Parij bu faqat Luvr, Eyfel minorasi va kruasan deganimi? Yo‘q, albatta. U, shuningdek, butun Yevropa, Afrika va Yaqin Sharqdan kelgan muhojirlar to‘planadigan maskandir. Ularning aksariyati bir vaqtlar sanoat inqilobining markazi bo‘lgan va hozirda ijtimoiy tartibsizliklar nuqtasiga aylangan shahar atrofida istiqomat qiladi. 2019-yilning may oyida sotsiolog Albina Andreyeva qashshoqlik va madaniy ayirmachilik qanday paydo bo‘lishini o‘rganish maqsadida ilmiy maslahatchisi bilan Parij gettosi bo‘ylab antropologik ekspeditsiyaga yo‘l oldi. Uning nochor hududlarda nimalar yuz berayotgani haqidagi hikoyasini “Daryo” o‘zbek tiliga tarjima qildi.
“Xonim, o‘sha xotinlarning o‘zi bizga suykaladi!”
“Xonim, siz Rossiyadanmisiz? Ayting-chi, Rossiyada ham shunaqa antiqa ishlar qilishadimi? Ha, bu ishni qilib ko‘rganmisiz?”. May quyoshida ko‘zlarini qisgancha o‘tirgan uch yigitcha o‘zlari bergan savolga oydinlik kiritadi: “Bu” — ayol va erkak o‘rtasida bo‘ladigan narsa. Keyin yana savollar yog‘dira ketishadi: eringiz bormi? Qayerda u? Sizni bu yerda zo‘rlab qo‘yishsa, nima qilasiz?Bolalar yangi qurilgan ofis devoriga suyangancha qiyshanglab turishardi. Shu payt yonlaridan politsiya mashinasi o‘tib qoldi. Ular mashinaning ortidan qichqirib, so‘ng yana qo‘rqinchli gaplarni aytib, hiringlashga tushdi: bu yerda kechasi ko‘chaga chiqa ko‘rmang — yalang‘och ayollar uyilib yotadi, hammasini zo‘rlashadi. Ular shunday deb, ko‘zini olaytiradi: “Lekin biz bunday qilmaymiz, xonim! O‘sha xotinlarning o‘zi bizga suykaladi. Yonimizdan likillab o‘tadi!”.
Omadimiz keldi! Shahar chetidagi sotsiologik tadqiqotimizning uchinchi kunida, nihoyat, Parijning qashshoq mavzelarida yashovchi o‘sha uchiga chiqqan bezorilarni topdik. Ular hali ona suti og‘zidan ketmagan go‘dak bo‘lmaganida, ehtimol, dahshatdan joyimda qotardim: mittigina, nimjon, goh uyalib yer tepingan, goh jo‘rttaga qiyshanglab, sarosimaga solib qo‘yishga harakat qilgan bolalar bari.
Biz deganim — bu Moskvadan kelgan sotsiologlar, men va rahbarim. Biz butun dunyo bo‘ylab muhojirlar qo‘nim topgan hududlarni o‘rganamiz, ular qanday to‘planishi va “getto”lar — qashshoqlik nasldan naslga meros bo‘lib o‘tadigan hududlar qanday sharoitda vujudga kelishini tushunishga harakat qilamiz va barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha aholining har bir vakili minus 500 ballni qo‘lga kiritadi: ta’lim, kasbiy faoliyat, ijtimoiy mavqe.
Har kuni mashinaga o‘tirib, Il-de-Frans mintaqasidagi eng qashshoq (Parij atroflari Moskva viloyati bilan deyarli bir xil) mavzelar xaritasi bilan qurollanamiz va televideniye orqali namoyish etilib, hurmatli rus ahlini qo‘rqitishda foydalaniladigan o‘sha hududlar bo‘ylab sayohatga chiqamiz. “O-o-o, ruslar, Putin!” — qayerdan ekanimizni eshitgan bolalarga birdan jon kiradi. Keyin ular to‘g‘ri kelganga buqaday tashlanadigan, ayiq kabi haybatli Sibir erkaklarini tasvirlashga tushib ketadi.
Bolalarning ikki nafari muhojir emas: ularning ota-onasi yo Tunisdan, yo Marokashdan kelgan, o‘zlari esa Fransiyada tug‘ilgan. Uchinchisi, jingalak sochli va yumaloq yuzli bola Turkiyadan kelganini aytadi. Sheriklari darhol uning gapini bo‘lib, xaxolab kuladi: “Il est migra-a-a-a-nt!”
Biz bu bolalarni Fransiyadagi qoloq mavzelarning eng gavjum nuqtasi — Parijdan bir soatlik masofada joylashgan Klishi-su-Bua hamda Monfermey shaharlari chegarasida uchratdik. 2005-yilda aynan shu yerda Fransiya tarixidagi eng yirik tartibsizliklar boshlangan. To‘g‘ri, hozir bu yer gettoga u qadar o‘xshamaydi. Biz turgan ko‘chada qatorasiga yangi ofis binolari joylashgan bo‘lib, atrofini Skandinaviya uslubida qurilgan, kam qavatli turar joylar mavzesi o‘rab turadi. Xuddi Moskva taunhauslaridek.
Qarshimizdan gulli xalat va hijob kiygan holalar (bizning bezorilar qo‘rqqanidan jim bo‘lib qoladi), afrikalik onalar, arab o‘smirlari, Turkiya va Mag‘ribdan kelgan, soqolli va soqolsiz erkaklar o‘tib ketadi.
“Ana, terrorchilar, ba-ba-bang!” — bolalar yo‘l bo‘yidagi masjidga barmog‘ini niqtab, yana telbalana boshlaydi. Ularni yalmog‘iz ruslar haqidagi gaplar bilan cho‘chitib, suhbatni yana sotsiologik mavzuga burishga harakat qilaman: “Katta bo‘lganda nima bilan shug‘ullanmoqchisiz?”. Bu savoldan ularning yuzi yorishib, bahosini o‘nglashga urinayotgan ikkichi o‘quvchi kabi javob berishga oshiqadi:
“Men o‘qishni tashlayman, shu yerning xo‘jayini bo‘laman, hamma ortimdan ergashib yuradi, ‘bibi’ qiladi”.
