O‘zbekistonda barcha transport turlarini uzviy bog‘lagan holda yagona transport tizimi rivojlantiriladi. Bu haqda O‘zbekistonning 2022—2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida ma’lumot berilgan.
Qayd etilishicha, yirik shaharlar o‘rtasida kunlik transport qatnovlari bo‘yicha uzog‘i bilan 6-7 soatda manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, havo transportini rivojlantirish orqali shaharlararo qatnovlarda aholi mobilligi oshiriladi. Bunda:
- mahalliy tashuvlarda xususiy va loukoster aviakompaniyalar ulushi bosqichma-bosqich 25 foizgacha oshiriladi;
- mahalliy aviaqatnovlar sonini haftasiga 48 tadan 80 taga hamda tutashuvchi qatnovlar soni 4 tadan 8 taga yetkaziladi.
Hududlardagi 11 ta xalqaro aeroportlarning o‘tkazish qobiliyati 2 barobarga oshiriladi. Aeroportlarda 11 ta yangi yuk terminalini qurish orqali yuklarga xizmat ko‘rsatish hajmi 3 barobarga ko‘paytiriladi. Navoiy aeroporti hamda xalqaro intermodal logistika markazi boshqaruviga yirik xorijiy yuk operatori jalb qilinadi.