning buyuk tarixi jamoa a’zolari, rahbarlar va bir nechta jurnalistlar bo‘lgan samolyot 1949-yil 4-may kuni Lissabondan “Benfika”ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan qaytayotganda o‘z poyoniga yetadi. Fojia oqibatida 18 futbolchi va jamoaning 13 nafar xodimi vafot etdi.

Barselonada yonilg‘i quygan layner Turin tomon yo‘l oladi, ammo belgilangan manzildan 12 kilometr uzoqlikda kuchli tumanga duch kelinadi. Uchuvchi instinktlariga suyangan holda qo‘nishni amalga oshirmoqchi bo‘ladi va samolyot qanoti bilan mahalliy tepaliklarning birida qurilgan panjaralarga tegib ketadi. Shundan so‘ng samolyot yerga qulaydi, bortdagilardan esa hech kim omon qolmaydi. O‘sha jamoadan jarohati tufayli uyda qolgan Lauro Tomagina baxtli tasodif tufayli o‘limdan qutulib qolgan. Italiya futbol federatsiyasi fojiadan so‘ng jamoaga chempionlik sovrinini taqdim etdi.

“Manchester Yunayted” futbol klubi, 1958-yil 6-fevral

Foto: The Sun

1950-yillarda klub akademiyasida eng iste’dodli futbolchilar avlodi yig‘ilgan edi. Futbolchilarining yoshi yigirmaga ham yetmagani uchun jamoani “Basbi bolalari” deb atashardi. 1958-yil 6-fevralda sodir bo‘lgan aviahalokat ularning hayotini barbod qildi. Angliyaliklar Belgraddan, “Srvena Zvezda”ga qarshi o‘yindan qaytayotgan edi, samolyot Myunxenda yonilg‘i quyishga to‘xtaydi. Shundan so‘ng uchoq chap dvigatelidagi nosozliklar tufayli ikki marta havoga ko‘tarila olmaydi, ammo ekipaj komandiri uchinchi bor ham urinishga qaror qiladi.

Buning ustiga o‘sha kuni kuchli qor yog‘ayotgandi, samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagi oxirida tezlikni yo‘qotadi. Aeroport to‘sig‘ini yorib o‘tgan samolyot turar-joy binosiga borib uriladi. O‘sha paytda bortda 44 kishi bo‘lib, ulardan yigirma nafari vafot etadi. Ular orasida uch murabbiy va “Manchester Yunayted”ning sakkiz futbolchisi ham bor edi.

Halokat milliy fojiaga aylandi. Voqeadan so‘ng Angliya qirolichasi nafaqat vafot etgan futbolchilarning qarindoshlari va do‘stlariga, balki, butun xalqqa hamdardlik bildirdi.

Figurali uchish bo‘yicha AQSh terma jamoasi, 1961-yil 15-fevral

Foto: Twitter

Amerikalik figurali uchuvchilarning iqtidorli galaktikasi butun dunyo sport muxlislari qalbini zabt etgandi. Milliy terma jamoa yetakchisi Lourens Ouen Pragada bo‘lib o‘tgan figurali uchish bo‘yicha Jahon chempionatidan oldin Sports Illustrated jurnali yuziga aylangan edi. 15-fevral kuni AQSh terma jamoasi Pragadagi musobaqaga borish uchun Bryusselga uchib ketadi. Bortida sportchilari bo‘lgan samolyot qo‘nayotgan vaqtda portlab ketadi. 72 nafar yo‘lovchi vafot etdi. Faqatgina yukxona bo‘limida bo‘lgan it tirik qoladi.

Fojiadan so‘ng jahon birinchiligi bekor qilindi. Qo‘shma shtat aholisi shu qadar shokka tushganidan qayg‘uli xotiralar sabab, bir muddat figurali uchish o‘yinlarini kuzatmadi. Hatto prezident Jon Kennedi ham chuqur qayg‘uga botgani uchun xalqqa hamdardlik so‘zlarini u emas, ukasi, senator Robert yetkazdi.