“Bibi?”
“Narkotik sotadi”, — bolalar iljayib, xaxolab, kim qanday chekishi, hidlashi va tomiriga urishini ko‘rsatib beradi.
Agar bir-ikki haftadan beri mavzelarni kezib chiqmaganimizda, aldanib qolardik, balki. Biroq ko‘pi: fransuz tili o‘qituvchisi, jurnalist, futbolchi, novvoyxona egasi, bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lmoqchi.
Bizdan atigi o‘n qadam narida Ramazon munosabati bilan yarmarka ochilgan, u yerda xuddi o‘shanaqa bolalar bizni pahlava bilan siylab, Marokash choyidan quyib, umuman boshqacha javoblarni berdi: “Men futbol sharhlovchisi bo‘lmoqchiman, bu esa advokat bo‘ladi...” — boshqalar o‘sha zahoti bir-biriga qarab, qiqirlab kulishadi.
“Futbol ko‘rasizmi? Kimga muxlislik qilasiz?” — savolga tutamiz biz. Biz bolalardagi fransuzcha dunyoqarashni aniqlab beradigan shu maxsus sinovni o‘ylab topgandik. “Men ‘Ayaks’ muxlisiman. Yo‘q, men Marokash terma jamoasiga emas, faqat Fransiya terma jamoasiga muxlislik qilaman”. Boshqasi unga o‘shshayadi: “Men esa muxlis emasman, chunki fransuzlar jamoasida birorta ham arab yo‘q”.
Fransiyadagi qoloq mavzelar haqida qanday gaplar yurishidan qat’i nazar, bu yerdagi bolalarning orzusi katta. Lekin ularni amalga oshirish uchun bu maskan unchalik qulay joy emas.
Megapolis chetidagi qora tuynuk
“Cheryomushkining o‘zganasi-ku”, — deyarli har safar navbatdagi qoloq mavzega kirib kelganimizda rahbarim hayratdan yoqa ushlaydi.Sobiq sotsialistik lager mamlakatlarida o‘sgan kimsa, hatto uning markazida turgan taqdirda ham, fransuz gettosini tan olmaydi. Ularning aksariyati ruslar kiyadigan oddiy “poyjoma”ni eslatadi: jimjit yashil maydon, ko‘p qavatli binolar va betondan boshqa hech narsa yo‘q. Ammo bu yer fransuzlar uchun har qanday turdagi ijtimoiy yovuzlik o‘chog‘idir: qashshoqlik, jinoyatlar, noqonuniy migratsiya, diniy fundamentalizm. Panelli uylar va beton insoniy qiyofadan ayirib, o‘z-o‘zidan gettolar paydo bo‘lishiga imkon yaratuvchi urbanizatsiyadir.
Fransuz byurokratik tilida bunday joylar shaharning qaltis hududi deb ataladi, ular megapolislar chetidagi o‘ziga xos “qora tuynuk”lardir, bu yerda barcha ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar: daromad darajasi, bandlik, ta’lim sifati birdaniga tushib ketadi. Aynan ushbu hududlarda muhojir aholining zichligi haddan tashqari oshib ketganidan tadqiqotchilar Fransiya shaharlarining etno-sotsial segregatsiyasi haqida gapiradi, so‘l tomon esa “Yangi aparteid” haqida bong uradi. Bugungi kunda ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan mavzelarning 10 foiz qismida mahalliy aholi atigi 10 foizni, qolgan 75 foizini esa Turkiya, Afrika va Mag‘ribdan kelgan muhojirlar tashkil etadi.
OAV hamda oddiy xalq orasida bunday joylarni oddiy qilib “kvartallar”, “qoloq shaharchalar” yoki “site” deb atashadi. Ularning obro‘si shu qadar pastligidan, fransuz tilida ham o‘z ifodasini topgan. “Kvartallik yoshlar” tarbiyasida nuqsoni bor o‘smir, arab yoki afrikalik sayoq orasidagi o‘rtacha ma’noni anglatadi. Shahar chetlaridagi ma’lumoti past aholi gaplashadigan lahja “kvartalliklar tili” deb ataladi. “Qarang, bir safar ularni amaliyot o‘tashga yollamoqchi bo‘ldim. Ishxonaga shippakda keldi, ishonasizmi? — deydi bir fransuz soddadillik bilan. — Faqat lahjada gaplashadi, umuman tushunib bo‘lmaydi. Bunday odamga telefon qo‘ng‘iroqlariga javob berish vazifasini ishonib topshirish mumkinmi?”.
Panelli uylar va ishsizlik. Fransiya qanday qilib muhojirlar integratsiyasida eng katta “bilmasvoy”ga aylandi?
“Biz juda ahil va inoq edik! Turli xil millat vakillari! Pastimizda bir arman yashardi, portugal, ispan, mag‘ribliklar ham bor edi. Lekin, bilasizmi, bizni ham, ularni ham maktabda masxara qilishar, tug‘ilgan kunlarga chaqirishmasdi. Biz esa ularga qo‘shilishga harakat qilardik. Ular bo‘lsa... Xullas, ular bir qishloqdan 200 kishi bo‘lib kelgan, bir-biridan ajralmas, oraga begonani ham qo‘shmasdi”, — deydi Adolfo u uzatgan konyakni simirib o‘tirgan vaqtimizda.Adolfo — bizga kvartirasini ijaraga bergan, epchilgina, dumaloq yuzli fransuz. Yoshi ellikka borgan, bir paytlar Portugaliyadan kelgan oddiy muhojir bo‘lgan: bolaligida kelib, muhojirlar sitesida yashagan, keyin esa o‘zining shaxsiy qurilish kompaniyasiga asos solib, qaltis hududni tark etgan.
