Qo‘qon shahrida yashovchi bloger Iqbol Komiljonov zaharlangani va og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Farg‘ona viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Husan Mamajonovning ma’lum qilishicha, bloger Iqbol Komiljonov 15-sentabr kuni vafot etgan.

“Iqbol Komiljonov 8 kundan beri kasallik bilan kurashishimizga qaramasdan vafot etdi. Hozirgi kundagi barcha diagnostik davolash ishlarini amalga oshirdik. Afsuski, kasallik o‘z kuchini ko‘rsatib, vatandoshimiz vafot etdi. Iqbol Komiljonov 7-sentabr kuni og‘ir ahvolda shifoxonaga kelishi bilan reanimatsiyaga olingandi. Unga ikki tomonlama pnevmoniya, qandli diabetning 2-turi, yurak ishemik kasalligining ikkinchi turi hamda nafas va qon aylanish tizimining buzilishi tashxisi qo‘yilgandi”, — deydi Husan Mamajonov.

Qayd etilishicha, Iqbol Komiljonov Qo‘qon shahridagi muammolarni yoritib boruvchi Facebook’dagi “Qo‘qonjonim” guruhining asosiy mualliflaridan biri hisoblanadi. U kommunal soha, sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi tizimidagi muammolar yoritilgan keskin tanqidiy chiqishlari bilan tanilgan.

Ma’lum qilinishicha, Iqbol Komiljonov qorin sohasida og‘riq paydo bo‘lib, sog‘lig‘ida muammolar kuzatilgach, 2021-yilning 7-sentabr kuni davolanish maqsadida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga murojaat qilgan.

Unga hamrohlik qilgan yaqinlarining ta’kidlashicha, dastlab bemorning ovqatdan zaharlangani taxmin qilingan. Biroq keyinchalik shifokorlar bemorda zaharlanish alomatlari kuzatilmaganini aytgan.

“Iqboljonni o‘sha kuni kasalxonaga o‘g‘li va jiyani bilan birga olib bordim. Qorin sohasi va ichaklarida kuchli og‘riq borligini aytdi. Lekin hushi joyida edi. Qo‘qondan o‘zi keldi. Kasalxonaga ham o‘zi yurib bordi. Men uni shifoxonaga joylashtirib, uyga ketdim. Kechasi ahvoli og‘irlashib qolgani uchun reanimatsiyaga olishgan.

Ertasiga zaharlanishga o‘xshayapti, deyishdi. Keyingi kuni esa shifokor chiqib, ukam koronavirus bo‘lganini, saturatsiyasi 60 ga tushib ketganini aytdi. Lekin o‘sha kuni topshirgan tahlillarida koronavirus aniqlanmadi. Shifoxonaga olib kelganimizda ham ukamda na yo‘tal, na isitma, na og‘riq bor edi. COVID-19 yoki pnevmoniyaning birorta belgisi yo‘q edi. Shifokorlar bemorda qandli diabet va boshqa surunkali kasalliklari borligi uchun ahvoli birdaniga og‘irlashib qolganini aytishyapti. Iqboljon bir-ikki oy ilgari koronavirusga chalingandi. Lekin kasallik juda yengil o‘tgandi. Shifoxonada joy yo‘qligi uchun uyda davolangandi.

Bir hafta oldin Farg‘onaga kelib, mukofot olib ketdi. Ikki kun avval ham kayfiyati, salomatligi juda yaxshi edi. Hayronman, soppa-sog‘ yurgan odam nega birdaniga og‘irlashib qoldi?”, — deya “Daryo”ga ma’lum qilgan blogerning opasi Shoira Komiljonova.

Iqbol Komiljonovning opasi Xurshida Zokirovaning ma’lum qilishicha, blogerga koronavirus asoratlari, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemor yaqinlarining tibbiy ekspertiza tayinlash haqidagi so‘rovlari shifokorlar tomonidan rad etilgan.

“Ukamning holatini ko‘rib, zaharlangan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildik. Shifokorlarga bizda shunaqa shubha bor, ekspertiza qilib beringlar, dedik. Ular bemorda zaharlanish belgilari yo‘q, ekspertiza qilish shart emas, deyishdi. Bugun viloyat toksikologiya bo‘limi boshlig‘i kelgan ekan. Undan ukam zaharlangan bo‘lishi mumkinmi, ekspertiza qildirsak, aniqlab beradimi, deb so‘radik. U ekspertiza orqali bemordagi zaharli moddalarni aniqlash mumkinligini aytdi. Lekin bu yerdagi shifokorlar endi foydasi yo‘q, oradan 4 kun o‘tdi, osma ukollar qilindi, baribir qondan yuvilib ketgan bo‘ladi, deyishyapti. Shunaqa ekan, nimaga kelgan kunimiz ekspertizaga ruxsat berishmadi?”, — deydi Xurshida Zokirova.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, bemor ko‘p yillardan buyon qandli diabet bilan kurashib kelgan. Shuningdek, koronavirus infeksiyasiga chalingach, bemorda turli surunkali kasalliklar avj olgan. U shifoxonaga ichaklardagi muammo bilan murojaat qilgan.

Farg‘ona viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Odil Umarovning ma’lum qilishicha, blogerning salomatligi bilan bog‘liq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar mutlaqo asossiz. Bemorda zaharlanish alomatlari mavjud bo‘lmagan.

“Bemorning yaqinlari zaharlanmaganmi, degan masalani qo‘yyapti. Ekspertiza o‘tkazib beringlar, deyishyapti. Bemorda qandli diabet xastaligi bo‘lgan. Qolaversa, u yaqinda koronavirus bo‘lgan ekan. Infeksiya o‘pkaga o‘tib, ikki tomonlama pnevmoniya rivojlangan. Tanadagi barcha xastaliklar birlashib, bosh miyaga ishemiya bergan. Bu bosh miya qon aylanishining o‘tkir buzilishini keltirib chiqaradi.

Tananing ba’zi a’zolarida chirish boshlangan. Ana shu chirishning orqasidan zahar chiqqan. Ya’ni kasallik organizmni zaharlayapti. Bu ichki zaharlanish, u tashqaridan tushmagan”, — deydi markaz shifokori Elmurod Yo‘lchiyev.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining viloyat boshqarmasi rahbari Shohidbek Aslonovning ma’lum qilishicha, Iqbol Komiljonovning samarali mehnatlari inobatga olinib, “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlangan. Shuningdek, u “Eng ulug‘, eng aziz” an’anaviy tanlovining viloyat bosqichida “Eng faol ijtimoiy tarmoq guruhi administratori” deb topilgan.