Navoiy shahrida yong‘in sodir bo‘lgan xonadondan 9 yoshli bola qutqarib olindi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Qayd etilishicha, 24-sentabr kuni soat 11:46 da Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Navoiy shahar “Gulzor” MFY, Nizomiy ko‘chasidagi xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani hamda uyda yosh bola qolgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Mazkur xabar asosida qutqaruvchilar darhol maxsus texnikalar yordamida xonadon eshigini ochib, uy egasining 2012-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini tutun qoplagan xona ichidan hushsiz holatda qutqarib olib chiqqan va tez tibbiy yordam xodimlariga topshirgan.

Yong‘inga 2 ta yong‘in-qutqaruv guruhi va 1 ta avtonarvon texnikasi jalb qilingan. Yong‘in soat 11:53 da to‘liq bartaraf etilgan, yong‘in oqibatida xonadoning 10 kvadrat metr maydonida uy jihozlari yonib zararlangan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida xonadonning 45 kvadrat metr maydoni yong‘indan saqlab qolingan.

25-sentabr kuni shifoxonada bolaning ahvoli yaxshilangani sababli onasiga sog‘-salomat topshirilgan.

Hozirda yong‘in sababi va zarar miqdori aniqlanmoqda.