Insonga atrofidagi muhit ertami-kechmi baribir ta’sirini o‘tkazadi. Odamlarning ko‘pchiligi oqim bilan birga suzishni ma’qul ko‘radi. Ular umumiy qabul qilingan qonun va normalarga amal qiladi. Sanoqli insonlar o‘z hayotini o‘zgartira oladi. Inson yangi shaxsga aylanishi uchun doimiy odatlarini va muloqot doirasini o‘zgartirishi kifoya. Baltimorlik bolakay atrofdagilar munosabatining mahsuli edi. Uning odatiy hayoti qamoq yoki qabr bilan tugashi mumkin edi. Ammo u o‘zining qadriyatlarini qaytadan ko‘rib chiqishga kuch topdi. U umuman boshqa: tavakkal va xavf-xatarga to‘la yo‘lni tanladi. Lekin aynan o‘sha yo‘lda unga muvaffaqiyatga erishish uchun imkoniyat paydo bo‘ldi. Bu og‘ir vazn toifasi afsonalaridan biri Hasim Rahmon haqida hikoya.

Foto: “Boksanalitika”

Bolalik

Hasim Rahmon 1972-yil 7-noyabrda Baltimorda (AQSh, Merilend shtati) tavallud topgan. Jon Keyson, bo‘lajak chempionning otasi, farzandining tarbiyasida ishtirok etmagan. Hasimning onasi Joys Abdul Rahmonga turmushga chiqadi. Hasim o‘gay otasining familiyasiga o‘tadi. U Joys va Rahmonning olti farzandidan ikkinchisi edi.

Joys va Abdul oziq-ovqat uchun, ijara pulini to‘lash uchun bir nechta smenada ishlashiga to‘g‘ri kelardi. Hasim o‘z holicha qoldirilgan. U Baltimor ko‘chalarida tarbiya topdi. 12 yoshidan boshlab turli ko‘cha bezoriliklariga aralashib yurardi.

16 yoshli Rahmonning vazni 230 funtgacha yetardi (104 kilogramm). Yigitcha tengdoshlaridan ancha kattaroq ko‘rinardi. U jismonan baquvvatligi va zarbalarining qattiqligi bilan ajralib turardi. Hasim maktabga bormay qo‘yadi. U jismonan baquvvatligi tufayli pul topishga harakat qilardi. Rahmon baltimorlik nufuzli shaxslarning qo‘riqchisi bo‘lib ishlagan.

Jinoiy guruhlar bilan aloqalari esa bekor ketmadi. U politsiya mahkamasiga muntazam ravishda tashrif buyuradigan bo‘ldi. Rahmonga giyohvand moddalar savdosi, qurol saqlash va soliqdan bo‘yin tovlash kabi ayblar qo‘yildi.

Men noto‘g‘ri insonlar bilan munosabatda bo‘ldim. Bu juda zararli edi. Bu davrada bo‘lishni ajoyib ish deb o‘ylaganman. Barzangi yigitlar ichida bo‘lishga intilganman. Bolalikdagi mantig‘im shunday edi.

Hasim Rahmon

Jismoniy formasini rivojlantirish uchun Rahmon trenajyor zaliga qatnay boshladi. Uning genetikasi mushaklar massasini o‘sishiga zamin yaratardi. U 18 yoshida 300 funt (136 kilogramm) vazn yig‘di. Shu bilan birga unda teri osti yog‘lari foizi juda kam miqdorda edi. Aqlbovar qilmas hajmga ega tana uni jinoyat olamida tez tanitdi, shuningdek, unga juda ko‘p muammo tug‘dirdi. Qo‘riqchilik faoliyati davomida Rahmon 5 marta o‘qdan jarohatlangan.

XX asrning 80-yillarida Hasim avtohalokatga uchraydi. Rahmon o‘tirgan mashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotadi va yo‘l chetiga chiqib ketadi. Haydovchi voqea joyida vafot etadi. Hasimning boshi esa yoqilg‘i bakining metall qismiga yopishib qoladi. Qutqaruvchilar Rahmonni pachaqlangan mashinadan olib chiqish uchun kesuvchi asbobdan foydalanishga majbur bo‘ldi. Natijada avtohalokat tufayli uning yuzida chandiq qolib ketdi.

Foto: “Boksanalitika”

Hasimning hayot tarzi uni qamoqqa yoki qabrga olib borishi mumkin edi. 90-yillar boshida Rahmon Kristalga uylanadi. Endi u nafaqat o‘zining, balki rafiqasining ham kelajagi uchun javobgar edi. Juftlik o‘g‘il farzandli bo‘ldi.

