Dunyo va o‘zbek sportiga oid 9-sentabr kunining eng muhim xabarlari dayjesti bilan tanishing.
O‘zbekiston
Rossiyaning Qozon shahrida MDH o‘yinlari bo‘lib o‘tmoqda. 8 va 9-sentabr kungi bahslarda o‘zbekistonlik sportchilar muaytay hamda dzyudo musobaqalarida ishtirok etdi.Muaytay bahslarida 9 nafar sportchi qatnashib, 1 ta oltin, 1 ta kumush va 6 ta bronza medallarini qo‘lga kiritdi. Dzyudochilar esa umumiy hisobda 12 ta medalga ega chiqdi. Shundan 4 tasi oltin, 2 tasi kumush va 6 tasi bronza medallari bo‘ldi.
Shu tariqa O‘zbekiston sport delegatsiyasi hisobidagi medallar soni 80 taga (21 oltin, 29 ta kumush va 30 ta bronza) yetdi.
9-sentabr kuni O‘zbekiston Superligasining 17-turi start oldi. Turning ilk o‘yinida “Andijon” “Mash’al” maydoniga safar qildi va 1:0 hisobidagi g‘alabani tantana qildi.
Qayd etish kerak, bu andijonliklar uchun Muborakda qo‘lga kiritilgan ilk g‘alaba bo‘ldi. Bungacha jamoa biror marta ham Muborakda g‘alabaga erishmagandi.Jahon
Italiya terma jamoasi ketma-ket 37 o‘yindan iborat bo‘lgan mag‘lubiyatsiz seriya qayd etib, Braziliya hamda Ispaniyaning rekordini yangiladi.
Braziliya 1993—1996-yillarda qatorasiga 35 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchramagan bo‘lsa, Ispaniya 2007—2009-yillarda xuddi shunday natija ko‘rsatgandi.
“Lion” himoyachisi Jerom Boateng 5 yilga qamalishi mumkin, deb yozadi Der Spiegel nashri.
Qayd etilishicha, futbolchi sobiq qaylig‘i Sherin Zenlerga kuch ishlatganlikda gumon qilinmoqda. Prokuraturaning ayblovi bo‘yicha Boateng 2018-yilda janjal sabab farzandlarining onasi bo‘lgan Sheringa qo‘l ko‘targan va tan jarohati yetkazgan.
Germaniyalik futbolchining advokati ayblovlarni rad etmoqda. Agar futbolchi aybdor deb topiladigan bo‘lsa, jarimaga tortilishi yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.
“Barselona” yarim himoyachisi Ansu Fati oktabr oyiga kelibgina maydonga qaytishi mumkin. Bu haqda AS ma’lum qildi.
Nashrga ko‘ra, 18 yoshli futbolchi 17-oktabr sanasida La Liga doirasida “Valensiya”ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuvga tayyor bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Fati 2020-yilning noyabr oyida tizzasidan olgan jarohatidan tiklashda davom etmoqda.
Yaponiya hukumati 2021-yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan futbol bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Jahon Chempionatini o‘tkazishdan bosh tortdi. Bu haqda BBC Yaponiya futbol federatsiyasiga tayanib xabar bermoqda.
Ushbu qaror federatsiya va FIFA o‘rtasida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar tufayli o‘tkazilgan muzokaralar natijasida qabul qilingan.
“Sevilya” hujumchisi Yusuf an-Nasiri faoliyatini “Arsenal”da davom ettirishi mumkin.
La Colina de Nervion’ga ko‘ra “kanonirlar” 24 yoshli marokashlik futbolchining xizmatlariga qiziqish bildirgan va unga jamoani tark etishga yaqin turgan Per-Emerik Obameyangning o‘rinbosari sifatida qaramoqda.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!