16-oktabr — Butunjahon non kuni. Ushbu bayram 2006-yilda Novvoylar hamda novvoy-qandolatpazlar Xalqaro uyushmasi tashabbusi bilan ta’sis etilgan. Bu sana O‘zbekistonda non kuni sifatida rasmiy qayd etilmagan bo‘lsa ham o‘zbeklarning kuni nonsiz o‘tmaydi.

Xalqda nonga bo‘lgan hurmat qadriyat darajasiga ko‘tarilganki, uyga kelgan mehmonga oldiga, albatta, non qo‘yiladi, ushatilib tuz tortiladi. Uzoq safarga ketayotganlarga butun nondan bir tishlam yedirilib, to u qaytmaguncha o‘sha non uyning to‘rida asrab turiladi. Nonning ushog‘i ham non sifatida e’zozlanadi. Agar yo‘lda non bo‘lagi yotgan bo‘lsa, uni ko‘rgan zahoti panaga avaylab olib qo‘yish odob sifatida qaraladi. O‘zbekistonda har bir viloyatining o‘ziga xos nonlari bor. Ko‘rinishi, shakli va yasalish uslubi orqali ular bir-biridan farqlanadi.

Mutaxassislarning fikricha, Samarqand atrofida o‘tin ko‘proq bo‘lgani bois nonni tandirda uzoqroq pishirish mumkin va shuning uchun Samarqand “go‘shtli” nonlari boshqa viloyat nonlariga nisbatan ko‘proq tarozi bosadi. Aksincha, dasht, tog‘ va tog‘oldi hududlarida yoqilg‘i kamligi bois aholi nonni tez pishirib olish maqsadida non xamirini yupqaroq va kengroq shaklda yasaydi.

“Daryo” viloyatlarda o‘ziga xos non turlari haqida fotoreportaj tayyorladi.

Andijon viloyati

Andijondagi bozor va do‘konlarda 15 dan ortiq turdagi nonlar aholiga yetkazib beriladi: oddiy non, uy noni, gijda, do‘ltali non, yog‘li non, qaymoqli non, Andijon patir, o‘rama patir, obi non, shirmoy non, go‘shtli non, sutli non, kulcha non, shular jumlasidan. Nonlarning asosan gijda, Andijon patir, Yog‘li patir kabi turlari xaridorgir hisoblanadi. Bugungi kunda viloyatda mingdan ortiq novvoyxonalarda besh mingga yaqin novvoy shu kasb ortidan tirikchilik qiladi.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

“Yangi bozor” dehqon bozorida ikkita maxsus tandir qurdirib, novvoychilik qilayotgan hunarmand Ahmadjon Kamolovning aytishicha, bu yerda har kuni narxi 1500 so‘mdan 20 ming so‘mgacha bo‘lgan 15 turdagi non yopiladi. Non tayyorlash uchun kuniga 10 qop un sarf etiladi. Tayyorlanayotgan mahsulotlar orasida oddiy non, patir non, piramida non, gijda non kabi nonlar yaxshi sotiladi.

Maxsus tandirda pishayotgan Andijon patir noni.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Nikoh to‘yi uchun buyurtma asosida tayyorlangan “muhabbat” noni. Ushbu turdagi non novvoylar tomondan maxsus tayyorlanadi.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Quda patir. Odatda ushbu non unashtiruv marosimlarida, to‘y marosimida qudalar uchun yozilgan dasturxonlarga qo‘yish uchun sotib olinadi. Ushbu patir bozorda asosan to‘y mavsumida sotiladi.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Uy tandirida pishirilgan non. Ushbu non ham andijonliklar tomonidan sevib iste’mol qilinadi. Uy noni tayyorlovchilarning fantaziyasiga qarab turli shakllarda bo‘ladi.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Do‘ltali va qaymoqli non. Ushbu nonga do‘lta va qaymoq qo‘shib tayyorlanadi. Bozorlarda kamdan kam uchraydi.

Foto: “Daryo” / Elyor Mamajonov

Namangan viloyati

Namangan viloyatining Pop tumani hududida, G‘urumsaroy qishlog‘ida maxsus non bozori faoliyat ko‘rsatadi. Bu bozordan Qamchiq dovoni orqali poytaxtga yo‘l olganlar yoki aksincha, Toshkentdan qaytayotgan yo‘lovchilar patir nonlarni xarid qiladi.

