Migrantlarga yordam beradigan notijorat Tong Jahoni tashkiloti rahbari Valentina Chupik 25-sentabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Sheremetyevo aeroportida hibsga olindi. Chupik Rossiyadan haydab chiqarilmoqda, deya ma’lum qildi “Novaya gazeta”ga tayanib “Gazeta.uz”.

Foto: Kloop

“Men Sheremetevo aeroporti, F. terminalidagi maxsus hibsxonada o‘tiribman. Hujjatlarni olib qo‘yishgani uchun ular meni qayerga olib ketishlari noma’lum”, — deya nashr Valentina Chupik iqtibosini keltiradi.

Federal xavfsizlik xizmati (FXX) xodimlari huquq himoyachisiga Rossiyada qochqin maqomi olib qo‘yilgani to‘g‘risida xabar berishdi. Shuningdek, unga 2051-yilgacha mamlakatga kirish taqiqlandi. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan huquq himoyachisining endi o‘z mamlakatiga deportatsiya qilinishi xavfi bor, deyiladi xabarda.

“Mediazona” ma’lumotlariga ko‘ra, Valentina Chupik “Qochqinlar to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasi (qochqin deb tan olish uchun bila turib yolg‘on ma’lumot yoki soxta hujjatlar taqdim etish) asosida qochqinlik maqomidan mahrum qilingan.

“Pasport nazoratida o‘tkazmadilar, qochqin guvohnomasi va yo‘l hujjatini olib qo‘yib, maxsus hibsxonaga qamab qo‘yishdi. Bu yer kecha-yu kunduz yorug‘, suv va hojatxona bor, lekin mobil telefon uchun quvvatlagichni berishmayapti, uning “zaryadi” esa ancha o‘tirgan.

Menga ‘Ichki ishlar vazirligidagi tizimli korrupsiya haqida juda faol gapirganimni va migrantlarning noqonuniy hibsga olinishi to‘g‘risida juda ko‘p shikoyat qilganimni’ to‘g‘ridan to‘g‘ri aytishdi. 24 soat ichida O‘zbekistonga deportatsiya qilishmoqchi, shunda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi [IHES reglamenti]ning 39-qoidasini qo‘llashga ulgurmaydi”, — dedi Chupik “RBK”ga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, u hech qachon bila turib o‘zi haqida yolg‘on ma’lumot bermagan va soxta hujjatlar taqdim etmagan.

“Ammo men deportatsiyadan so‘ng apellyatsiya berish imkoniyatiga ega bo‘laman”, — deya u O‘zbekistonga, to‘g‘ri “MXX podvaliga” (Milliy xavfsizlik xizmati, 2018-yilda Davlat xavfsizlik xizmati nomiga o‘zgartirilgan) deportatsiya qilinishi mumkinligi haqida ta’kidladi.

Huquq himoyachisi Andijon voqealaridan keyin Rossiyaga ko‘chib ketgan. U ko‘p yillardan buyon Moskvada yashaydi va huquqni muhofaza qilish organlarining bosimi va boshqa muammolarga duch kelgan migrantlarga bepul yuridik yordam ko‘rsatadi.