Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanida bir-biriga tutash xonadonlarda yong‘in sodir bo‘ldi deya xabar qilmoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Qayd etilishicha, 18-sentabr kuni soat 16:08 da Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani “Ahillik” MFY Bunyodkor ko‘chasida joylashgan xonadonlarda yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga xabar kelib tushgan.

Zudlik bilan 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 16:25 da yetib borib, yong‘in soat 16:28 da o‘rab olingan va soat 17:15 da o‘chirilgan.

Yong‘in oqibatida bir-biriga tutash qurilgan uylarning, taxminan, 190 kvadrat metr maydonda tomi, shifti va ichki qismi yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Vazirlik xabarida yong‘in sodir bo‘lgan xonadonlarning soni keltirilmagan.

Bundan avval Samarqanddagi xonadonlarning birida yong‘in sodir bo‘lgani, Yunusoboddagi oshxonada yong‘in kelib chiqqani hamda Namanganda talabalar turar joyida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.