Bozorda 100 dan ortiq non ishlab chiqaruvchilar va ularning novvoyxonalari, do‘konlari, rastalari mavjud. Ulardan ayrimlari, masalan, “Dilmurod patir” o‘ziga xos brendga aylanishga ulgurgan. Ushbu bozorni ham aynan mazkur brend asoschisi Murodjon Siddiqov 1992-yilda boshlab bergan.

Popdagi patir bozorida xarid qilingan nonlar poytaxt Toshkent, O‘zbekistonning turli viloyatlari va xorijga — Rossiya, Janubiy Koreya, Turkiya va Saudiya Arabistoniga yuboriladi.

Pop non bozorida oddiy patir, sariyog‘li patir, do‘ltali patir, qaymoqli patirlarni xarid qilish mumkin. Ularning narxi ham shunga qarab bir donasi 4 mingdan 6 ming so‘mgacha.

Gijda non.

Foto: “Daryo” / Furqat Ermatov

Tandirda pishayotgan patir non.

Foto: “Daryo” / Furqat Ermatov

Tayyor patir non.

Foto: “Daryo” / Furqat Ermatov

Bozor rastasidan o‘rin olgan gijda non.

Foto: “Daryo” / Furqat Ermatov

Foto: “Daryo” / Furqat Ermatov

Foto: “Daryo” / Furqat Ermatov

Qaymoqli patir

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Do‘ltali patir

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Sariyog‘li patir

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Oddiy sedanali patir

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Namanganning Mingbuloq tumanida asosan ko‘ptirma patir xaridorgir sanaladi. Aytishlaricha, ushbu non xamirturush solib tayyorlangani uchun shunday nomlangan. Masallig‘iga sut va yog‘ ham qo‘shiladi.

Ko‘ptirma patir salmog‘i og‘irligi bilan ham ajralib turadi. Uning donasi 1–1,5 kilogramm atrofida bo‘lishi mumkin. Narxi ham shunga yarasha — 10 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha.

Novvoy Shoira Ne’matova 15 yildan oshiq vaqtdan beri patir yopish bilan shug‘ullanib keladi. O‘zidan tashqari to‘rt nafar opa-singlisi ham shu ish bilan band. Uning aytishicha, Mingbuloq ko‘ptirma patirining ta’mi juda mazali va ancha muddat, aniqroq aytadigan bo‘lsa, bir oygacha saqlanib turishi mumkin.

Ko‘ptirma patir asosan mehmondorchilik va to‘ylar uchun buyurtma qilinadi. Uzoq safarga yo‘l olganlar ham Mingbuloq nonidan g‘amlab olishni odat qilishgan.

Ko‘ptirma patir

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Ko‘ptirma patir

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Tandirdan uzilgan ko‘ptirma patir savatda o‘z joyiga olib kelinmoqda.

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Ko‘ptirma kulcha

Foto: “Daryo” / Shohrux Kenjayev

Farg‘ona viloyati

Farg‘onaning tuman va shaharlarida nonning 15 ga yaqin turi pishiriladi va sotiladi.

Marg‘ilon tomonlarda ko‘proq shirmoy non va kulchalar pishiriladi. Shirmoy nonlarning ko‘rinishi chiroyli, hajmi kichik, mag‘zi shirin bo‘ladi.

To‘y va boshqa marosimlarni Qo‘qon patirlarisiz tasavvur qilish qiyin. Bozorlarda gulli va bezakli, sedanali va kunjutli, katta va kichik hajmli Qo‘qon patirlarining 10 dan ziyod turi sotiladi.

Farg‘onadan Toshkentga yoki aksincha poytaxtdan vodiy viloyatlariga yo‘l olgan yo‘lovchi borki, ko‘zi yo‘l yoqasidagi patir sotuvchilarga ko‘zi tushadi. Qo‘qon patirlari Qo‘qon–Toshkent yo‘lida, Qamchiq dovoniga chiqishdan oldin, Dang‘ara tumani hududida pishiriladi. Shu joyning o‘zida, ya’ni katta yo‘l bo‘ylarida sotiladi. Qizig‘i, ushbu patirlarning ustiga, albatta, nonvoyning ismi va telefon raqami yozilgan bo‘ladi. Sariyog‘ qo‘shib tayyorlanadigan patirlar juda mazali va xushta’m, yesangiz, og‘zingizda erib ketadi, shu boisdan mahalliy aholi bu nonlarni “pechenye patir” deb ham atashadi.

