Prezident Shavkat Mirziyoyev “Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi, deb xabar beradi Telegram’dagi “Huquqiy axborot” kanali.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qarorga ko‘ra, 2024-yil 1-yanvargacha, jumladan, 82 turdagi xomashyo va yarim tayyor mahsulotlarga import bojxona boji “nol” stavkada qo‘llaniladi:

  • sun’iy mo‘yna;
  • zig‘irpoya tolasidan to‘qilgan gazlamalar;
  • sun’iy tolalardan tayyorlangan gazlamalar;
  • shisha iplar;
  • shisha tolali matolar va boshqalar.

Hujjatga muvofiq, mazkur qaror “mahalliy ishlab chiqarish korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksportini oshirish, shuningdek, Prezident va tadbirkorlar o‘rtasidagi 20-avgustdagi muloqot doirasida belgilangan vazifalarning bajarilishini ta’minlash” maqsadida qabul qilingan.

Avvalroq O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish sohasidagi ayrim tovarlar 3 yilga, shuningdek, 676 turdagi texnologik uskunalar import boji va QQSdan ozod qilingani, banan, ananas, kivi, avokado, finiki va shu kabi boshqa tovarlar bojxona bojidan ozod qilinishi to‘g‘risida xabar berilgandi.