Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammitida ishtirok etish uchun 11-noyabr kuni Turkiyaning Istanbul shahriga jo‘nab ketdi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, sammitda Kengash doirasidagi ko‘p tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, savdo, investitsiya, “yashil” iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Muloqot yakunida ko‘p tomonlama hamkorlik samaradorligini oshirishga qaratilgan hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari, shuningdek, tashrif doirasida qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.
Ma’lumot uchun, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi (Turkiy kengash) 2009-yil 3-oktabrda Ozarbayjonning Naxichevan shahrida tuzilgan bo‘lib, dastlab unga Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo edi. Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 3-sentabr kuni Qirg‘izistonning Cho‘lponota shahrida bo‘lib o‘tgan sammitda faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan. 2019-yilning oktabrida esa O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etgandi.
2021-yilning 31-martida Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining norasmiy sammitida ishtirok etib, o‘z nutqida mustahkam tarixiy rishtalar, mushtarak til, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida shakllangan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylanib borayotganini alohida ta’kidlagandi.