Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aziz Kalimbetov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda kuzatilgan chang bo‘ronlari haqida gapirib o‘tdi.

“O‘zbekistonda 150 yil davomida birinchi marta kuzatilgan chang, qumli bo‘ronni dastavval ko‘pchilik qurilish maydonlari sababli deb taxmin qildi. Bunga qurilish maydonlari sabab emas. Bu cho‘ldagi qumlarning shamol orqali kirib kelishi hisoblanadi. Bunday chang bo‘roni bo‘lishi uchun Toshkent shahrining barcha joylari qurilish maydoniga aylanib ketgan bo‘lishi kerak edi”, – deydi Aziz Kalimbetov.

Shuningdek, uning qayd etishicha, dov-daraxtlar O‘zbekiston bo‘yicha 8 foizni tashkil etadi. Jahon standartiga ko‘ra esa ko‘kalamzorlashtirilgan maydonlar 30 foiz darajada bo‘lishi lozim.

“2021/2023-yillarda chang va gaz so‘ruvchi uskunalarni yangilash bo‘yicha dastur ishlab chiqilgan va ishlar boshlangan. Hozirda 6,5 mingga yaqin chang va gaz so‘ruvchi uskunalarining 60 foizdan ortig‘i yaroqsiz, so‘nggi 10 yilda modernizatsiya qilinmagan”, – deydi boshqarma boshlig‘i.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga 4-noyabr kuni Ural tomondan sovuq havo oqimi, u bilan birga kuchli shamol kirib kelishi oqibatida (shamol tezligi Toshkentda soniyasiga 15 metrgacha, Buxoro, Navoiy, Jizzax viloyatlarida esa 25 metrgacha kuchaygan) mamlakatning bir qator hududlarida, xususan, Toshkent shahrida chang-qum bo‘ronlari kuzatildi. “O‘zgidromet” ma’lumotlariga ko‘ra, shu kuni soat 21:00-23:00 oralig‘ida Toshkent havosidagi chang ruxsat etilgan miqdordan 30 barobargacha oshib ketdi va havosining ifloslanishi darajasi bo‘yicha O‘zbekiston poytaxti dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. Chang 8-noyabrga kelibgina chekindi, ungacha poytaxt aholisi salkam to‘rt kutilmagan noqulaylik girdobida qoldi (masalan, Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 5-noyabrdan 6-noyabr soat 6:00 ga qadar tez yordamga bo‘lgan 4110 ta chaqiriqdan 709 tasida fuqarolar nafas olish bilan bog‘liq muammolardan shikoyat qilgan).