Humo Air aviakompaniyasi Farg‘onadan So‘xga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi, deb xabar bermoqda So‘x tumani hokimligi matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, 12-dekabr kuni mazkur aviakompaniyaga qarashli An-2P yo‘lovchi tashish yengil samolyoti Farg‘ona xalqaro aeroportidan So‘x aerodromiga birinchi qatnovini amalga oshirdi.
Mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da Farg‘ona xalqaro aeroportidan havoga ko‘tarilgan samolyot soat 14:38 da So‘xdagi aerodromga kelib qo‘ngan. Samolyot aholi va keng jamoatchilik vakillari tomonidan katta tantana bilan kutib olingan.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning “2020–2021-yillarda Farg‘ona viloyatining So‘x tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida So‘x tumanida samolyot va vertolyotlar uchun uchish-qo‘nish maydonchalari tashkil etilishi belgilangan edi. Parvozlar uchun An yengil samolyotlari va Mi-8 vertolyotlaridan foydalanish rejalashtirilgandi.
Noyabr oyida So‘xdagi yangi aerodromda ilk sinov parvozi amalga oshirilgandi.