Farg‘onada yong‘oqli, mayizli, sedanali, kunjutli nonlar ham tayyorlanadi. Bu nonlar, asosan, to‘y-hashamlar va turli marosimlarda dasturxonlarni bezash, shuningdek, yo‘qlovlar uchun xarid qilinadi.

Ramazon oyida esa saharlik va iftorlik uchun piyozli, go‘shtli va malda nonlar ham pishiriladi.

Xonadonlarda kunlik iste’mol uchun tayyorlanadigan nonlarning esa hajmi kichik, grammi ko‘proq va mag‘zi shirin bo‘ladi.

Qo‘qon-Toshkent yo‘lida, Qamchiq dovoniga chiqishdan avval, Dang‘ara tumani hududida tayyorlab, sotiladigan Qo‘qon patirlari

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Non tayyorlash jarayoni.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Pishgan non tandirdan uzilmoqda.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

To‘ylar va turli marosimlar uchun tayyorlanadigan kichik va katta hajmli Qo‘qon patirlari.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Xonadonlarda iste’mol qilish uchun pishiriladigan shirmoy, kulcha va patir nonlar.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Yong‘oqli, mayizli, sedanali va kunjutli nonlar.

Foto: “Daryo” / Azizjon Ermatov

Qashqadaryo viloyati

Qashqadaryolik novvoylarning ma’lumot berishicha, viloyatda 8-10 xil ko‘rinishdagi nonlar pishiriladi.

“Bunda asosan talabga qaraladi. Kimdir to‘y uchun non xarid qilsa, yana kimdir choyxonaga, kimdir esa iste’mol uchun xonadoniga non sotib oladi. Shuning uchun biz xarid qiluvchining talabiga qarab, nonning ko‘rinishi va og‘irligini hisobga olamiz”, — deydi qarshilik novvoy Abduhamid Rahmatov.

O‘n yildan beri Qarshi shahridagi xalq tilida “Yangi bozor” deb nomlangan bozorda non sotishni kasb qilgan Abduhamid akaning aytishicha, to‘y uchun yoki choyxona uchun xarid qilinadigan nonlarning ko‘rinishi chiroyli bo‘lib, kamroq un sarflanadi.

“Xonadonlarga iste’mol uchun xarid qilinadigan nonlar esa mag‘zli, grammi ko‘proq bo‘ladi. Va shu bois ham to‘y va choyxonalar uchun sotiladigan nonlardan qimmat turadi”, — deydi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan novvoy.

Aytilishicha, to‘y va choyxonalar uchun pishiriladigan nonlar novvoylardan 2200–2300 so‘m atrofida sotib olinadi. Aholiga sotilayotgan nonlar esa asosan 3000 so‘m.

Oilaviy non pishirib, bozorda sotishni kasb qilgan Salima Abdullayevaning ma’lumot berishicha, u bir kunda uch xalta unga pishirilgan nonlarni sotib ulguradi.

“Bir xalta, ya’ni 50 kilo undan 100 dona non chiqadi. Kuniga uch xalta undan tayyorlangan 300 ta nonni sotib ulguraman. Sababi mijozlarim ko‘p”, — deydi Salima Abdullayeva.

Salima Abdullayevaning aytishicha, Qarshi shahrida yashovchi aholi asosan mag‘zli, uy sharoitida pishirilgan nonlarni xohlaydi. Qolaversa, Qarshida respublikaga mashhur bo‘lgan Samarqand nonlari ham pishiriladi.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan dehqonobodlik novvoylarning aytishicha, viloyatning Dehqonobod tumanida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida pishiriladigan xalq tilida “Denov non” nomi bilan tilga olinuvchi nonlar pishiriladi.

“Denov noni deb nomlangan nonimiz odatda tandirda 15-20 daqiqa tursa pishadi. Nonimizga talab ko‘p. Tumandoshlarimiz asosan shu nondan iste’mol qiladi”, — deydi dehqonobodlik novvoy.

Novvoylarning aytishicha, Dehqonobodda pishiriladigan “Denov noni” 2000–2500 so‘m oralig‘ida sotiladi.

