Serqirra ijodkor: so‘z ustasi, aktyor, xonanda va rejissor sifatida xalq qalbidan munosib joy olgan Obid Asomov 22-oktabr sanasida tavallud topgan. Quyida marhum so‘z ustasining hayot va ijod yo‘li haqida hikoya qilamiz.

“Maktabda ham sergap bo‘lganman”

Obid Asomov 1963-yili Toshkent shahrining Chilonzor tumanida dunyoga kelgan. Oilada to‘rt farzandning ikkinchisi bo‘lgan Obid 8 yoshidan maktabga boradi.

Foto: Instagram

Dadasi bir umr temiryo‘l sohasida ishlagan. San’atkor intervyularining birida padari buzrukvori bilan bog‘liq bolalik xotiralarini yodga olib, shunday deydi:

“Otam oilani boqaman, deb o‘ninchi sinfni bitiriboq ishga kirib ketgan. Temiryo‘lda ishlardi: besh kun yo‘lda, besh kun uyda bo‘lardi. Toshkent-Moskva-Toshkent poyezdida provodnik edi. Dadam vagonlarda tashlab ketilgan gazeta-jurnallarni axlatga tashlamay, uyga olib kelardi. Rus tilidagi bir qancha mashhur nashrlarni o‘qib, katta bo‘ldik. Rus tilini yaxshi bilishimning sababi ham shunda. Lekin o‘zbekcha maktabda o‘qiganman, bog‘cham ham o‘zbekcha edi.

Konkida uchish, lanka o‘ynash, varrak uchirish sevimli o‘yinlarim bo‘lgan. Katta bo‘lgunimcha “Shkolnik”, “Vesna”, “Kama”, “Orlyonok” velosipedlarini minganman. Uyimizga bir qadam bo‘lgan Komsomol ko‘lida o‘tgan kunlarim ham hech esimdan chiqmaydi. Bola bo‘sh yurishi kerakmas, derdi otam. 4-sinfgacha bolalik – poshsholik davrimiz bo‘lgan.

Foto: “Daryo”

Maktabda faqat “besh”ga o‘qiganman. Sakkizinchi sinfgacha hech qaysi fandan birorta ham “to‘rt” olmaganman. O‘sha paytlarda ham juda sergap bo‘lganman. Birinchi o‘qituvchim Sharifa opa Turdiyeva ota-onalar majlisida Asomovda hammasi “besh”, faqat og‘zi tinmaydi, deb arz qilardi”.

Moskvaga o‘qishga kirolmagan yosh rassom

Kichkinaligidan rasm chizishga qiziqqan Obidning bu qobiliyati qo‘shnisi sabab yuzaga chiqadi. Aniqrog‘i, “Tangalik bolalar”, “Abdullajon”, “Alibobo va qirq qaroqchi” kabi filmlarda postanovkachi rassom bo‘lgan Sadriddin Ziyomuhamedovning ijodxonasi uni har doim hayratlantiradi.

Foto: Instagram

“Sadriddin akaning o‘g‘li Fahmiddin men bilan o‘qigan, bolalikdagi o‘rtog‘im edi. U operator bo‘lib yetishdi. Bolaligimda ularning uyiga ko‘p kirardim, Sadriddin akaning rasmlarini ko‘rib, ijodxonasiga kirganda o‘z-o‘zimdan rasm chizishga qiziqib qoldim. 3-sinfda o‘qib yurgan kezlarimdan chiza boshladim.

Dadam harakatimni ko‘rib, Respublika pionerlar saroyiga olib bordi. Zoya Aburskaya ismli keksa ayol rahbarlik qiladigan tasviriy san’at to‘garagiga qatnay boshladim. Sakkizinchi sinfni bitirgunga qadar shu sohaga qattiq berildim. Keyin Vitaliy Jdanov degan rassomdan ham uyiga qatnab, bilmaganlarimni o‘rgandim. Ikki joyda dars olib, Benkov nomidagi respublika rassomlik bilim yurtiga yaxshi tayyorlandim. 8-sinfni bitirgach, bilim yurtiga o‘z kuchim bilan o‘qishga kirdim.

