Andijonda tanishining telefonini tortib olib, tovlamachilik qilgan ikki shaxs qo‘lga olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: IIV matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 6-sentabr kuni fuqaro B.A. IIVga ariza bilan murojaat qilib, tanishi L.X. va X.I. 4-sentabr kuni uni L.X.ning Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan uyiga olib borib, unga nisbatan kuch ishlatib, IPhone 12 Pro Max telefonini tortib olganini bildirgan.

Ular B.A.ning telefonda mavjud bo‘lgan ayol kishi bilan intim videotasvirlarini internet tarmog‘i orqali tarqatib yuborish bilan tahdid qilib, tarqatmaslik evaziga 10 ming dollar so‘ragan. Bundan tashqari, uyali telefonini qaytarib berish evaziga yangi IPhone 12 Pro Max uyali telefon uchun 1150 dollar berishini talab qilgan.

Fuqaro jami 11 150 dollar talab qilayotgan ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy chora korishni so‘ragan.

Mazkur arizaga asosan 7-sentabr kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Andijon viloyati IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqarolar L.X. va X.I. Andijon shahar, O‘zbekiston ko‘chasidagi 48-maktab tashqi tomonida ariza muallifidan 10 ming dollarni olgan vaqt ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan shu kuni Andijon viloyati IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib ko‘p miqdorda tovlamachilik sodir etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, L.X. va X.I.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Ayni paytda jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.