Toshkent viloyatida 16-fevral voqealari bo‘yicha sudlangan 5 nafar shaxs oqlangani xabar qilingandi. Oliy sudning ma’lum qilishicha, ular ustidan o‘tkazilgan sud qaytadan ko‘riladi.
11-noyabr kuni O‘zbekiston Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisida ularga oid jinoyat ishi Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan keltirilgan protest asosida ko‘rib chiqildi.
Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Zangiota tuman sudining 1999-yil 30-iyundagi hukmiga ko‘ra Yo.Kamalov (1968-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘ishtko‘prik” bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan), M.Xodjayev (1973-yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘ishtko‘prik” bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan), I.Yunusov (1970-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘ishtko‘prik” bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan), B.Begmatov (1974-yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘ishtko‘prik” bojxona maskanida bosh nozir bo‘lib ishlagan) va I.Buriyev (1973-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, ilgari Toshkent viloyati bojxona xizmati “G‘ishtko‘prik” bojxona maskanida nozir bo‘lib ishlagan)ga Jinoyat kodeksining 208-moddasi bilan 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, ular 1999-yil 30-apreldagi amnistiya aktiga asosan jazodan ozod qilingan.
Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining 2021-yil 24-iyuldagi ajrimi bilan sudlanuvchilarning harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud bo‘lmagani sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-bandiga asosan reabilitatsiya qilinib, jinoyat ishining ularga oid qismi harakatdan tugatilgan.
Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan keltirilgan protestda Yo.Kamalov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021-yil 24-iyuldagi ajrimini bekor qilib, jinoyat ishini yangidan shu instansiya sudida ko‘rish uchun yuborish masalasi qo‘yilgan.
Sudlov hay’ati ushbu jinoyat ishidagi hujjatlarni tahlil qilib, quyidagi asoslarga ko‘ra apellyatsiya instansiyasi sudining ajrimini bekor qilishni va ishni yangidan ko‘rish uchun shu instansiya sudiga yuborishni, protestni qisman qanoatlantirishni lozim topdi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 348-1-moddasi (yo‘qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash)da yo‘qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash prokurorning qaroriga ko‘ra, jinoyat ishi yoxud uning materiallari sudda yo‘qolgan taqdirda esa ijro etish uchun prokurorga yuboriladigan sud ajrimiga ko‘ra yo‘qolgan jinoyat ishini yoki uning materiallarini tiklash jinoyat ishi hujjatlarining ushbu kodeksda belgilangan tartibda dalillar deb topilishi mumkin bo‘lgan saqlab qolingan ko‘chirma nusxalari bo‘yicha va protsessual harakatlarni bajarish orqali amalga oshirilishi nazarda tutilgan.
Bunday holatda Yo.Kamalov va boshqalarga nisbatan bo‘lgan jinoyat ishini Toshkent viloyat sudida ko‘rib chiqqanlik holatini qonuniy va asosli deb bo‘lmaydi.
Shu sababli kassatsiya instansiyasi sudi Yo.Kamalov va boshqalarga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021-yil 24-iyuldagi ajrimini bekor qilib, ishni qaytadan shu instansiya sudida ko‘rish uchun yuborishni lozim deb hisobladi.
Ishni yangitdan apellyatsiya instansiyasida ko‘rishda qayd etilgan holatlarni sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqib, qonun talablaridan kelib chiqqan holda qonuniy va asosli qaror qabul qilinishi lozim bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2021-yil 11-noyabrdagi ajrimi bilan Yo.Kamalov, M.Xodjayev, I.Yunusov, B.Begmatov va I.Buriyevga nisbatan chiqarilgan Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2021-yil 24-iyuldagi ajrimi bekor qilinib, ish qaytadan shu instansiya sudida ko‘rib chiqish uchun yuborilishi belgilandi. Toshkent viloyati prokuraturasining protesti qisman qanoatlantirildi.