Foto: “Daryo”

U yerni qizil diplom bilan tamomlab, Moskvadagi Surikov nomidagi badiiy akademiyaning rang-tasvir yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirdim. Ammo imtihondan o‘ta olmadim va Toshkentga qaytib keldim”, degan edi aktyor.

O‘qishni tashlab ketgan bo‘lajak aktyor

Ota uyiga qaytgan Obid bir yildan keyin Toshkent teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti – tahr.)ning grafika fakulteti talabasiga aylanadi.

Foto:  Instagram

“Beshinchi kursga o‘tganimizda rejissor Latif Fayziyev hind rejissori Umesh Mehra bilan hamkorlikda “Ovchi” degan kino oladigan bo‘ldi. Institutimizga kelib, rollarga mos tushadigan odam qidirishdi. Meni yoqtirib qolib, “O‘zbekfilm”ga chaqirishdi. Bordim, kiyintirishdi, rasmga olishdi. Uch-to‘rt kundan keyin uyga telefon bo‘ldi: “Fotosinovdan o‘tdingiz, zudlik bilan hujjat topshiring, Hindistonga ketasiz”. Hayron bo‘ldim.

Dekanimiz qabuliga kirib, vaziyatni tushuntirishga urindim. Lekin ular fikrlarimga qarshi chiqib, meni olib qolish niyatida rozilik bermadi. Oxiri ariza ham yozmay, shartta ketdim. Naq yigirma besh kun Hindistonda bo‘ldik. Katta loyiha edi. Moskva, Riga, Yurmalada syomkalar bo‘ldi. O‘sha yillardagi hind kinosining bosh yulduzi - aktyor Mitxun Chakraborti va taniqli prodyuser Umesh Mehra bilan uchrashdim. Kinoga tushdim, o‘xshadi. Kino ham zo‘r chiqib, muvaffaqiyat qozondi.

Foto: Instagram

Poytaxtga kelgach, meni “O‘zbekkonsert” ishga chaqirdi. Yana bir-ikki kinoga taklif etishdi, televideniyedagi ko‘rsatuvlarga ham. Hazil-hazil bilan artist bo‘lib qoldim. O‘z-o‘zidan rassomlik ikkinchi planga o‘tib qoldi”, deb o‘sha damlarni yodga olgandi u.

“Ko‘zgu”dan “Obid-A”ga...

Bir qancha kinolardagi rollari bilan odamlar nazariga tushgan Obid Asomovni asta-sekin to‘y-tadbirlarga boshlovchilik qilishga ham taklif etishadi. Shu orqali u o‘zidagi yana bir qirrani shakllantirib boradi. Vaqt o‘tgan sari kichik-kichik davralarda qiziqchilik san’ati bilan shug‘ullana boshlaydi. U “Shunchaki hazil” ko‘rsatuvida g‘iybatchi rolini o‘ynagach, shuhrat qozonadi.

Foto:  Instagram

90-yillar boshida akasi Sobit Asomov, hamkasblari: To‘xtamurod Azizov, Botirxo‘ja Muhammadxo‘jayev va Mirzabek Xolmedov bilan birgalikda “Ko‘zgu” teatrini tashkil qilishadi. Bu jamoa qisqa vaqt ichida xalq ko‘ngliga kirib boradi va tan olinadi. “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida o‘n kunlab ikki seansdan konsert dasturini ham taqdim qilishadi.

Foto: Instagram

“Ko‘zgu”da bir necha yil ijod qilgan Obid Asomovning 1993-yili orzularidan biri ushaladi: u shogirdlarini jamlab, “Obid-A” teatrini tuzadi. Ushbu ijodiy guruh ham tez orada el e’tiborini qozonadi. Keyinroq “Obid shou”, “To‘ylar muborak”, “Qovun tushdi” kabi muvaffaqiyatli loyihalar yaratiladi.

