Nukus shahrida bir-biriga tutash qurilgan xonadonlarda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar qilmoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, 24-sentabr kuni soat 15:45 da Qoraqalpog‘istonning Nukus shahar “Qumovul” MFY Cheginbayev ko‘chasida joylashgan xonadonlarda yong‘in sodir bo‘layotganligi to‘g‘risida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 15:47 da yetib borib, yong‘in soat 16:20 da qurshab olingan va soat 17:05 da to‘liq bartaraf etilgan.

Yong‘in oqibatida bir-biriga tutash qurilgan 4 ta uyning, taxminan, 357 kvadrat metr maydonda tomi, shifti va ichki qismi yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.