Endi u Parij chekkasidagi eng qimmat joylardan biridagi katta uyda yashaydi, devorlari oppoq, tosh yo‘lakli, may yomg‘irida och yashil tusga kirgan maysazori bor.
Ertasi kuni tunda men Fransiyaning eng notinch tumanlari bo‘ylab qilingan sayohatdan so‘ng shu qadimiy uyga qaytib keldim. Yomg‘ir hafta bo‘yi tinmadi, haligacha na Eyfel minorasini, na Yelisey maydonini ko‘rdik, faqat beton “yotoqxona”lar. Tungi bog‘ yomg‘irda yiltirab ko‘zga tashlanadi, oyoq ostida nimadir shitirlaydi.
“Attansion, eskargo!” — deb kuladi Adolfoning 16 yoshli qizi, shundoq yomg‘ir ostida buruqsayotgan mangaldan sigaret ilashtirayotib. Atrofga razm solaman: o‘tlar orasida yopishqoq, apelsin kattaligidagi shilliq qurtlar to‘lib yotibdi. Haqiqiy Fransiyani, hech bo‘lmasa, shu tarzda ko‘rish nasib qildi.
“U yerda bizga ham oson emasdi, lekin murosa qilishga harakat qilardik, fransuzcha gapirardik, ular esa hatto maktabda ham arab tilida gaplashardi, — hikoya qilishda davom etadi Adolfo. Keyin o‘ylab ko‘rib, shunday deydi, — balki, ular fransuzchani o‘rganishga qiynalgandir”.
1950—1970-yillar: Fransiya muhojirlarni qanday kutib olgan?
Ular bugungi kunda Fransiyaning eng qashshoq hududlarini egallagan turkiyalik, afrikalik va mag‘riblik muhojirlardir. Holbuki, bir vaqtlar bu hududlar mamlakat tarixidagi sanoati rivojlangan eng qaynoq nuqtalar bo‘lgan.1950–1970-yillari Fransiyaning urushdan keyingi iqtisodiyoti aynan shu yerda eng boshidan – noldan tiklangan. Megapolislar atrofida avtomobil zavodlari, elektr stansiyalari, kimyo kombinatlari jadallik bilan rivojlangan. Lekin ishchi kuchi yetishmas, shu sababli qurilish maydonlariga muhojirlar: qishloqlardan kelgan fransuzlar, ispanlar, portugallar va Mag‘rib-u Afrikaning boshqa hududlaridan kelgan Fransiya fuqarolari ommaviy ravishda jalb qilinavergan.
Ularga yashash uchun joy yo‘q edi. Ishchilar tashlandiq uylarga joylashib, zavodlar atrofiga kulbalar qurib oladi. Aholining yangi oqimini sig‘dirish uchun hukumat katta ansambllarni — Sovet Ittifoqida o‘sgan har qanday kishiga tanish bo‘lgan yirik mavzelarni — panelli uylar, odatiy binolar, beton, beton va yana beton imoratlarni qura boshlaydi.
Bu mavzelarning aksariyati ijtimoiy xonadonlar, ya’ni davlat tomonidan past narxlarda ijaraga beriladigan kvartiralardan iborat edi. Boshida bu yerga faqat Fransiya fuqarolarini joylashtirishdi, muhojirlar esa kulbalarga joylashishda davom etdi: ular keyinchalik baribir ketadi, joy masalasi esa o‘z-o‘zidan hal bo‘ladi deb o‘ylashgandi.
Shunday qilib, Fransiya uy-joylarni o‘z qo‘li bilan fransuzlar va muhojirlar o‘rtasida taqsimlab berdi.
1970—1990-yillar: “erituvchi qozon” o‘rniga getto
1970-yillarda hukumat bir qarorga keldi: haqiqiy fransuzga aylanishi uchun chet elliklar fransuzlar kabi yashashi kerak. Muhojirlar uchun ijtimoiy mavzelar ochildi. Ular o‘z oldiga yuksak insonparvarlik ruhidagi maqsadlarni qo‘ygandi: integratsiyani ta’minlash, tub va mahalliy bo‘lmagan aholini ko‘p qavatli uylarning katta “qozonida” qorishtirish, muhojirlarga boshqalarniki bilan bir xil shart-sharoitlarni yaratib berish.Lekin qayerdadir xato qilishdi. Taxminan o‘sha vaqtlarda Fransiyada shahar atrofi hududlari gullab-yashnayotgandi: o‘ziga to‘q fransuzlar, Adolfo kabi betondan qurilgan ko‘p qavatli binolarni tashlab, maysazorli, bahavo uylariga ketib qoldi. Natijada, muhojirlar fransuzlarga qo‘shila olmadi va ular ijtimoiy mavzelar hamda shahar chekkasidagi eski sanoat zonalariga joylashtirildi.
Shahar atrofiga ko‘chib kelayotganlar hajmi tobora o‘sib bordi va 1990-yillarga kelib, u yerda ulushi 50 dan 90 foizgacha yetgan tumanlar paydo bo‘ldi. Megapolislar tegrasida ikkita shahar atrofi tasmasi vujudga keldi: oqsuyaklar uchun yangi, bir qavatli, shinam uylardan tashkil topgan Fransiya hamda kambag‘allar, muhojirlar uchun eski ishlab chiqarish zonalari.