Dehqonobodlik yana bir novvoy Jamshid Soatovning aytishicha, Dehqonobodning o‘zida to‘rt-besh xil ko‘rinishga ega bo‘lgan nonlar pishiriladi.

“Dehqonobodda xalq tilida ‘qora non’ deb ataladigan non ham, ‘Denov noni’ ham, asosan tuman markazida yashovchi aholi talabiga ko‘ra pishiriladigan mag‘izli nonlar ham pishiriladi. Biz asosan tuman markazida yashovchi aholi talabidan kelib chiqib, mag‘izli nonlar pishiramiz. Kuniga 500-600 dona non sotamiz”, — deydi novvoy Jamshid Soatov.

Jamshid Soatovning aytishicha, tuman aholisi talabiga ko‘ra pishiriladigan mag‘zli nonlar 3000 so‘mdan sotiladi.

Kuzatuvlarimizga ko‘ra, viloyatning Qarshi shahrida vodiy nonlari ham pishirila boshlangan.

“Vodiy nonlariga ham talab ko‘p bizda. Ammo narxi biroz qimmat bo‘lgani bois, hamma ham vodiy nonlarini sotib olavermaydi. Shu sababdanmi ko‘p qavatli uylar oldida pishirila boshlangan nonlar ko‘p o‘tmay yo‘q bo‘lib qoladi. Novvoylardan so‘rasak, talab kamligi sabab qoplamayotganini aytishadi”, — deydi Qarshi shahrida yashovchi fuqarolardan biri.

“Daryo” muxbirining aniqlashtirishicha, viloyatning uzoq qishloqlaridan — Ko‘l, G‘elon, Sarchashma, Duob, Boshchorbog‘, Langar kabi qishloqlarda hududning o‘ziga xos bo‘lgan hajmi katta nonlari ham pishiriladi.

Qarshining mag‘zli nonlari.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

Qarshida pishirilayotgan Samarqand nonlari.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

Dehqonobodda pishirilayotgan Denov nonlari.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

Dehqonobodda pishirilayotgan mag‘izli nonlar.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

G‘elon qishlog‘ida pishiriladigan non.

Foto: “Daryo” / Otabek Qo‘ldoshev

Buxoro viloyati

Buxoro markaziy dehqon bozoridagi non va qandolat mahsulotlari pavilyonidan 30 dan ortiq rastalar non savdosi uchun ajratilgan. Buxoro shahridan bo‘lgan Shabon aya Norova 50 yildan buyon novvoylik qiladi. 30 yil davomida nonlarni o‘zi qorib, o‘zi tandirga yopgan va bozorga ham o‘zi olib chiqqan.

“8 nafar farzandim bor, to‘rt o‘g‘il, to‘rt qiz. Novvoylik ortidan hammasi uyli-joyli bo‘ldi. Kelinlarim ham shu kasbni tanladi. Har kuni sahar soat 3 da uyg‘onamiz va turli mahsulotlar aralashtirgan holda jami bir qop xamir qoramiz. Soat 05:00 gacha xamir yetiladi. Tonggi soat 07:00 gacha 110–120 ga yaqin non va patirlarni tandirda yopib olamiz va ularni o‘zim savdoga olib chiqaman. Bu nonlar besh turli bo‘lgani uchun xamirlar ham besh xil mahsulotlar bilan to‘yintiriladi. Faqatgina oddiy patir suv va tuzda qoriladi. Obi nonga novvot suvi qo‘shib qorilishi uchun u obinovvot nonlari ham, deb ataladi. Singak non, ya’ni Buxoro shevasida garmqoq, deb ataladigan non tayyorlashda esa uniga sariyog‘ va sut qo‘shib qoriladi. Garmqoq nonlar juda yupqa, xuddi quyoshga tutsangiz, o‘zidan nur o‘tkaza oladigan tarzda tandirga yopib, yaxshigina qizartirib olinadi. Ota-bobolar so‘ziga ko‘ra, o‘zidan oftob nurini o‘tkazadigan bunday nonlar shifobaxsh ekan. Yog‘li, piyozli, go‘shtli patirlarimiz uniga kunjut yog‘i, sut va boshqa mahsulotlar qo‘shib qoriladi”, — dedi Shabon aya Norova.

