Yaponiya ta’lim tizimi sabab jahondagi eng rivojlangan davlatlardan biriga aylangani ko‘pchilikka ma’lum. Shu bois ham kunchiqar mamlakat ta’lim sohasi dunyoning ko‘plab hukumatlariga hamisha namuna bo‘lib kelgan. Yetti yildan buyon yapon maktablarida ingliz tilidan dars berayotgan yagona o‘zbekistonlik Sohibjon Abdullayev “Daryo” muxbiriga intervyu berdi. Suhbat davomida Yaponiya maktablaridagi ta’limning o‘ziga xos jihatlari, O‘zbekiston xalq ta’limidagi kamchiliklar haqida so‘z bordi.

Nima uchun aynan Yaponiya?

Asli Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Mozorko‘hna qishlog‘ida tug‘ilib, ulg‘ayganman. 2005-yili O‘zDJTUning ingliz filologiyasi fakultetining bakalavr, 2007-yil magistratura bosqichlarini tamomlab, Toshkent shahridagi bir qancha ta’lim maskanlarida ishlaganman.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

2010-yili Yaponiya ta’lim vazirligining o‘qituvchilar malakasini oshirish dasturi haqida eshitgach, o‘nlab tanishlarim qatori ingliz tilidan yozma va og‘zaki imtihon topshirdim. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, xuddi o‘sha yili bir yarim yillik dastur bo‘yicha Yaponiyaga keldim.

Bu vaqt oralig‘ida Kyushu universiteti hamda Fukuoka pedagogika universitetida malaka oshirib, ilmiy izlanish olib bordim. Yaponiya va O‘zbekiston ta’lim tizimida chet tili o‘qitilishini qiyoslab, dissertatsiya yoqladim. 2012- yili Toshkentga qaytib, ta’lim sohasida ishimni davom ettirdim.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Poytaxtdagi Nafis san’at litseyida faoliyat yuritayotgan paytim Yaponiyadagi tanish o‘qituvchilar ishlashga taklif qildi. 2013-yili oilam bilan bu yerga keldik va universitetda yordamchi o‘qituvchi sifatida ishlay boshladim. Vaqt o‘tib, Yaponiya maktab ta’limi tizimida faoliyat yuritishga qiziqib qoldim. Ammo bu yerdagi maktabda ingliz tili fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydigan pedagogning asl ona tilisi ingliz tili bo‘lishi shart.

Shunga qaramay, qiziqishim sabab ishga kirishga astoydil harakat qildim. O‘zbekistonda bizga ta’lim bergan amerikalik o‘qituvchim va Yaponiyadagi professor ustozimdan yordam so‘radim. Ular Yaponiya ta’lim vazirligiga tavsiyanoma va boshqa xatlar yuborishdi. Shu tariqa 2014-yildan Fukuoka shahridagi maktablarning birida ham ish boshladim.

Yapon maktabiga moslashishim qiyin kechgan

Birinchi darsimda faqat o‘zim gapirib, mashg‘ulot o‘tganimda, butun sinf hayron bo‘lib qaragan. O‘zbekistonda ishlagan paytlarim o‘quvchilarning ehtiyojini inobatga olmasdan, “men shuni o‘qitaman, bola shuni o‘rganishi kerak”, degan fikrda dars berardim. Yaponiyada esa har bir sinf va undagi turli xarakterdagi o‘quvchilarning har bittasini talabiga qarab, alohida tayyorlanishga majbur ekansiz.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Bundan tashqari, malaka oshirish va ish talablari ham biznikidan sal boshqacha bo‘lganligi bois moslashishim biroz qiyin kechgan. Bu mamlakatda o‘qituvchi o‘quv yili mobaynida ishdan ajralmagan holda ma’lum muddat malaka oshiradi. Ya’ni dars soati yo‘q paytda boshqa bir maktabga borib, mashg‘ulotlarni kuzatadi. Pedagoglar shu tariqa malakasini oshirib boradi.