Mavzuga doir: Yo‘llar irqchi, millatchi bo‘lishi mumkinmi? Ha, mumkin. AQShda shunday yo‘llar odamlar hayotiga hamon ta’sir ko‘rsatmoqda
1990—2000-yillar: mavzeliklarga barcha eshiklar yopiq
1990-yillarda deindustrializatsiya yuz berdi. Shahar atrofidagi korxonalar ommaviy ravishda yopila boshladi va bundan birinchi o‘rinda muhojirlar jabr ko‘rdi: kelib chiqishi yevropalik bo‘lmagan chet elliklar fransuzlarga qaraganda ikki barobar ko‘proq ishsiz qoldi. Shunday qilib, 1980—1990-yillari shahar atrofida nafaqat oddiy muhojirlar, balki ishsiz muhojirlar galasi ham paydo bo‘ldi. Voqealar burama chiziq bo‘ylab rivojlandi.Mavzelardagi ishsiz, daromad manbaiga ega bo‘lmagan aholi yashirin iqtisodiyotga jalb qilindi. Shahar atroflarida giyohvand moddalar savdosi, avtomobil o‘g‘irlash va talonchiliklar avj oldi. Hukumat bu jarayonni kuch bilan bostirishga harakat qildi. Politsiya qanchalik keskin choralar ko‘rsa, qarshilik ham battar kuchaydi. Ko‘p o‘tmay birinchi qurbonlar — politsiya tomonidan qo‘lga olish vaqtida halok bo‘lgan kvartallik yigitlar, mavze to‘dalari o‘rtasidagi otishmada yaralangan kvartalliklar paydo bo‘ldi.
Voqealar mahalliy aholi o‘rtasida noroziliklarni keltirib chiqardi, norozilik namoyishlari politsiya bilan to‘qnashuvgacha borib yetdi, zo‘ravonlik avj oldi. So‘llar hokimiyatni irqchilik va o‘zboshimchalikda aybladi, o‘nglar esa muhojirlar oqimini to‘xtatib, mavzelarda tartib o‘rnatishga chaqirdi. Mavze aholisining o‘zi esa bir chetga surib uloqtirilganini sezib, uni tan olmagan dunyoga achchiq qilib, o‘z qobig‘iga tobora qattiqroq o‘ranib oldi.
“Rezyumega haqiqiy manzilimizni yozmasdik. Kvartalliklar hech qayerda ishga olinmasligini hamma bilardi, — deya hikoya qiladi sotsiolog va etnograf Ines. U Parijning eng yomon sitelaridan birida o‘sgan va endi muhojirlar, qochoqlar integratsiyasi bo‘yicha meriya bilan hamkorlik qilmoqda. — Bir kuni rasmiylardan biri hujjatdagi manzilimni ko‘rib, qoshini chimirdi: ‘Shunday joydan ham qutulib ketsa bo‘larkan-da?!’”.
Ziddiyat tobora mustamlakachilik ruhida kuchayib bordi. Bir tomondan, asosan, oqlarga xos “xushta’m fransuz kulchalari” va xususiy maktablardagi ta’limi bilan gullab-yashnayotgan burjua Fransiya. Boshqa tomondan, integratsiya qilib, giyohvandlikdan davolab, dunyoviy qadriyatlarga o‘rgatish zarur bo‘lgan, tushkun site ahli.
“Ota-onamiz til bilmagani yoki ish topolmagani uchun qanday xo‘rlanganiga guvoh bo‘ldik, — deydi Ines noroziligini yashirmay. — Ularni hech bir muassasa sig‘dirmasdi. Ularning boshi egik yurganini ko‘rdik. Fransuz jamiyati bizni qabul qilmasligini his qilib o‘sganmiz”.
2005-yilgi g‘alayonlar. Shahar atrofidagi buyuk inqilob
2005-yilga kelib, shahar atrofi muammosi soati chiqillab turgan ijtimoiy bombaga aylandi. To‘dalar o‘rtasidagi to‘qnashuvlarda o‘smirlar o‘limi, shuningdek, kvartallik yoshlarning politsiya qo‘lida halok bo‘lishi siyosiy tus oldi. Hukumat allaqachon maktablarda diniy ramzlardan foydalanishni taqiqlab — OAV uni “Hijob to‘g‘risidagi qonun” deb atagan — giyohvand moddalar savdosiga qarshi astoydil kurash olib borayotgandi. O‘sha paytda ichki ishlar vaziri lavozimida ishlayotgan Nikolya Sarkozi shahar atrofidagi yoshlarni fransuz jamiyatiga asosiy tahdidlardan biri deb atagan.“Siz bu chiqindilar uyumidan charchadingiz, to‘g‘rimi? Sizni ulardan xalos qilamiz!” — deya kamera qarshisida so‘zamollik bilan va’da bergandi u Fransiya tarixidagi eng katta tartibsizliklar boshlanishidan ikki kun avval. Olomon uni har tomondan o‘rab olgan va hushtakbozlik bilan noroziligini bildirayotgandi. Sarkozi mavzelarning eng gavjum nuqtasida turgandi o‘shanda.
Bomba Klishi-su-Buada — Parijdan 50 kilometr uzoqlikdagi “Yotoqxona”da, 2005-yilning 27-oktabr sanasida, soat 17:00 atrofida portladi. O‘sha kuni sakkiz nafar o‘smir futboldan uylariga qaytayotib qurilish maydonidan o‘tayotgandi. Buni ko‘rgan o‘sha yerlik odamlardan biri politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan: yoshlar nimanidir o‘g‘irlamoqchi deb o‘ylagandi. Politsiyachilar yetib kelishi bilan yigitlar tumtaraqay qochib ketgan.
Rasmiylar aynan politsiyachilarning kelib qolishi jinoyatchilarning o‘g‘rilik qilishiga xalaqit berganini ta’kidlaydi. O‘smirlarning o‘zi politsiya ularni hujjatsiz yurgani uchun hibsga olsa, uylariga kechki ovqatgacha yetib borolmasligidan qo‘rqqanini aytadi. “Bizni hadeganda to‘xtataverishlari jonga tegdi!”.
