22-sentabr kuni Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonuni loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ushbu qonun loyihasida fuqarolarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori pasaytirilgan. Ammo loyihadagi ayrim normalar deputatlarning qizg‘in munozalariga sabab bo‘lgan.

O‘zXDP fraksiyasining bir guruh deputatlaridan iborat Ishchi guruhi tomonidan avtotransport vositalarini boshqarishda yo‘llarda belgilangan tezlikka rioya etilishini radarlar, shuningdek, statsionar va ko‘chma maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda nazorat qilinishi o‘rganilgan. O‘rganish davomida fuqarolar tomonidan bugungi kunda qo‘llanilayotgan jarimalar yuqori ekani bo‘yicha haqli e’tirozlar bildirilgan.

Shundan kelib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-3-moddasi ikkinchi qismi sanksiyasidagi jarima miqdorini bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari qilib belgilash bo‘yicha taklif bildirilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 128-3-moddasi (transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborishi) ikkinchi qismida transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ortiq, lekin 40 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda oshirib yuborishi yoki transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan ko‘p bo‘lmagan kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi uchun BHMning besh barobari (1,35 million so‘m) miqdorida jarima belgilanishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, jarimalar aholining real daromadlaridan kelib chiqib belgilanishi bo‘yicha yana bir qator takliflar bildirib o‘tilgan.

“Umuman, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda nazarda tutilgan ba’zi huquqbuzarliklar uchun tayinlangan jazo choralarining miqdori kodeksning insonparvarlik va odillik prinsiplariga muvofiq emas”, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi Firdavs Sharipov.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning sentabrida O‘zbekistonda avtomobilning sug‘urtasi yo‘qligi uchun jarima maydonchasiga joylashtirish amaliyoti bekor qilingan edi.