Mana shu kabi holatlarga ko‘nikish jarayonida O‘zbekiston ta’lim tizimidagi muammolar nimalarda ekanligini yaqqol bilganman.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Bugungi kunda bir vaqtning o‘zida Fukuoka shahridagi uchta: boshlang‘ich, o‘rta va yuqori maktablarda hamda Fukuoka pedagogika universitetida ishlayman. Haftada besh kun — bir kundan boshlang‘ich va o‘rta maktabda, uch kun esa yuqori maktabda dars o‘taman. Boshlang‘ich maktabda 1–6-sinflar, o‘rta maktabda 7–9-sinflar tahsil oladi. 10-12-sinflar yuqori maktab o‘quvchilari hisoblanadi. Ingliz tili fani 3-sinfdan boshlab o‘qitiladi, 1–2-sinflarda qo‘shimcha mashg‘ulot sifatida o‘rgatiladi.

Ta’til kunlari juda oz

Bu davlatda o‘quv yili aprel oyidan boshlanadi. Birinchi chorak 20-iyulgacha davom etadi. Qirq kunlik yozgi ta’tildan keyin avgust oxirlarida ikkinchi chorak boshlanib, bu dekabrning 25-sanasigacha davom etadi. O‘quvchilar o‘n kunlik ta’tildan so‘ng 7–8-yanvardan uchinchi chorak o‘qishiga borishadi. 21-martdan o‘quv yili yakunlanadi. O‘quvchilar yil davomida kamroq dam oladi, ta’til kunlari juda oz.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Yaponiyada xususiy maktablar bor, yo‘q emas. Lekin bu mamlakatdagi jami maktablarning 5 foizini ham tashkil qilmaydi, nazarimda. Majburiy ta’lim 9 yillik bo‘lsa-da, ammo 99 foiz o‘quvchi o‘z ixtiyori bilan 12 yillik ta’limga boradi. Yuqori sinf o‘quvchilarining juda ham ozchiligi o‘qishni xususiy maktablarda davom ettiradi.

O‘quvchilar boshlang‘ich maktabda xohlagan kiyimida kelishi mumkin, bu borada erkinlik berilgan. Ammo o‘rta maktabdan, ya’ni 7-sinfdan boshlab shahar xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan belgilangan formani kiyishga majbur. Yaponiyadagi har bitta shahar va tuman xalq ta’limi boshqarmasining alohida formasi bor. Har bir hududning kiyimini rangi, fasoni o‘ziga xos va shunisi bilan bir-biridan farqlanadi. Bu kiyimlar hamma do‘konlarda ham sotilavermaydi, ular maxsus do‘konlardan xarid qilinadi.

Hamma narsa o‘qituvchiga ishonib qo‘yilgan

Yaponiyaliklarga bog‘cha davridan boshlab birgalikda, hamjihatlikda ishlash o‘rgatiladi, ular shu muhitda tarbiyalanadi. Maktabda tushlikdan keyin tozalov uchun 20 minut vaqt ajratiladi. Bu tartibga barcha maktab va sinflar amal qiladi.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

O‘qituvchi o‘quv yili boshida o‘quvchilarni uch, to‘rt nafardan iborat alohida-alohida guruhlarga bo‘lib qo‘yadi va qaysi guruh qayerni tozalashini belgilab beradi. Guruhdagi bolalar 20 daqiqa ichida o‘ziga tegishli joyni tozalaydi.

Masalan, qaysidir guruh sinfxona ozodaligiga javob bersa, boshqasi hojatxonaga, yana bir guruh esa koridorni tozalaydi. Bir oydan keyin guruhlar tarqatiladi va qaytadan tuziladi. Shu orqali o‘quvchilar jamoa bo‘lib ishlashni o‘rganadi, o‘z mehnatini qadrlab, maktabning har bir joyini toza saqlashga odatlanadi.

Yapon o‘quvchilariga sal baland ovozda gapirsangiz ham ta’sir qiladi, o‘ziga oladi. Ammo ularni urish qonunda ham, amalda ham taqiqlangan.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Yaponiyada hamma narsa o‘qituvchiga ishonib qo‘yilgan. Har kuni ertalab darsdan avval 10-15 daqiqalik yig‘ilish bo‘ladi. Sinf rahbari har bir o‘quvchining sog‘lig‘ini so‘rab chiqadi. Agar kimdadir qandaydir muammo bo‘lsa, maktab hamshirasi tekshiruvidan o‘tadi. Pedagog darsga kelmagan bolaning yaqinlariga o‘sha vaqtda qo‘ng‘iroq qilib, sababini aniqlaydi. Ota-onaning javobi shubha uyg‘otsa, o‘qituvchi ishonch hosil qilish uchun mashinasida bolaning uyigacha boradi.