Politsiyachilar yigitlarning ortidan chopadi. Soat taxminan 17:32 da hukumat vakillaridan biri yigitlardan bir qanchasining o‘rmon ichiga yashiringani va transformator tomonga yo‘l olganini payqaydi. “Agar ular elektr tarmoqlari hududiga kirsa, terilarini arzon narxda sotib olaman”, — deydi bir politsiyachi ratsiya orqali hamkasblariga.
Shu gaplar keyinroq “Xavf ostida qoldirish” moddasi bo‘yicha sud qilingan politsiya xodimlariga qarshi muhim dalil bo‘lib xizmat qilgan. Soat 18:12 da Ziyed va Buna ismli ikki o‘spirin halok bo‘ldi. Ular haqiqatanam transformator ichiga yashirinib, tok urishidan tiriklayin yonib ketgandi. Uchinchisi tanasida qattiq kuyishdan qolgan asoratlar bilan omon qolgan.
Fojia tartibga soluvchi kuchlar bilan shiddatli to‘qnashuvlarni keltirib chiqardi. Shu kabi to‘qnashuvlardan birida jandarmlar mahalliy masjidlardan birining eshigiga tasodifan tutunli bomba tashlab yuboradi, o‘sha vaqt ichkarida namoz o‘qilayotgandi. Ramazon payti bo‘lgani uchun ichkarida odamlar odatdagidan ko‘ra ko‘proq bo‘lgan. Vahima ko‘tarilib, ibodatga kelganlar dahshatga tushadi, zudlik bilan evakuatsiya qilinadi.
Bo‘lib o‘tgan hodisa haqidagi xabar bir zumda tarqalib, butun Fransiya oyoqqa turadi. Uch hafta mobaynida mamlakatdagi barcha qashshoq mavzelar tom ma’noda alanga oladi: yoshlar mashinalarga o‘t qo‘yib, politsiyachilarni toshbo‘ron qilib, jamoat binolarini vayron qiladi.
Yilnomada kadrlar saqlanib qolgan: olovli to‘siqlar, “Allohu Akbar!” deb qichqirayotgan odamlar fonida tish-tirnog‘igacha qurollangan politsiyachilar. Yoshi katta avlod vakillari: ota-onalar, o‘qituvchilar, mahalliy imomlar olov va tutun ichidan politsiya qarshisiga chiqib keladi. Ular “Farzandlarimizni xo‘rlamang!” deb yozilgan plakatlarga o‘ranib, muzokara qilishga uringan. Politsiyachilar, o‘z navbatida, ko‘p qavatli binoga hujum qilishga hozirlik ko‘radi: isyonchilar o‘sha binodan turib toshlar va yonayotgan ashyolarni uloqtirgandi.
Uch haftaga cho‘zilgan tartibsizlik, yoqib yuborilgan 9 ming mashina, hibsga olingan 3 ming kishi — g‘alayonlar natijasi shu bo‘ldi. O‘smirlarni ta’qib qilib, ularning hayotini xavf ostiga qo‘ygan politsiya xodimlariga qarshi sud jarayoni yana 10 yil davom etdi, lekin oxiri ular aybsiz deb topildi.
2005-yildagi tartibsizliklar shahar atrofi hududlarining “qopqog‘iga” so‘nggi mixni qoqdi: qirg‘inlardan keyin tadbirkorlar do‘konlarini ochishga jur’at etolmadi, mavzelar nomi esa barcha fransuzlar xotirasida muhrlanib qoldi. Aynan o‘sha vaqtda “Klishi-su-Bua” nomi gettoning eng mudhish ma’nodagi sinonimiga aylandi. Fransuzlar bu yerga deyarli qadam bosmaydi, lekin bu joy haqida hamma biladi.
“Qayerga ketdi? Bir o‘zi-ya?!” — shahar nomini eshitgan parijlik tanish ayol beixtiyor xitob qiladi. Strasburgda o‘sgan boshqa bir fransuz u joyga “podaxona” deb ta’rif beradi. Keyin qo‘shimcha qiladi: “U yerga hatto politsiya ham bormaydi”.
Klishi-su-Bua. Eng qo‘rqinchli getto
Muhojirlarni yoqtirmaydigan turk
“Bu yerdagi 70 foiz yoshlarning kelajagi yo‘q, — deya qat’iy ohangda ta’kidlaydi turk do‘stimiz. — Ular ish topishga hatto urinib ham ko‘rmaydi! Yordam puli hisobiga yashaydi, quyosh tikkaga kelguncha uxlaydi, tunda giyohvand moddalarini sotib, yana uyquga ketadi”.U bizni Klishi-su-Buadagi Turel ko‘chasida joylashgan shaxsiy yemakxonasida qahva bilan mehmon qildi. Bu yer shaharning deyarli markazi ekani ko‘rinib turibdi. Hech bo‘lmasa, shu yerda barcha turdagi do‘konlar, turli xil sabzavot rastalari, zarchava rangiga bo‘yalgan “Choyxona” va pushti rangli “Marokash shirinliklari” bir joyga yig‘ilgan. Hilpirab, bir-birining ustiga mingashib ketgan peshlavhalarning alg‘ov-dalg‘ov manzarasi Ximki vokzali yaqinidagi maydonni eslatadi.
Turk do‘stimiz — shu yerlik yoshi ulug‘ kishilardan biri. Bu yerda 1980-yillardan beri yashab kelmoqda va ko‘chib ketish niyati yo‘q. Lekin mahalliy yoshlarni astoydil koyiydi. “Kvartallik yigitlarning dunyosi bo‘lak. Ular o‘zining erkakligini ko‘rsatib qo‘ygisi keladi, shu sabab hech narsadan toymaydi, maktabni tashlaydi, giyohvand moddalar sotadi”, — deya tushuntiradi u. Yoshi 25 ga yetmagan o‘g‘li bizni qiziquvchanlik bilan kuzatadi. “Qizlar esa uyda o‘tiradi, chunki oilasi va akalari ularni nazorat qiladi. Agar qiz yigiti bilan uchrashmoqchi yoki shunchaki sayr qilib kelmoqchi bo‘lsa, ko‘rib qolmasliklari uchun, albatta, boshqa mavze yoki tumanga boradi”.
