Toshkentning Chilonzor tumanida @inkuzart taxallusi bilan ijod qilayotgan ko‘cha rassomi Abdurahmon 4-sentabr kuni UzAuto Motors kompaniyasining monopoliyasiga atab strit-art chizgan edi. 5-sentabr kuni u ushbu ijod namunasi o‘chirilayotganini e’lon qildi.

Mazkur strit-art namunasi eski Amerika elchixonasi, Chilonzor savdo markazi yaqinida chizilgan edi. Unda O‘zbekistondagi avtosalonlarda mashina xarid qilish uchun yuzaga kelayotgan uzundan uzoq navbat tasvirlangandi. Navbat boshida turgan insonning qizil bosh kiyimi “shapka” tizimiga ishora qiladi.

Foto: Instagram / @inkuzart

Ta’kidlash kerakki, UzAutoSavdo ma’lumotlariga ko‘ra, ayni vaqtda Lacetti xarid qilish uchun navbatda turganlar soni 31 mingga, Cobalt uchun 11 mingga yetgan.

Avvalroq @inkuzart Toshkentdagi binolar devorlarini koronavirus pandemiyasi mavzusidagi graffitilar bilan bezayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

2020-yilning yozida Abdurahmon Chilonzor tumanidagi dahalarni turli tasvirlar bilan “boyitish” niyatida ekanini ma’lum qilgandi. “Chilonzorni galerеyaga aylantirmoqchiman. Keyin esa boshqa tumanlar, shaharlar, mamlakatlar va qit’alarga o‘taman”, — degan edi o‘shanda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Chilonzor ko‘chalarida san’atga joy topish qiyin. Qonunchilikka ko‘ra turar joy binolarining devorlariga chizishga ruxsat berilmagan.