Namanganda mamlakatda ilk bor tashkil etilgan “Taklifim.uz” jamoatchilik ishtiroki portalining taqdimoti o‘tkazildi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Portal viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov tashabbusi bilan hokimlik huzuridagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi tomonidan ishlab chiqildi. Asosiy maqsad viloyatda investitsiya va boshqa hududiy dasturlarni shakllantirishda fuqarolar, OAV vakillari, blogerlar va keng jamoatchilik ishtirokini ta’minlashdan iborat.
“Mazkur yangi tizim birinchi galda ijtimoiy soha va muhandislik-kommunikatsiya hamda infratuzilma obyektlari bo‘yicha takliflarni jamlashga qaratilgan. Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, tibbiyot muassasalari, sport va madaniyat obyektlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash bo‘yicha takliflar kiritish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, ichki yo‘llarni shag‘allash va asfaltlash, elektr, suv tarmoqlari tortish, tayanch ustunlari, transformatorlar o‘rnatish, inshoot qurish yuzasidan murojaat qilish mumkin. Qolaversa, internet va aloqa, yoritish tizimlari, transport yo‘nalishlari va avtobekatlar qurish bo‘yicha ham takliflar berish mumkin”, — deydi taqdimotda ishtirok etgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Tolibjon Yusupov.
Tolibjon Yusupovga ko‘ra, portalga kelib tushgan takliflarni o‘rganish bo‘yicha tegishli soha mutasaddilaridan iborat ishchi guruh shakllantiriladi. Qabul qilingan va maqbul deb topilgan takliflar ijrosi yuzasidan har chorakda hisobot berib boriladi.
Jamoatchilik ishtiroki portali test tartibida ishga tushirildi. Kelgusida uning mobil ilovasi yaratilishi ham ko‘zda tutilgan.