Qozog‘iston hukumati koronavirus kasallanish holatlari keskin ortgani va yangi omikron shtammi tarqalishi fonida karantin choralari kuchaytirlishini e’lon qildi, deb xabar beradi KazTAG.

Foto: “TASS”

14-yanvardan boshlab mamlakat aholisi sport-sog‘lomlashtirish, fitnes va yoga markazlari, basseynlar, sauna yoki hammomlarga tashrif buyurishi uchun “yashil” xavfsiz maqomi kerak bo‘ladi.

Gap koronavirusga qarshi emlanganlik, uzog‘i bilan yetti kun oldin olingan manfiy natijali PZR-test, doimiy tibbiy ko‘rsatkichlar yoki uch oy ichida koronavirus infeksiyasidan tuzalganlik to‘g‘risidagi guvohnoma mavjudligi haqida ketmoqda.

O‘tgan bir sutka ichida Qozog‘istonda 9122 kishida COVID-19 tasdiqlangan bo‘lib, bu mamlakatda pandemiya boshlanganidan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Xususan, Nur-Sultonda 5118 kishida koronavirus aniqlangan — bu poytaxt uchun yangi antirekord.

Avvalroq O‘zbekiston Qozog‘iston bilan chegarani kesib o‘tishga cheklovlar joriy etgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Xususan, 15-yanvardan boshlab O‘zbekiston hududiga kirib keladigan fuqarolar kirishidan kamida 48 soat oldin PZR usuldagi koronavirus mavjudligini tekshirish testini topshirib, manfiy natija qayd etishi kerak. Mamlakatda kirishda kasallikni aniqlash uchun ekspress antigen testi ham topshiradi.