Ta’til paytlarida ham o‘quvchi sinf rahbarining nazoratida bo‘ladi, berilgan topshiriqlarni bajaradi.

O‘quvchi maktabga pul va telefon olib kelmaydi

Korrupsion holatlarga sabab bo‘ladigan turli yig‘di-yig‘dilar, sovg‘a-salom ulashishlarga hech guvoh bo‘lmaysiz. Har bir sinfda ota-onalar qo‘mitasi bo‘lib, ularning xarajatlari: qog‘oz, qalam va shunga o‘xshash narsalar uchun o‘quv yili boshida pul yig‘iladi hamda buni qo‘mita raisi nazoratga oladi.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Bundan tashqari, o‘quvchining tushlik ovqati uchun pul to‘lanadi. Bu jarayon ota-ona va maktabdagi hisob-kitobni amalga oshiruvchi maxsus ofis o‘rtasida hal qilinadi. O‘qituvchi har ikki holatda ham pul masalasiga aralashmaydi.

Maktablarda alohida oshxona bo‘lmaydi, ammo ovqat maktabda tayyorlanadi. Bolalar sinf xonada birgalikda tushlik qiladi. Taomni navbatchi o‘quvchilar sinf xonaga olib boradi va tarqatadi. Bolalar o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatadi.

O‘quv yili boshi yoki yakunida ota-onalar o‘qituvchiga turli sovg‘alar yoki gul olib bormaydi, buni tasavvur qilish ham qiyin. Shuni alohida aytishim kerakki, o‘quvchi maktabga o‘zi bilan birga pul va telefon olib kelmaydi.

O‘qituvchilarning maoshi qancha?

Pedagoglarning ish joyi kamida ikki yilda o‘zgarib turadi. Shahar va tuman ta’lim boshqarmalari mahalliy pedagoglarni ham, men kabi chet mamlakatdan kelib, ishlaydigan o‘qituvchilarning ham ish joyini uzog‘i har uch, to‘rt yilda bir marta almashtirib boradi, nazorat qiladi.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Buning asosiy sababi hamma maktabda ta’lim sifatini teng olib borishdir. Aniqrog‘i, bir maktabda kuchli pedagoglar, yana birida saviyasi biroz past o‘qituvchilar bir jamoa bo‘lib, ishlashini oldini olish maqsadida shunday yo‘l tutiladi. Bu tizimli jarayon bo‘lib, barcha maktab o‘qituvchilari ish joyini o‘zgartirishga majbur.

O‘qituvchilarni qaysi maktabga ishga joylashishini shahar xalq ta’limi boshqarmasi hal qiladi.

Oliy o‘quv yurtini bitirib, yangi ishga kirgan pedagogning oylik maoshi 2,5 ming dollardan boshlanadi. Tajribasi ortib borgan sari oylik miqdori ham yil sayin oshaveradi. Direktorlarning oylik maoshi esa 5-6 ming dollarni tashkil etadi.

Yaponiya ta’lim tizimining muvaffaqiyat omillari

Avvalo, o‘qituvchilar vijdonan va tinmasdan ishlaydi. Pedagog dars vaqtida umuman o‘tirmay, tik holatda yoki yurib mashg‘ulot o‘tadi. O‘qituvchilarning tanaffusda ham, tushlik uchun ajratilgan vaqtda ham bir-biri bilan o‘zaro gaplashib turganini ko‘rmaysiz. Bu paytda kimdir darsga hozirlik ko‘radi yoki qandaydir material tayyorlaydi, boshqa o‘qituvchi qaysidir bola bilan individual shug‘ullanadi. Xullas, pedagogni bo‘sh vaqti bo‘lmaydi.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Tizim shunday yaratilganki, hamma maktabda ta’lim berish jarayoni teng olib boriladi. Boyni bolasi ham, o‘rtahol oila farzandi ham, hatto imperator oilasi farzandlari ham darajasi teng bo‘lgan oddiy maktabda o‘qiydi, boshqa bolalar singari sinfxona, hojatxona tozalaydi.

O‘zbekistonda ixtisoslashtirilgan yoki chuqurlashtirilgan holda bilim beriladigan maktablar ko‘p. Bu yerda esa maktablar turli toifalarga bo‘linmaydi. Barchasiga birdek e’tibor qaratiladi va hammasining darajasi teng bo‘lishiga hukumat katta ahamiyat qaratadi.

