Rossiya—Belarus harbiylari o‘rtasidagi qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarni 2022-yilning fevralida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Belarus mudofaa vaziri Viktor Xreninga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.

Foto: “TASS”

“Belarus va Rossiya Mudofaa vazirligi qurolli kuchlarning qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish g‘oyasini ishlab chiqdi. Manyovrlar fevralda boshlanadi. Belarus mudofaa idorasi rahbari Viktor Xreninning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni bilan barcha masalalar kelishib olingan, aniq sana hozirda belgilanmoqda”, — deyiladi “BelTa” davlat agentligi xabarida.

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 17-yanvar kuni Minskda o‘tkazilgan yig‘ilishda qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari fevralda boshlanishini ma’lum qilgan. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, Boltiqbo‘yi davlatlari va Polshaning o‘n minglab harbiy xizmatchilari e’tibori Belarus chegarasiga qaratilgan.

“Davlat rahbarining ta’kidlashicha, so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlarining 30 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi, texnika va qurollari Belarus chegarasiga qaratilgan”, — deyiladi xabarda.

“Bugun biz ushbu g‘arbiy va janubiy mintaqada, ‘Belarus balkoni’da jiddiy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishimiz kerakligini ko‘ryapmiz”, — degan Lukashenko yig‘ilishda.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning avgust oyida Afg‘oniston chegarasida Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston harbiylari ishtirokidagi o‘tkazilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilgandi. O‘quv mashg‘ulotlari Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi va radikal terrorchilik guruhlarining Markaziy Osiyo mamlakatlari chegarasida xavf tug‘dirayotgani fonida o‘tkazilgan.