“Umuman olganda Yevropa ham, yevropaliklar ham ojiz, — deya xulosa qiladi u kutilmaganda. — Ular o‘z ildizi va dinini unutgan. Fransuzlar katolik-ku, axir, bilasizmi? Muhojirlar o‘zligini unutmagan, shu sababli ular Yevropani zabt etadi. To‘g‘ri, Fransiyaning o‘zi aybdor: ularing o‘zi muhojirlarni sitelarga haydagan. Mana, natijasi nima bo‘ldi”.
U boshqalar kabi shahardagi muammolar yirik mavzelar tufayli kelib chiqqaniga ishonadi: aynan shu beton hilvatgohlarda qashshoqlikning turli xil ko‘rinishlari jam bo‘lgan, yoshlar ommadan ajrab, o‘z qonun-qoidalariga ko‘ra yashaydi. “Ha-a-a-a, 20 yil oldin bu yerda odamlar ko‘chaga chiqishga qo‘rqardi, — o‘ychanlik bilan deydi turk. — Endi bu yer xavfsiz: osmono‘par binolarning hammasi buzib tashlandi”. U bizni Shen-Puantyudagi gettoni izlab topishga yuboradi, u bu yerdan 7 daqiqalik yo‘l naridagi mavze ekan.
Shen-Puantyu. Yomon mavzedan chiqqan yaxshi qizlar
Biz mavzelar ichkarisiga kirib boramiz. Keng, yashil maydonni va yana bir nechta ko‘zga tashlanmas hududlarni kesib o‘tamiz. Pochta qutilariga ko‘z tashlaymiz: Hose va Havyer, familiyasi “o‘g‘li” bilan tugovchi turklar, arablar va afrikaliklar, ularni, fransuz terma jamoasidagi o‘yinchilardek, ismlaridan bilib olamiz — Njombe, Kunada, Buragba Afrauixafid.Darhaqiqat, bu familiyalar orasida yevropaliklar kam, lekin uylar shinam ko‘rinadi, atrofi tinch va yam-yashil. May quyoshi shu qadar o‘jarlik bilan nur sochadiki, qashshoqlik va tanazzul izlarini izlashning deyarli imkoni yo‘q. Biz aldanganimizni his qilamiz: to‘dalar ham, vayronagarchilik ham yo‘q.
Shen-Puantyuga — Fransiyaning barcha yomon tumanlari orasida birinchilikni oluvchi mavzega yetib borganimizda ahvol o‘zgaradi. Mamlakatdagi eng qaltis hududning tom ma’nodagi eng xavfli tumani. Ehtimol, Parijning haqiqatan ham gettoga o‘xshaydigan yagona hududi.
“Fransiyani ko‘mib tashlaymiz” — podyezdning titilib ketgan devoriga ochiqchasiga yozib qo‘yilgan. “Hukumat — qotil” — deb yozilgan sal narirog‘iga. Yo‘lda tashlandiq yoki yoqib yuborilgan mashinalarga — 2005-yilda sodir bo‘lgan ko‘cha tartibsizliklaridan qolgan izlarga duch kelasiz.
Bu yerda jami o‘ntacha turar joy bor: sigaret-jigarrang tusdagi baland imoratlar va bir nechta besh qavatli bino. Baland imoratlar buzilish arafasida ekanligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Ular butunlay o‘pirilib ketgan. Binolarning ko‘pi, tashqi qoplamasi yo‘lovchilarning boshiga tushib ketmasligi uchun to‘r bilan o‘rab qo‘yilgan. Uylar yonida — to‘lib ketgan axlat qutilari va ovqat qoldiqlari ustida g‘uch-g‘uch qaynayotgan yovvoyi kaptarlar uchraydi. Binoga kirish uchun kaptarlar orasidan o‘tishga to‘g‘ri keladi.
Ular bizni oq matoga tushgan dog‘day, darrov payqaydi, lekin buni bildirishni istamaydi. Bolalarini yetaklab olgan yosh arab ayoli qo‘lini siltab, shoshgancha do‘kon tomon ketadi. Triko kiygan, novcha yigit to og‘iz juftlagunimizcha yonimizdan o‘tadi-ketadi. Ular turli muxbirlar va sotsiologlardan charchagan ko‘rinadi.
“O, bu yerda yigitlarning o‘zi politsiyani bezor qiladi, — deb kuladi besh qorako‘z qiz. Yuz-ko‘zidan hindistonlik yoki unga qo‘shni birorta mamlakatdan kelgan. — Avval politsiya ularni quvadi, keyin ular politsiyani!”. Qizlarni kattalar bilan gaplashishdan umidimizni uzib bo‘lgan vaqtda mahalliy savdo markazlaridan birida topdik. Savdo markazi mavzening o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Rossiyaning chekka hududlaridagi eski do‘konlarga o‘xshaydi: beton, arzon kiyim do‘konlari, fastfud — pitsa, turk taomlari, qandaydir mahalliy piroglar hidi anqiydi.
Bir qizdan tashqari boshqa hammasi shu yerda tug‘ilib o‘sgan. Ularning ota-onasi Pokiston, Bangladesh va Shri-Lankadan kelgan. Ular fransuz tilida gaplashadi, fransuz qizlariday kiyinadi va hech ikkilanishsiz shunday deydi: “Biz, albatta, o‘zimizni fransuz deb bilamiz, boshqa kim bo‘lishimiz mumkin? Biz faqat fransuz tilida gapiramiz”.
Ularga Notr-Dam yonib ketgani haqidagi tekshiruvchi savolni beramiz — bu bizning fransuzcha dunyoqarashni aniqlab beradigan yana bir tezkor sinovimiz, o‘zimiz o‘ylab topgan sotsiologik tajriba. Qizlar xo‘rsinadi: “O, u yonganda juda xafa bo‘ldik, mamlakatimiz ramzi, axir! Bir o‘qituvchimiz hatto yig‘lab yubordi”.
