Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer parlament saylovlari yakuni bo‘yicha yangi hukumat tuzilgunga qadar, mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiq kansler Angela Merkeldan o‘z lavozimida qolishini so‘radi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmatiga tayanib “TASS” xabar berdi.

Foto: Sputnik

“Ushbu so‘rov asosiy qonunning 69-paragraf uchinchi bandiga muvofiq, bugun (26-oktabr) 20-chaqiriq Bundestagning ta’sis majlisi bo‘lib o‘tayotgani munosabati bilan berilgan”, — deyiladi xabarda.

Parlamentning ta’sis majlisi o‘tkaziladigan kunda kansler va vazirlarning vakolatlari tugaydi. Agar bu vaqtga kelib yangi Vazirlar Mahkamasi hali shakllanmagan bo‘lsa (hozir Germaniyada aynan shunday holat), amaldagi hukumat muddatini faqat rasmiy ravishda yakunlaydi, lekin hech qanday cheklovlarsiz barcha vazifalarni bajarishda davom etadi.

Angela Merkel va kabinet rahbarlari Toshkent vaqti bilan soat 20:00 dan keyin Shtaynmayer qo‘lidan iste’fo to‘g‘risidagi maktublarni oladi.

Bundestagning ta’sis yig‘ilishida odatda kansler va uning vazirlari o‘tiradigan o‘rindiqlar bo‘sh qolmoqda — ular odatda ekskursiya guruhlari muhokamalarni kuzatib boradigan yuqori qavatdan joy olgan.

Hukmron koalitsiya bo‘yicha muzokaralarni Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi, Liberal demokratik partiya va “Yashillar” partiyasi olib bormoqda. Germaniyada yangi kansler dekabr oyida hukumatga kelishi mumkin. Shunda amaldagi hukumat butunlay iste’foga chiqadi.