Buxoroda Nexia va Damas to‘qnashib ketishi oqibatida ikki kishi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB YHBB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukrullayev xabar berdi.

Foto: Ulug‘bek Shukrullayev

Qayd etilishicha, YTH viloyat hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatga ega A-380 G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beynov avtomobil yo‘lining 240-kilometrida sodir bo‘lgan. Nexia avtomashinasi qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Damas bilan to‘qnashib ketgan. Oqibatda Damas avtomashinasining ikki nafar yo‘lovchisi og‘ir tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Foto: Ulug‘bek Shukrullayev

“Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan. Aniqlanishicha, har ikki avtomashinaga ham jiddiy zarar yetgan. Ikki nafar yo‘lovchining og‘ir ahvoldaligi sabab ayni paytda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, — deydi Ulug‘bek Shukrullayev.

Avvalroq Namanganda Cobalt yo‘l chetidagi chuqurga tushib ketishi oqibatida yo‘lovchi halok bo‘lgani, Qarshida esa Lacetti haydovchisi piyodani urib yuborishi oqibatida jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgani xabar berilgandi.