Bo‘lajak chempion pul topish uchun ish izlay boshladi. Hech qayerda ta’lim olmagan edi. Rahmonning bitta ustun jihati uning jismoniy kuchi edi. Ko‘cha urushlarida qatnashish uning keyingi hayoti keskin o‘zgarishiga sabab bo‘ldi.

1992-yilda Luis Batler, politsiyachi va sobiq professional bokschi, Hasim ishtirokidagi shiddatli to‘qnashuvga guvoh bo‘lgan. 20 yoshli yigit bitta zarba bilan raqibini nokautga uchratgandi. Batler yigitchani boks bo‘yicha murabbiy Mak Lyuis yoniga yuboradi. Shunday qilib og‘ir xarakterli o‘smirning hayotida uni g‘amxo‘r, oilaparvar insonga aylantirgan yangi bosqich boshlandi.

Foto: “Boksanalitika”

Havaskor faoliyat va jang uslubi

Ko‘cha jangi boksdan farq qiladi. Birinchi mashg‘ulotida Rahmon havaskor bokschi Mayk Uitfild bilan ringga chiqdi. Bir necha mashg‘ulotlardan so‘ng u professional bokschilar bilan ham bemalol sparringga chiqa oladigan sportchiga aylandi.

Sportzaldagi birinchi kechasida u kaltaklandi. Klubdan chiqayotganda uzun zinapoyadan tushishimiz kerak edi. Men uni yelkamda ko‘tarib olganman. Uni mashinagacha olib borishim lozim edi. Rahmon kaltaklangan bo‘lsa-da, davom etishni istardi.

Halil Ali, Hasim Rahmonning amakisi

Havaskor ringda Rahmon 10 ta jang o‘tkazdi. Unda moslashish uchun uzoq vaqt yo‘q edi. Keyinchalik professional boksga o‘tishi uchun unga sparring tajribasi juda zarur edi.

1994-yilda Hasim milliy chempionatda ishtirok etdi. Birinchi davradayoq u Markus Jonsonga mag‘lub bo‘ldi.

Hasim Kevin Runi va Yanks Morton qo‘l ostida tayyorgarlik ko‘rdi. 1994-yilda 22 yoshli Rahmon professional boksda debyutini o‘tkazdi. Boksdagi dastlabki yillarida u qo‘riqchilik faoliyatini ham davom ettirdi.

Rahmon 90% hollarda chap qo‘lda zarba berardi. Hasimning “tashrif qog‘ozi” esa turli burchaklardan o‘ng qo‘lda yo‘llangan zarba edi. U o‘z uslubini haqiqiy janglarda takomillashtirdi.

Foto: “Boksanalitika”

Professional faoliyatning boshlanishi

“Qoya” (Hasimning laqabi) professional faoliyatining dastlabki to‘rt yilida 29 ta jangda ishtirok etdi va barchasida g‘alaba qozondi. Uning Ross Pyuritti, Trevor Berbik va Jessi Fergyuson bilan bo‘lib o‘tgan janglari alohida ajralib turadi. Rahmon havaskor tajribasi yetishmasligini tezroq yopish maqsadida yiliga 7-8 ta jang o‘tkazishiga to‘g‘ri kelardi.

Yuqori darajadagi raqiblari ustidan qozonilgan g‘alabalar tufayli Rahmon IBF reytingida ikkinchi raqamli bokschiga aylandi. 1998-yil 19-dekabrda IBF vaqtinchalik chempionlik kamari uchun jang qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Devid Tua bilan jangning 9-raundidan so‘ng ochkolar bo‘yicha oldinda edi, 10-raundda “Terminator” (Tuaning laqabi) ketma-ket zarbalar bera boshladi. Hakam jangni to‘xtatdi. Rahmon professional faoliyatidagi dastlabki mag‘lubiyatini qabul qilib oldi.

Tuaga qarshi jangdagi omadsizlik Hasimning reytingda pastlashiga olib keldi. Mag‘lubiyatdan so‘ng Hasim ketma-ket ikkita g‘alabaga erishdi. 1999-yil 6-noyabrda Oleg Maskayev bilan ringga chiqdi. Agar g‘alaba qozonsa, Lennoks Lyuis va Evander Holifild o‘rtasidagi revansh jangidan so‘ng aniq bo‘ladigan mutlaq Jahon Chempioni bilan ringga ko‘tarilish imkoniga ega bo‘lardi.

Rahmon tezkor g‘alabaga yaqin kelgandi. Ochkolar hisobida ham oldinda edi, ammo yana raqibning keskin zarbasi mag‘lubiyatga sabab bo‘ldi. 8-raundda Olegning to‘g‘ridan bergan zarbasidan so‘ng Hasim hushsiz holda ringdan pastga tushib ketadi. Maskayevning g‘alabasi “Atlantik Siti” zalida tartibsizlik keltirib chiqardi.

Rahmon Maskayev bilan jangdan so‘ng uch marta g‘alaba qozondi. Korri Sandersga qarshi jang alohida ahamiyat kasb etdi. Hasim bo‘lajak Jahon Chempionini 7-raunddagi nokaut orqali mag‘lubiyatga uchratdi.

Og‘ir vazn toifasi yetakchiligi uchun Lennoks Lyuisga qarshi jang va navbatdagi omadsizlik

Rahmon WBC va IBF yo‘nalishlari bo‘yicha Jahon chempioni Lennoks Lyuis jamoasi tomonidan Mayk Tayson bilan jangga tayyorgarlik ko‘rish uchun tanlangan edi. Hasim Rahmon bu jangda autsayder hisoblanardi. 2001-yil 22-aprelda Hasim va Lennoks jang qildi. Chempion raqibiga yetarlicha baho bermagandi. Lyuis jang o‘tkazilayotgan JAR mamlakati iqlimiga moslasha olmadi. U jangga yomon tayyorgarlik ko‘rgan holda chiqdi. Raqib esa Afrika iqlimiga moslashganiga ikki oy bo‘lgandi. U jangga tayyor edi. 5-raundda Rahmon kuchli zarba berishga muvaffaq bo‘ldi. Lyuis kulib qo‘ydi. Yana bir takroriy hujumdan so‘ng chempion nokautga uchradi. Hasim Lennoks Lyuisni nokautga uchratdi va jangga nuqta qo‘ydi.

Foto: “Boksanalitika”

Hasim og‘ir vazn yo‘nalishi tarixida eng mashhur “apset”lardan biriga muallif bo‘ldi va WBC, IBF kamarlariga ega chiqdi. Shartnomada Lennoks Lyuis mag‘lubiyatga uchraydigan bo‘lsa revansh jangi o‘tkazilishi yozilgan edi. 2001-yil 17-noyabrda Lennoks va Hasim o‘rtasida revansh jangi bo‘lib o‘tdi. Birinchi jangdagi muvaffaqiyatdan so‘ng Rahmon Don King bilan shartnoma imzolagandi. Ikkinchi jang Las-Vegasda bo‘lib o‘tdi. Bu safar ham Lyuis favorit sifatida ko‘rilayotgandi. Yangi chempion David Ayzonga qarshi jang qilib, kamarlarni himoya qilishni maqsad qilgandi, ammo Lennoks jamoasi Hasimni shov-shuvli revanshga rozi bo‘lishga majburladi. Lennoks bu safar puxta tayyorgarlik ko‘rgandi va 4-raundda Hasimni nokautga uchratdi. Sobiq chempion kamarlarni qaytarib oldi.

Kamarlarni qo‘ldan boy berganidan so‘ng Hasim WBA yo‘nalishida jang qilishga ruxsat oldi. 2002-yil 1-iyunda u Evander Holifildga qarshi ringga chiqdi. Jang paytida bokschilarning boshlari o‘zaro to‘qnashib ketdi va Rahmonda ulkan gematoma paydo bo‘ldi.

Foto: “Boksanalitika”

8-raundda jang to‘xtatildi. Evander Holifild g‘olib deb topildi.

Lyuis ustidan qozonilgan g‘alaba juda qo‘l kelgandi. Buyuk g‘alabadan keyin Rahmon ketma-ket yuqori darajadagi bokschilar bilan kassabop janglar o‘tkazdi. Bunda Don King bilan tuzilgan shartnomaning ham o‘rni bor edi.

2003-yil 29-martda Rahmon va Tua o‘rtasidagi revansh jangi o‘tkazildi. Hasim butun jang davomida ustunlik qildi. 12-raund tugashi haqida bong chalingan vaqtda Tua polga quladi. Ammo nokdaun hisobga olinmadi. Hakamlar qaroriga ko‘ra durang natija qayd etildi.

2003-yil 13-dekabrda esa WBA’ning vaqtinchalik kamari uchun Jon Ruisga qarshi ringga ko‘tarildi. Hasim jangga yetarlicha tayyorgarlik ko‘rmagandi, uchala hakam ham bir ovozdan Ruisning g‘alabasini qayd etdi.

Professional faoliyatning yakuniy bosqichi va ikkinchi chempionlik

Omadsiz o‘tgan 2003-yilni Hasim 2004-yildagi 4 ta g‘alaba bilan yopib yubordi. Kali Mian bilan jangda zafar quchishi alohida ahamiyatga ega. Hasim WBC kamari uchun asosiy nomzod sifatida ko‘rilardi. U kamar esa Vitaliy Klichkoga tegishli edi. Ukrainalik sportchi jarohati sabab jangdan bosh tortdi. 2005-yil 13-avgustda Hasim Monte Barretta ustidan zafar quchdi va WBC vaqtinchalik kamari sohibiga aylandi.

Hasim Rahmon va Monte Baretta

Foto: “Boksanalitika”

Vitaliy Klichko faoliyatini yakunlaganidan so‘ng Butunjahon boks kengashi Hasimni WBC kamarining sohibi deb e’lon qildi. 2006-yil 18-martda Rahmon ilk bor WBC kamari himoyasi uchun ringga ko‘tarildi. Jeyms Toniga qarshi jangda Hasim o‘z kamarini saqlab qoldi.

Keyingi jang Oleg Maskayev bilan edi. Voqea birinchi to‘qnashuvdan 7 yil o‘tib, 2006-yil 12-avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Oleg ikkinchi marotaba ham Hasimni muddatidan avval yengdi. Bu safar nokaut 12-raundda qayd etildi. Rossiyalik bokschi WBC kamari sohibiga aylandi.

Kamarni qo‘ldan boy berganidan so‘ng Rahmonning jismoniy holati pasaya boshladi. 2008-yil 16-iyul kuni ikkinchi bor Jeyson Toniga ro‘baro‘ keldi. 3-raunddayoq Toni Hasimni nokautga uchratdi. Lekin jangdan so‘ng Rahmon natijani bekor qildirishga erishdi. Bunga sabab Jeyms jang vaqtida taqiqlangan zarba bergani edi. Endi kamar uchun janglar huquqi Rahmonga o‘tgandi.

2008-yil 13-dekabrda Hasim Vladimir Klichkoga yengildi. 7-raundda hakam jangni to‘xtatdi.

Shundan so‘ng Rahmon 16 oylik tanaffusga chiqdi. 2010-yilda ringga qaytdi va 5 ta g‘alaba qayd etdi. Aleksandr Povetkin (2012) va Antonio Nansenga (2014) qarshi janglardagi mag‘lubiyatdan so‘ng so‘ng Hasim Rahmon faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi. U professional faoliyatida 50 ta g‘alaba (41 tasi nokaut bilan), 9 ta mag‘lubiyat va 2 ta durang natija qayd etdi.

Barcha narsaning yakuni bor. Vaqting o‘tganini qabul qilish qiyin. O‘tkazish mumkin bo‘lmagan bir nechta jangda ishtirok etdim.

Hasim Rahmon

Ringdan tashqari hayot

Professional faoliyati davomida Hasim 100 million dollarga yaqin daromad qildi. Hasim va uning rafiqasi Kristal kamtar hayotdan Virjiniyaning eng boy juftliklaridan biriga aylandi. Oila ikki o‘g‘il va bir qizni, undan tashqari otasidan erta ajralgan Hasimning jiyanini voyaga yetkazdi.

Rahmon 3 ta loyihaga investitsiya kiritdi:

  • Kambag‘al bolalar uchun uy;
  • Sport kiyimlari do‘koni;
  • Boks klubi.

Hasimning rafiqasi Kristal do‘kon rahbari lavozimida faoliyat olib boradi. Sobiq chempionning farzandlari ham otasining izidan bordi. Kichik Hasim va Sharif Rahmon boksda faoliyat yuritmoqda.

Hasim Rahmon noyob shaxs. U o‘z hayotini o‘zgartira oldi. Avvalgi do‘stlarining ko‘pi hozirda qamoqda yoki erta vafot etgan. Agar o‘zgarmaganda Hasimni ham shu taqdir kutib turgan edi. Mas’uliyat — erkak kishining asosiy xislati. Rafiqasi va farzandlari haqida qayg‘urishi lozim edi. Baltimorning bezori yigiti oilasi uchun qonuniy yo‘l bilan millionlar topdi va boks tarixida o‘z nomini qoldira oldi. Hasim Rahmonning hayot tarzi shunaqa bo‘ldi.

Men buyuk davrda ringga chiqdim. Bu og‘ir vazn yo‘nalishi, har doim ham g‘alaba qozonavermaysan. Barcha raqiblarim bolaligidanoq shug‘ullangan edi. Men esa 20 yoshimda zalga kirib kelganman. Hamkasblarimni quvlab o‘ta oldim. Hech narsadan afsuslanmayman. Bosib o‘tgan yo‘lim ideal emasdir, lekin u qabr toshidan yaxshiroq.

Hasim Rahmon