“La’nat senga, Fransiya!” va shaytanat she’riyati
“Ha bu yer xavfsiz”, – deya bizni ishontiradi qizlar. To‘g‘ri, ular tunda yolg‘iz yurmaydi va umuman olganda, bu yerda ular duch kelmasligi kerak bo‘lgan yomon odamlar bor: ular giyohvand moddalar sotib yurganday ko‘rinadi, lekin qizlarga hujum qilib, o‘g‘irlab ketishi mumkin.Biz ular kim haqida gapirayotganini bilamiz: savdo markazining tashqarisida o‘nlab daroz afrikaliklar turibdi. Ba’zan bu yigitlar bir-biriga yaqinlashib, bir-ikki og‘iz gapirganday ko‘rinsa-da, asosan, bekorchilarday turadi. Bekorchi erkaklar ko‘pligini mavzelardagi ko‘zga tashlanuvchi eng asosiy belgi deyishimiz mumkin.
“Yonlariga boramizmi?”, — hamkasbimdan qo‘rqibgina so‘rayman. — “Yo‘q, bunday qilmaganimiz durust”.
Goh u yer, goh bu yerdagi uylarning nurab ketgan podyezdlarida ham xuddi shu manzaraga guvoh bo‘lish mumkin. Mavzening dahshatga soluvchi obro‘siga, shubhasiz, aynan shu yigitlar mas’ul, lekin ular kunduzi orom oladi. 2005-yildan beri ko‘p narsa o‘zgargan, biroq tashqaridan qaraganda ularda o‘sha vaqtdagi ichki ishlar vaziri Nikolay Sarkozi aytgan “Fransiya uchun eng katta tahdid”ni ko‘rish qiyin. Bir hafta o‘tgach bu yerga yolg‘iz kelib, ular bilan suhbatlashdim.
Biz bahaybat qutisimon uyning kiraverishida turibmiz. 20 yoshlardagi ikki afrikalik, birining qulog‘iga sigaret qistirilgan. Oriqdan kelgan, jinsi va olimpiyka kiygan, ular bolaligimda ko‘rgan ko‘cha yigitlarining hammasini yodimga soladi. Undaylar kechqurunlari bog‘chamizga kirib, yozgi ayvonlarda o‘tirib, tongda bir dunyo sigaret qoldiqlari va shishalarni tashlab ketardi. Biz bolalar ularning jinoyatchilar ekaniga ishonardik.
“Ha, biz shu yerda o‘sganmiz. Yo‘q, hech qayerga ko‘chib ketish niyatimiz yo‘q. Siz qoralarga qanday munosabatdasiz?” — “Yaxshi munosabatdaman”, — deyman men. — “Ha, — deydi ular ancha beparvolik bilan, — bu ishingiz yaxshi. Qoralar ham boshqalar kabi odam”.
Ularning terisi juda ham to‘q rangda, barmoqlari esa uzun va kaftining ichi sutday oppoq. Ular menga — yaxshi qizlar dunyosidan kelgan yaxshi qizga o‘z tasavvurlaridagi olamdan joy hozirlamoqchi bo‘layotganday xira nigohlarini hayrat bilan tikadi. Biroq men nega ularga yopishib olganimni tushunolmaydi.
Ularga Rossiyadanligimni aytganimda, ko‘ngildagi ikkilanishni tarqatib yuborganday: ruslar ham ular uchun xuddi o‘zlaridek yevropaliklarga kun bermaydigan bezorilardek ko‘rinadi. “Ha, biz Rossiyani sevamiz. Putin kuchli yetakchi”. Lekin ularning yuzida anglamaslik ifodasi qotib qolgan va ular menga e’tibor bermaslikka qaror qiladi, sigaret tutatib, o‘zinikilar haqida gapirishga tushadi.
Men podyezdga kiraman. Ko‘chada havo iliq, endi bu yerdan qandaydir yoqimli hid kelyapti. Ichkari ancha iflos, pochta qutilari qarshisida esa semiz uchuvchi hasharotlar muallaq osilib turibdi. Uyga qaytib, cho‘milgim keladi.
Devorlarda — turli xil behayo suratlar va isyonkorlik ruhidagi bolalarcha mizoginiya (ayollarga nisbatan nafratni anglatuvchi) yozuvlar: “Fransiyani ko‘mib tashlang!”, “La’nat senga, Fransiya!”, “Do‘sting och turganda xotiningga ovqat berma”.
Biz yo turk, yo mag‘riblik, 40 yoshlardagi, yuzlari so‘lg‘in bir odamga yo‘liqamiz. U menga o‘g‘rincha ko‘z tashlab qo‘yadi, lekin, umuman olganda, uning ham men bilan ishi yo‘q. Ma’lum bo‘lishicha, yozuvlar — uning ijodi, o‘zi esa kvartal shoiri ekan. U iljayadi: “Tarjima qilib beraymi?” — “Bu yerda qo‘pol nimadir bormi?” — “Shunaqa desa ham bo‘ladi”. “Unda, kerakmas”.
Getto makon emas, balki xayolot
Tumanlarni kezib, u yerlik aholi bilan muloqot qilarkanman, miyamda nima uchun bunday degan savol tug‘iladi. Nima uchun gettolik ba’zi bolalarning orzulari osmon, boshqalari esa podyezdlarda uymalashib, politsiya bilan quvlashmachoq o‘ynashdan bo‘shamaydi?2008-yili tadqiqotchi Dide Lapeyronni Fransiyaning qoloq mavzelaridan birida olti oy yashab, getto joy emas, balki ijtimoiy tuzilma, mavze ahlining o‘zaro hamda tashqi olam bilan munosabatini belgilaydigan maxsus ijtimoiy tartib degan xulosaga keldi. Boshqacha aytganda, gettoda yashab turib ham, u yerda yashamaslik mumkin. Biz bilan suhbatlashgan janubiy osiyolik xushxulq qizlar gettoda yashamaydi. Qizlar u yerda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa ham, hayotiy dunyosi boshqa tekislikda, ular shifokor yoki o‘t o‘chiruvchi bo‘lishni orzu qiladi, dunyo ko‘rishni istaydi, kamsitilishni sezmaydi.
