Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 10-yanvarni ommaviy namoyishlardan keyin boshlangan tartibsizliklar oqibatida halok bo‘lganlar xotirasi uchun motam kuni deb e’lon qildi. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining matbuot kotibi Berik Uali Facebook’da post yozgan.

Foto: “TASS”

“Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatning turli hududlarida sodir bo‘lgan fojiaviy voqealarda qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish maqsadida 2022-yil 10-yanvarni umummilliy motam kuni deb e’lon qildi”, — deb yozgan Berik Uali ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Qozog‘istondagi vaziyat 2-yanvar kuni Janao‘zen shahrida (Mang‘istov viloyatidagi shahar) suyultirilgan gaz narxining ikki baravar oshishiga qarshi mitinglar boshlanganidan so‘ng keskinlashdi. Chiqishlar iqtisodiy va siyosiy talablar bilan butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlariga aylanib ketdi. 4 va 5-yanvar kunlari Olmaotada namoyishchilarning xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashuvi kuzatildi. Mamlakat bo‘ylab internet uzib qo‘yilgan. Mobil aloqa ham deyarli ishlamayapti. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar paytida halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar borligini aytgan. Tengrinews Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga tayanib, tartibsizliklar chog‘ida 8 nafar politsiyachi va Milliy gvardiya askari halok bo‘lgani, yana 317 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan.

6-yanvarda Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti (KXShT) tinchlikparvar kuchlari Qozog‘istonga jo‘natdi. 7-yanvarda To‘qayev Qozog‘istonda konstitutsiyaviy tartib tiklanganini e’lon qildi va mamlakat bo‘ylab terrorchilik xavfining yuqori darajasi joriy etildi.

Qozog‘istondagi tartibsizliklardan ko‘rilgan zararning umumiy miqdori, taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra 91 million dollarni tashkil etgan, shundan 89,8 million Olmaota ulushiga to‘g‘ri keladi.