O‘zbekiston xalq ta’limini yanada rivojlantirish uchun...

Birinchi o‘rinda, o‘qituvchilarning o‘quvchilar bilan ishlash metodikasini qayta ko‘rib, uni kuchaytirish zarur. Bitta sinfda o‘quvchilar soni 30 nafardan oshib ketsa, pedagoglar “Hammasini qanday o‘qitaman, dars o‘tishga juda qiynalaman”, degan gaplarni aytadi. Yoki ingliz tili, informatika kabi fanlar sinfdagi bolalarni ikkiga bo‘lgan holda o‘qitiladi.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Yaponiyada bir sinfda o‘rtacha 35 ta bola o‘qiydi va bitta o‘qituvchining o‘zi to‘liq dars o‘tadi. Qonun bo‘yicha sinfda o‘quvchilar soni 42 tadan oshib ketsagina, ikkiga bo‘linadi.

Ikkinchidan, o‘qituvchilarning hayoli faqat bilim berishda bo‘lishi kerak, boshqa narsalarga chalg‘imasligi lozim. To‘g‘ri, pedagoglar paxta, chopiq va shunga o‘xshash ishlardan ozod qilindi. Lekin sinfni ta’mirlash kabi mayda muammolar baribir o‘qituvchilar zimmasida qolyapti va ular ta’til davrida shunga o‘ralashib, vaqtini o‘tkazib yuboradi.

Yaponiyada o‘qituvchi, direktor ta’lim sifatini oshirishdan boshqa ishlarga boshini qotirmaydi. Maktabning qayeridir ta’mirtalab bo‘lsa, shahar ta’lim boshqarmasidagi mas’ul vakillar yechim topadi. Pedagoglarning diqqat-e’tibori bolani o‘qitishda bo‘ladi.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Uchinchidan, hisobot berish va qog‘ozbozlikni ancha qisqartirish kerak. O‘zbekistonda pedagoglarning ko‘p vaqti tuman va shahar xalq ta’limi bo‘limlariga hisobot berish bilan o‘tib ketadi.

Yaponiyada bu ish bilan maktab direktorining ikki nafar o‘rinbosari shug‘ullanadi, xolos. Ular ham o‘z ishini kompyuter orqali masofadan turib bajaradi. Shahar ta’lim boshqarmasidan kimdir kelib, dars qanday o‘tayotganini nazorat qilmaydi, o‘quvchilarning bilim darajasini sinovdan o‘tkazmaydi. Qisqasi, darsga xalaqit beradigan hech qanday tashqi ta’sirlar yo‘q.

To‘rtinchidan, bir-biriga yaqin bo‘lgan maktablar o‘qituvchilarining ish joyini ikki-uch yilda o‘zgartirib borish kerak. Shu orqali maktablarda ta’lim sifatini oshirish hamda o‘qituvchilarning saviyasini tenglashtirish mumkin.

Albatta, O‘zbekistonga qaytaman!

Yillar davomida o‘rganganlarimni kun kelib, ona Vatanimga borganda, tatbiq etish niyatim bor. Shu maqsadda bir necha yil avval O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligiga Yaponiya ta’lim tizimini birorta maktabda sinov tariqasida joriy etish taklifi bilan chiqqanman. Ammo vazirlik bu tashabbusimga iliq munosabat bildirmagan, ya’ni birgalikda ishlash fikrini ham aytmagan hatto. Shundan so‘ng davlat maktablarining rivojlanishiga hali ancha vaqt borligini tushunganman.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Hozirgi kunda xususiy maktablarning bir qanchasi bilan muzokaralar olib boryapman. Yaponiya ta’lim tizimi asosida maktab tashkil etish rejasi bilan shug‘ullanyapman.

Shaxsiy hayot

Besh nafar farzandimiz bor. Ikki nafari maktabga, qolganlari esa bog‘chaga boradi. Turmush o‘rtog‘im Mahbuba Kamolova Xalqaro madaniyat markazining o‘zbekistonlik vakili sifatida faoliyat yuritadi.

Foto: Sohibjon Abdullayevning shaxsiy arxividan

Biz birgalikda maktab, universitet va madaniyat markazlarida O‘zbekistonning tarixi, madaniyati va milliy urf-odatlari haqida qiziqarli darslar uyushtiramiz.

Mirolim Isajonov suhbatlashdi