Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov 26-sentabr kuni Toshkentga tashrif buyurgan Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov bilan O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik ko‘rish masalasini muhokama qildi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi matbuot xizmatining yozishicha, Maksim Reshetnikov bu borada o‘zbekistonlik hamkasblariga har tomonlama ekspertlik ko‘magini berishga tayyorligini bildirgan. Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, dekabr oyida O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida qayd etilishicha, suhbat davomida 2020-yilning oktabr oyida Buxoro shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston—Rossiya Hukumatlararo komissiyaning 21-yig‘ilishi bayonnomasida belgilangan ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish chora-tadbirlari bajarilishining monitoringi ham muhokama qilingan. Mavjud masalalar atroflicha tahlil etilib, tegishli sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirishga oid chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.