Shirmoy nonlar.

Foto: “Daryo” / Laylo Hayitova

Romitan shirmoy noni.

Foto: “Daryo” / Laylo Hayitova

Obinovvot non.

Foto: “Daryo” / Laylo Hayitova

Kogon shahridagi sexda pishirilgan patir.

Foto: “Daryo” / Laylo Hayitova

Samarqand viloyati

Samarqand shahrining “Galaosiyo” mahallasi nonchilar mahallasi desa ham bo‘ladi. Bu mahallada yuzdan ortiq novvoylar bor. Mahalladan Siyob va Obi Rahmat ariqlari o‘tgan. Ular tezoqar ariq bo‘lib, ba’zi joylari balanddan pastga qarab tushadi. Shu bois bu yerda tegirmonlar ko‘p bo‘lgan. Tegirmonchilar yanchilgan bug‘doy changini yig‘ib non qilib yegan. Bu undan tayyorlangan nonlar boshqa joylarda galaosiyonikidek chiroyli, shakldor va mazali chiqmagan. Mahallada asta-sekin tegirmonchilardan novvoylar avlodi, sulolasi shakllangan.

“Men nonchilar sulolasining to‘rtinchi avlodiman. Onamdan non yopish sirlarini o‘rganib, hozirda uni davom ettiryapman. Onam 40 yil novvoychilik qilgan. Novvoychilik biz uchun hunar hisoblanadi. Boshqa ishda ishlasak ham, albatta, non yopamiz. Yoshligimdan onamga yordam berib non yopishni o‘rgandim. 20 yil qurilish sohasida ishlagan bo‘lsam-da, non yopishni to‘xtatmadim. Farzanlarim ham novvoylik qilishadi. Ular ham hozirda alohida faoliyat yuritadi”, — deydi Orziqul Zohidov.

Orziqul Zohidovning aytishicha, Galaosiyo nonini tayyorlashning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Ushbu nonlarga bir sutka davomida ishlov beriladi. Qattiq qilingan xamir bir soat mushtlanadi. Shu sababli ham ko‘p kuch sarflanadi. Zuvala qilinib dam olishga qo‘yilgan nonlar sahar soat 03:00 da yasaladi va yana to‘rt soat dam beriladi.

“Galaosiyo nonlariga un, tuz va suvdan boshqa mahsulot qo‘shilmaydi. Misol uchun, boshqa hududlarda nonning ta’mini yaxshilash uchun xamirga yog‘, tuxum, sut kabi mahsulotlar qo‘shiladi. Boshqa novvoylar bir qop unga 100 gramm xamirturush qo‘shsa, biz bir qoshiq qo‘shamiz. Galaosiyo nonlari o‘tin olovida pishgani uchun nonning sifatini, shakl-shamoyilining chiroyli chiqishini ta’minlaydi”, — deydi Orziqul Zohidov.

Orziqul Zohidovning turmush o‘rtog‘i Jamila Soliyevaning ta’kidlashicha, kelin bo‘lib tushgan vaqtlarida xamir qilishga qiynalgan. Sabab esa tayyorlanadigan nonning xamiri qattiq bo‘lgan.

“Boshida xamir qilishga juda qiynalganman. Mushtlash qiyin edi. Hozir esa o‘rganib ketdik”, — deydi Jamila Soliyeva.

“Bir kunda bir yarim kilolik nondan 80 dona yopamiz. Nonni tayyorlashda o‘ziga xos qiyinchiliklari bor. Galaosiyo noni Samarqand nonlari ichida eng qiyini hisoblanadi. Bu nonni tayyorlash ko‘p vaqt va qattiq mehnatni talab qiladi. Bu nonni chiroyli chiqarish kerak. Agar chiroyli chiqarmasangiz raqobatda qolib ketasiz. Non tayyorlashning bir jarayoni 15 soatgacha vaqt ketadi. Agar havo sovuq bo‘lsa 24 soat vaqt ham ketadi”, — deydi Orziqul Zohidov.

Marhamat Davronova ham 35 yildan buyon non tayyorlab sotadi. U kishi novvoychilarning to‘rtinchi avlodi hisoblanadi. Oilaviy novvoychilik bilan shug‘ullanadigan Marhamat Davronovaning xonadoniga 2019-yilda mashhur oshpaz Bahriddin Chustiy ham tashrif buyurib, non yopish sirlarini o‘rgangan.