Sahna va kinodagi muvaffaqiyatlar

2000-yilda Obid Asomovning ijodiy faoliyatida keskin burilish kuzatiladi. Ustazoda san’atkor Farruh Zokirov uni “Yalla” guruhining Germaniya bo‘ylab gastrol safariga boshlovchilik qilishga o‘zi bilan olib ketadi. Yumorist-boshlovchi bir oy davomida Germaniyaning o‘ttizga yaqin shahrida bo‘ladi.

Foto:  Instagram

Xuddi o‘sha yili mashhur komik Yevgeniy Petrosyan o‘zbek qiziqchisiga hamkorlik taklifini bildiradi. Shundan keyin Obid Asomov Rossiya televideniyesida paydo bo‘ladi. “Qiyshiq oyna” teleko‘rsatuvi hamda rus va o‘zbek kinolaridagi ishtiroki uni yanada mashhur qiladi.

“Tohir va Zuhra yangi talqin”, “Dev bilan pakana”, “Po‘sht arava”, “18-kvadrat” kabi filmlarda turli xarakterdagi qiyofalarda namoyon bo‘ladi. “Uyda yolg‘iz”, “Madagaskar” singari xorij kino va multfilmlarining o‘zbek tilidagi dublyaj jarayonlarida qatnashadi.

Kutilmagan “zapret”

Qizg‘in ijod qilayotgan Obid Asomov 2011-yili O‘zbekistonda taqiqqa uchraydi. U televideniye va radiolarda “qora ro‘yxat”ga tushadi, uning ishtirokidagi filmlar efirga uzatilmaydi, konsert va turli tadbirlarda qatnashishi cheklanadi, IIV ansamblidagi faoliyatiga nuqta qo‘yiladi.

Shunday bo‘lishiga qaramay, u ijod qilishdan to‘xtamaydi, to‘ylarda xizmat qiladi, dunyo kezadi...

Foto: Instagram

“Nima sababdan “zapret”ga tushganimni haligacha bilmayman. Mening tanqidlarim to‘g‘ri joyga yetib borgani uchun kimgadir yoqmay qolganman va meni ko‘rsatgisi kelmayapti, bor gap shu xolos. Agar aybim bo‘lsa, tan olardim. Lekin aybim yo‘q.

Taqiqqa uchraganimdan sira siqilmayman. Xudoga shukr qilaman, balki bu ham ijodkorga kerakdir. Bunday tanaffus yanada ijod qilishga va avvalgi ijod mahsullaringizni tahlil qilib, xulosa chiqarishga undasa kerak”, degandi Obid Asomov 2017-yil boshlarida bergan intervyularining birida.

Foto: Instagram

2017-yilning yarmida Obid Asomovdan barcha taqiqlar olib tashlanadi. U telekanallarda ko‘rinish beradi, 2010-yilda o‘zi suratga olgan “Ada emas, dada” filmining taqdimotini o‘tkazadi.

Foto: Instagram

2018-yilning may oyida “O‘zbekfilm” qoshidagi “Multiplikatsion filmlar studiyasi” DUK direktori lavozimiga tayinlanadi.

Foto:  Instagram

Obid Asomovning oila a’zolari va hamkasblarining bir qancha intervyularda aytishicha, uning “zapret”ga tushishiga Rossiyadagi omadli loyihalarda qatnashib, katta sahnalarga chiqqani sabab bo‘lgan.

Shaxsiy hayotda ham omadli aktyor

Shaxsiy hayotida ham omadi kulgan ijodkor uch qiz va bir o‘g‘ilning mehribon padari, o‘nlab nabiralarning sevimli bobosi edi. Farzand-u nevaralari to‘g‘risida doim mamnuniyat ila gapirardi.

Foto: Instagram

“Qizlarimni yomon tarbiya qilmadim, deb o‘ylayman. Xudoga shukr, hech biri haqida salbiy fikr eshitmadim. Tarbiya usuliga kelsak, men shunchaki, eskilarning gapiga quloq tutdim. Otam bizga qo‘llagan tarbiyasini, farzandlarimga singdirdim. Ya’ni o‘zim hech qachon qizlarimga dashnom bermaganman. Onasi orqali e’tirozlarimni yetkazardim, shuning o‘zi yetardi.