“Paxtakor” futbol klubi, 1979-yil 11-avgust

Foto: “Paxtakor”

Ushbu halokat sovet sporti tarixidagi eng dahshatli fojia hisoblanadi. Toshkentning “Paxtakor” jamoasi SSSRning eng muvaffaqiyatli klublaridan biri edi. 1979-yil 11-avgust kuni jamoa “Dinamo”ga qarshi o‘yin uchun Minskka qarab uchadi. Parvoz vaqtida TU-134 boshqa bir samolyot bilan to‘qnashib ketadi. Samolyotlardan birining qanoti boshqasining fyuzelyajini teshib o‘tadi. Natijada ikkalasi ham portlaydi. Samolyotlardagi 178 nafar yo‘lovchi, shu jumladan, “Paxtakor”ning 14 nafar futbolchisi va uch nafar xodimi halok bo‘ladi.

Shu kuni Leonid Brejnevning parvozi tufayli havo yo‘llarida tartibsizliklar yuzaga kelgani, bu esa fojiaga olib kelishi mumkinligi haqida mish-mishlar tarqalgandi. Dahshatli halokatdan 12 kun o‘tib, “Paxtakor”ning tirik qolgan o‘yinchilari maydonga qaytdi. Ular halok bo‘lgan do‘stlari xotirasiga hurmat saqlagan holda SSSR chempionatida o‘ynashda davom etdi.

Ularning eng kichigi 19 yoshda edi. “Paxtakor-79” fojiasiga 42 yil to‘ldi

“Lokomotiv” xokkey klubi (Yaroslavl), 2011-yil 7-sentabr

Foto: “Sovsport”

Kontinental xokkey ligasida (KXL) harakat qiladigan jamoaning deyarli barcha a’zosi hayotiga zomin bo‘lgan fojia 2011-yil 7-sentabr kuni yuz berdi. O‘sha kuni Yaroslavlning “Lokomotiv” jamoasi mavsumning birinchi o‘yini uchun Minskka uchgan edi. YAK-42 samolyoti “Tunoshna” aeroportidagi parvozidan bir necha soniya o‘tib, quladi. Halokat oqibatida o‘yinchilar, murabbiy va jamoa xodimlari voqea joyida vafot etdi. Yagona tirik qolgan inson Aleksandr Galimov edi. U ham besh kundan so‘ng shifoxonada vafot etdi. Fojianing sababi ekipajning xatosi edi.

Xokkey tarixidagi qora kun. “Lokomotiv” xokkey klubining fojiali aviahalokatiga 10 yil to‘ldi

“Shapekoense” futbol klubi, 2016-yil 28-noyabr

Foto: The Sun

2016-yilda jamoa faoliyatining yuqori cho‘qqisiga erishgan, Janubiy Amerika Kubogi finaliga qadar yetib borgandi. Baxtga qarshi, “Shapekoense” o‘z tarixidagi eng muhim bahsda ishtirok eta olmadi. 2016-yil 28-noyabr kuni ichida futbolchilari bo‘lgan samolyot Kolumbiyaning Rionegro daryosi yaqinidagi Antiokiya provinsiyasiga qo‘nmasdan turib halokatga uchradi.

Layner bortida 72 nafar yo‘lovchi va 9 nafar ekipaj xodimi bor edi. Olti kishi omon qoldi, ular orasidan uch nafari futbolchi edi. Voqeadan so‘ng “Atletiko Nasyonal” Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasidan finaldagi raqibi “Shapekoense”ni musobaqa chempioni deb e’lon qilishni so‘radi.

“Hammayoq jimjit bo‘lib qoldi. Keyin esa qulashni boshladik”. “Shapekoense” halokatiga uch yil to‘ldi

Futbolchi Emiliano Sala, 2019-yil 21-yanvar

Foto: Goal

Emiliano Sala 28 yoshida fojiali tarzda halok bo‘ldi. “Nant”ning argentinalik hujumchisi “Kardiff” bilan shartnoma imzolaydi. 2019-yil 21-yanvar kuni u Uelsga jo‘nab ketadi. Biroq Kardiff tomon parvoz vaqtida u o‘tirgan samolyot La-Mansh sutidan o‘tayotgan vaqtda bedarak yo‘qoladi.

Bir necha kundan so‘ng futbolchining oilasi va ko‘ngillilar tomonidan yollangan maxsus qidiruv guruhi samolyot qoldiqlari va Emilianoning jasadini topadi. Argentinalik o‘z vataniga, Santa Fe shahriga dafn etildi. Sala xotirasiga bag‘ishlab, uning birinchi klubi “San-Martin de Progreso” o‘z stadioniga futbolchining nomini berdi.