O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, taniqli so‘z ustasi Obid Asomov 14-dekabr kuni Toshkentdagi 1-shahar klinik shifoxonasida vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi. U 55 yoshda edi.

Bir necha kun muqaddam Obid Asomov yurak xuruji bilan kasalxonaga yotqizilgani haqida xabarlar berilgan edi.

Qiziqchi va aktyor Obid Asomov 1963-yilda Toshkentning Chilonzor tumanida tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomchilik institutida tahsil olgan, 1993-yilda esa “Obid-A” teatriga asos solgan.

“Kulol va xurmacha”, “Alpomish”, “Dev va pakana”, “Tohir va Zuhra (zamonaviy talqin)” kabi filmlarda suratga tushgan. 2000-yillar oxiridan boshlab rossiyalik taniqli yumorist Yevgeniy Petrosyanning taklifiga ko‘ra, “Krivoye zerkalo” teleshousida qatnashdi.

Obid Asomov 2018-yilning 24-mayida “O‘zbekfilm” huzuridagi “Multiplikatsion filmlar studiyasi” direktori etib tayinlangan edi. So‘nggi vaqtlarda Instagram’dagi sahifasi orqali studiyaning yangi mahsuloti — “Dovyurak oshpaz” multfilmini ovozlashtirish jarayonidan lavhalar qo‘yib borayotgan edi.