Farzand tarbiyasida ortiqcha erka-tantiqlikka yo‘l qo‘ymaslik kerak. Haqiqiy yoshim nechada ekanini unutganman. Nazarimda, 30-35 yoshlardaman (kuladi). Bunga bola bilan birga bolaga aylanish qobiliyatim ham borligi sabab bo‘lsa kerak. Nabiralarim uyga kelsa, umuman boshqa odamga aylanib qolaman. Bolalarga mo‘ljallangan qurilmalarni birga yasaymiz, hovuzda birga cho‘milamiz, hatto ot bo‘lib ham birga chopamiz (kuladi). Nima so‘rashsa, hammasini bajarishga tayyorman. Albatta, kerak payti dakki ham beraman. Buni o‘zlari ham yaxshi bilishadi”, degan edi.

Foto:  Instagram

Marhum so‘z ustasining rafiqasi Dilfuza Asomova yaqinda YouTube’dagi Chotki TV kanaliga bergan intervyusida turmush o‘rtog‘ining ikkinchi ayolidan bo‘lgan o‘g‘il farzandi haqida gapirdi.

“Obid akam kelin tushirishni orzu qilardilar. Yashirmayman, ikkinchi oilalari bo‘lgan, o‘g‘il farzandlari bo‘lgan. U o‘g‘il shu yerda katta bo‘lgan, Xudoga shukur. Shu o‘g‘ilni uylantirmoqchi bo‘lganlar. Bo‘lajak kelin yaxshi, insofli, diyonatli, iymonli, e’tiqodli, o‘ziga o‘xshagan jaydari bo‘lsin, derdilar.

Lekin Dilfuza, qiz tarafdan hech narsa olmaymiz, men qizlarga qilaverib charchadim. Kelindan bitta narsa olmayman, bitta jon olaman, mol olmayman. Molning keragi yo‘q, o‘g‘limning peshonasiga bersin, o‘zi mehnat qilib qadriga yetadi. Agar hamma narsani to‘la-to‘kis qilib bersam, unda qadriga yetmaydi, derdilar.

Foto: “Daryo”

Farzandlarimizning hammasini oliy ma’lumotli qilganlar. Katta qizim sharqshunoslik institutida, ikkinchi qizim farmatsevtikada o‘qidi, uchinchi qizim to‘qimachilikda dadasiga o‘xshab dizayner bo‘lmoqchi bo‘ldi.

Obid akam topgan pullarini shu bugun uchun ishlatar edilar. Hech qachon yig‘ib qo‘ygan inson emasdilar. Boquvchilari, yetimlari ko‘p bo‘lgan. To‘g‘risini aytaman, mashinamni sotib, o‘g‘illarini uylantirib qo‘ydim. Bolaning boshini ikkita qilib, otasining vasiyatini ado etdim”, degan Dilfuza Asomova.

Foto: Instagram

2018-yilning 11-dekabrida yurak xuruji bilan kasalxonaga yotqizilgan Obid Asomov o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilganiga qaramay, 14-dekabr kuni vafot etgan.

55 yoshida olamdan o‘tgan aktyorning sevimli mashg‘uloti qush boqish bo‘lgan. Kolleksiyasidagi mavjud to‘tiqushning yigirmadan ortiq zotini boqishni juda yaxshi ko‘rardi.

So‘z ustasi ko‘plab o‘zbek va dunyo mashhurlari bilan do‘stona munosabat o‘rnata olgan. Ayniqsa, o‘zbek primadonnasi Yulduz Usmonova ikkisi qalin do‘st bo‘lishgan. Bu taniqli san’atkorlar turli davlatlarda ijodiy safarlarda bo‘lib, konsert dasturlari qo‘yishgan, to‘ylarda ham birga xizmatga qilishgan.

Qiziqchi Obid Asomov uchun “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni qizi Nargiza Ergashevaga topshirildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

1996-yil O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olgan Obid Asomov vafotidan keyin, ya’ni 2021-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeniga loyiq ko‘rildi.

Muallif:Mirolim Isajonov