“Xo‘jayin bo‘lishni” va “bibi” qilishni va’da qilgan shumtakalar, tarafma-taraf bo‘lib jang qiladigan o‘smirlar, qizlarini ko‘chaga chiqarmaydigan, mutaassib dindorlar gettoning qoq markazida yashab, uni o‘zlari yaratadi.
Sababi nimada? Biz uyini ijaraga olgan Adolfoning aytishicha, getto aholisi o‘z qobig‘iga o‘ralib olgan. Nasroniy turklar hammasiga shu beton qutilar va fundamentalistlar aybdor ekanini aytadi. Bezori yigitchalar zo‘r berib ishontirmoqchi bo‘ladi: “Чonim, biz giyohvand modda sotmoqchimiz, chunki bu zo‘r ish!”
“Ha, — deydi shahar ma’muriyatida ishlovchi Kristin ismli chaqqongina fransuz ayol vazminlik bilan, — Bu yerdagi bolalar haqiqatanam 8 yoshidan pul topa boshlaydi. Hammasi yoppasiga emas, lekin bu bor gap. Men 8 yashar bolalarning kissasida 800 yevro pul bilan yurganini ko‘rganman”.
Biz uning meriyadagi xonasida o‘tiribmiz. Bu XIX asrda o‘ta fransuzcha uslubda qurilgan bino, derazalarida gul idishlari, hovlida kichkina, lekin yam-yashil bog‘i bor, bog‘da esa temirdan yasalgan ikkita chiroq. Ko‘p yillardan beri shahar siyosati bilan shug‘ullanib kelgan Kristin bizga fransuz mavzelaridan kelgan bezorilar uchun odatiy bo‘lgan “Karyera yo‘li” to‘g‘risida so‘zlab beradi.
“Qarang, bu xonimning ikkita ish joyi va besh bolasi bor. Hech nima sotib olishga puli yo‘q, eri esa ketib qolgan yoki bir necha xotini bor. Shu sabab, u kechayu-kunduz ishlashiga to‘g‘ri keladi. Men shunday onalarni bilaman: ikkita joyda ishlaydi, transport bo‘lmagani uchun ertalab soat 5:00 da ketadi, soat 16:00 da qaytib, bolalarni maktabdan oladi va kechki soat 20:00 da yana ishga jo‘naydi va soat tungi 3:00 gacha ishlaydi, — Kristin biroz tin oladi. — Yolg‘iz onalar juda-juda ko‘p. Bolalar qanday fikrlaydi? ‘Oyim ishda, men aylanib kelaman, yoshim esa atigi 3 da yoki 8 da. Boshqa bolalarga qo‘shilaman, ular ham bir o‘zi, keyin biz shu yoshdayoq pul topa boshlaymiz, chunki kattalar bizga pishiq bo‘l deb aytgan’. Shunday qilib, ular bu o‘raga tushib qoladi”.
Ota-onalari tirikchilik g‘amida ishdan ishga chopib yurgan vaqtda bolalarni ko‘cha tarbiyalaydi. Ko‘cha esa 1990-yillar maktabni bitirganlar, 2005-yilda mashinalarni yoqqanlar, giyohvand modda sotadiganlar yo fransuz jamiyati muhojirlardan nafratlanishiga ishonadiganlar bilan to‘la. Keyin bu bolalar ulg‘ayib, jinoyatchilikdan boshqa hech qanday istiqbolni ko‘rolmaydi.
Bularning barchasiga migratsiya muammolari qo‘shiladi. Ota-onalarning aksariyati fransuz tilini bilmagani uchun bolalarining maktabdagi o‘zlashtirishini nazorat qila olmaydi, buning natijasida ko‘pgina bola shahodatnomasiz qoladi. Bundan tashqari, mentalitet ham bor: agar otasi bo‘lmasa, yigitchani ko‘chadan olib kirish ancha qiyin kechadi.
Buning ustiga — tarnsport izolyatsiyasi. “Hammasini tushunaman, — deydi Kristin. — Yoshing 18 da, ish bilan ta’minlash markaziga rezyume topshirish uchungina ikki soat yo‘l yurishing kerak, do‘sting esa bu vaqtda og‘ufurushlik qilib, bamaylixotir pul topadi. Albatta, bunga chidash qiyin. Lekin hammayam giyohvand modda sotavermaydi, aqlini bir joyga yig‘ib, hayotini izga tushirganlar bor”.
Ochiqchasiga so‘rayman: “Yoshlar faqat giyohvand moddalar sotib, yordam puli evaziga yashayotgani rostmi?” – “Yoshlarning muammosi chigalroq. Ular yillar davomida qoraligi, arabligi, Le Boske mavzesida tug‘ilgani uchun kamsitilgan, tahqirlangan. Ha, Fransiyada hali ham shunday narsa bor! — deydi Kristin vatandoshlari xuddi uni ham ranjitgandek jig‘ibiyroni chiqib.
Uning qiyofasi birdan horg‘in tus oladi: “Bu tahqirlashni ko‘rib, hayron qolasan. Albatta, rezyumengda Muhammadning surati bo‘lsa, bu ish beruvchilarga yoqmaydi. Yigitlar menga yozg‘iradi: ‘Ha, harakat qilyapmiz, hamma yerga rezyume yuboryapmiz, lekin bizni hech qayerda ishga olishmaydi’”.
Izoh (0)