Qozog‘iston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi (MXQ) polkovnigi Azamat Ibrayev Nur-Sultondagi uyining hovlisida o‘lik holda topildi. Bu haqda MXQ matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Sputnik

Ibrayevning jasadi 10-yanvar kuni ertalab topilgan. Uning jarohatlari balandlikdan yiqilishga xos, deb yozadi “RIA Novosti”. Ibrayev o‘z joniga qasd qilgani taxmin qilinmoqda. Hozirda mazkur holat yuzasidan sudga qadar tergov harakatlari olib borilmoqda.

Azamat Ibrayev Milliy xavfsizlik qo‘mitasining texnik xizmatini boshqargan, avval esa qo‘mitaning shaxsiy xavfsizlik bo‘limi rahbari bo‘lgan.

Shuningdek, Qozog‘iston janubidagi Taraz shahrida Jambil viloyati politsiya boshqarmasining boshlig‘i general Janat Suleymenov o‘lik holda topilgan. U o‘z joniga qasd qilgan, deya ma’lum qildi Taraz ma’muriyati “Interfaks”ga. Tengrinews Ichki ishlar vazirligiga tayanib, holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini xabar qildi.

Qozog‘istonlik jurnalist Mixail Kozachkov mamlakatdagi namoyishlardan so‘ng Sulaymenovga qarshi jinoiy ish ochilganini da’vo qilmoqda. “Unga tribunal bilan tahdid qilishgan”, — deydi jurnalist. Jinoyat ishi haqida rasmiy xabar berilmagan.