“Samarqand nonini tayyorlashning boshqalardan yashiriladigan hech bir siri yo‘q. Un, xamirturush, suv, tuz bilan tayyorlanadi. Boshqa hech narsa qo‘shilmaydi. Non avval qorilib, keyin uni qo‘lda mushtlab chiqamiz. Shakl berilib, 12–14 soat davomida issiq xonada tindiriladi. So‘ngra tandirda yopamiz. Non gazda emas, balki mevali daraxtlarning o‘tinida pishirilgani uchun ham qizarib bir maromda pishib, xushta’m bo‘ladi. Shu xonadonga kelin bo‘lib tushganimga 40 yildan oshdi. Turmush o‘rtog‘im, farzandlarim va kelinlarim bilan birga non tayyorlaymiz. Biz pishiradigan nonning og‘irligi bir yarim kilo chiqadi. Shu sabab bir kunda 80 dona non yopiladi”, — deydi Marhamat Davronova.

Samarqandda bir-biridan xushta’m bo‘lgan arpa non, cho‘pon non, qozon non, zog‘ora non, jizzali non, sedanali non, javdar non, zig‘ir urug‘li non, suli non, lochira non, g‘ijja non, obi non, makkajo‘xori non, qora non, jo‘xori non, rayhon patir, ismaloq suvli patir, tosh patir, qizil lavlagi suvli patirlar kabi nonlar tayyorlanadi.

Galaosiyo nonlari

Foto: “Daryo”/ Eldor Muhammadiyev

Toshkent shahri

Toshkent shahrida asosan obi non, jaydari non, sedanali non, shirmoy (sutli non), “romashka”, xalq tilida oddiy “lepyoshka”, Toshkent patiri, vodiy patiri, yulduzcha patir, gijda patir, go‘shtli patir, go‘shtli non, yog‘li patir, jizzali patir, piyozli patir, yong‘oq, mayizli patir kabi nonlar yopiladi.

Bundan tashqari, poytaxtda qora non ham pishirilib, Chorsu bozoridagi non sotuvchilarining aytishiga qaraganda, u tegirmon uni, kepak unidan qorilib, xamirturush qo‘shilmaydi.

Chorsu bozorida, taxminan, 10–15 nafar novvoy ishlaydigan katta umumiy novvoyxona bo‘lib, u yerda yopilgan turli xildagi nonlar novvoyxona tashqarisiga olib chiqib sotiladi.

Shirmoy nonga, o‘z nomidan anglashilib turganidek, sut hamda o‘simlik yog‘i solinadi. Shuning hisobiga bu turdagi nonlar nisbatan yumshoq bo‘ladi. Patir esa qo‘y yoki mol yog‘iga qorilib, unga jizza, ba’zan yong‘oq, mayiz, go‘sht singari mahsulotlar qo‘shib yopiladi.

Toshkent patirga eritilgan yog‘ solinadi, xaridorlar bu turdagi patirni ko‘pincha fotihalar uchun sotib olishadi. Vodiy patiri esa qaymoq va mol yog‘iga qoriladi.

Toshkentdagi do‘konlardan birida ishlaydigan novvoyning aytishicha, ular yopadigan nonlar o‘simlik moyiga qorilishi, ustiga quritilgan sut hamda iste’mol sodasi aralashmasi suyultirib surtilishi hisobiga chiroyli va mazali ekanligi bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, ular nonning tag qismi yaxshi qizarishi uchun xamir qoriladigan suvga shakar ham qo‘shishadi.

Patir nonni tayyorlash jarayoni

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Chorsu bozoridagi novvoyxonada xamirni zuvala qilayotgan bolakay

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Non yasash jarayoni.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Non yasash jarayoni.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Chorsu bozoridagi novvoyxonada novvoy pishgan nonni uzib olmoqda.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

"Romashka" non

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Chorsu bozorida sotuvga olib chiqilgan nonlarni sanayotgan bolakay.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Fotiha to‘ylar uchun yopiladigan kulcha patir.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Yong‘oqli patir.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Jizzali patir.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Qora non.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Chapda Toshkent patir, o‘ngda vodiy patir.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

Toshkent non.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova