Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ishtirok etadi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha Kengashga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining VI uchrashuvi 11—12-oktabr kunlari Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tadi.
Majlisda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash va iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, Afg‘onistondagi vaziyat, jumladan, gumanitar inqirozni oldini olish maqsadida Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini muhokama qilish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 14-sentabr kuni Afg‘oniston xalqiga un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, birlamchi zarur tovarlar, dori-darmonlar, kiyim-kechak va poyabzallardan iborat insonparvarlik yordamini yuborgandi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati a’zolari oziq-ovqat inqirozining oldini olishda ko‘rsatgan bunday yordami uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi.
Abdulaziz Komilov “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida Afg‘onistonning nafaqat xavf-xatar va tahdidlar, balki mintaqaviy konstruktiv va yaratuvchan loyihalarga asos bo‘ladigan yangi imkoniyatlar manbasi ekanini ta’kidlagandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bu masalaga nafaqat Afg‘onistonning yakkalanib qolishini bartaraf etish, shuningdek, unga insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini faollashtirish zarurligidan kelib chiqqan holda ham yondashmoqda.