O‘zbekiston milliy terma jamoasining noyabr oyidagi FIFA kunlarida tashkil etiladigan yig‘in uchun jalb etilgan futbolchilarning yakuniy ro‘yxati e’lon qilindi.
Avvalroq Srechko Katanes 28 futbolchidan iborat kengaytirilgan tarkibni e’lon qilgandi. Yakuniy qaydnomada esa bir qator o‘zgarishlar yuz bergan. Kengaytirilgan tarkibga kiritilgan darvozabon Sanjar Quvvatov (“Paxtakor”), himoyachi Jaloliddin Jumaboyev (“Lokomotiv”), yarim himoyachilar Sanjar Qodirqulov, Javohir Sidiqov (ikkisi – “Lokomotiv”), hujumchi Azizbek Omonov (Lokomotiv) yakuniy qaydnomadan joy olmagan.
Terma jamoadan chaqiruv olgan himoyachi Rustam Ashurmatov viza bilan bog‘liq muammolar sabab bu galgi yig‘inda ishtirok etolmaydigan bo‘ldi. Uning o‘rniga “Paxtakor” klubi a’zosi Marlen Chobanov jalb etilgan.
“Championat.asia”ning xabar qilishicha, Belarusning “BATE” jamoasi hujumchisi Shahboz Umarov koronavirusga chalingani sabab o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inini o‘tkazib yuboradi. Uning o‘rniga qaysi futbolchi terma jamoaga jalb etilishi borasida hozircha ma’lumot berilmagan.
O‘zbekiston Milliy terma jamoasi 8-noyabrdan 16-noyabrga qadar Toshkent va Tbilisi shaharlarida o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazadi. Yig‘in davomida Srechko Katanes shogirdlari 15-noyabr kuni Gruziya terma jamoasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi sentabr oyida Shvetsiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazib, 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lgandi. Oktabr oyidagi o‘rtoqlik uchrashuvlarida esa Malayziya (5:1) ustidan g‘alaba qozonib, Iordaniyaga qarshi o‘yinda (0:3) mag‘lubiyatga uchragandi.
Izoh (0)