2021-yil 26-avgustda Kobul aeroporti yaqinida ikkita portlash sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida kamida 170 kishi halok bo‘ldi. Hujum uchun javobgarlikni IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi o‘z zimmasiga oldi: bo‘lim Afg‘onistonda rasman 2015-yilning boshida “Viloyati Xuroson” nomi bilan paydo bo‘lgan. Ular kimlar? Nima uchun “Tolibon” va AQSh bu bo‘linmani shunchalik katta tahdid deb hisoblab, hatto ularga qarshi kurashda hamkorlik qilishga tayyor? Meduza bu haqida maqola tayyorlagan, quyida uning tarjimasi bilan tanishish mumkin.

Kobul aeroporti yaqinidagi teraktda halok bo‘lganlarning jasadlarini ko‘ngillilar va shifokorlar zambilga ortmoqda

Foto: AFP

Afg‘onistondagi IShID kimlar?

“Tolibon” 2021-yil avgust oyining o‘rtalarida Kobulni egallagach, birinchi qilgan ishi Afg‘oniston Milliy xavfsizlik boshqarmasining qamoqxona binosidagi hamma mahbuslarni qo‘yib yuborish bo‘ldi, mahkumlar orasida to‘qqiz kishi joyida qatl qilingan.

O‘ldirilganlardan biri Abu Umar Xurosoniy taxallusi bilan tanilgan kishi edi, u ilgari IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi yetakchilaridan biri bo‘lgan. Aynan IShID 2021-yil 26-avgustda Kobul aeroporti yaqinida yuzdan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan bir qator qonli teraktlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. “Tolibon” vakili ushbu teraktlarni keskin qoraladi.

IShIDning Afg‘onistondagi bo‘linmasi G‘arb manbalarida ISIS-K yoki IS-KP qisqartmalari bilan yuritiladi, KP bu yerda Khorasan Province, ya’ni “Xuroson viloyatidagi IShID” degan ma’noni anglatadi. IShIDning o‘z terminologiyasida bu “Viloyati Xuroson” deb nomlanadi. “Viloyatlar”— IShID qurmoqchi bo‘lgan yagona global xalifalikning ma’muriy birliklari.

Garchi Afg‘onistonda bunday viloyat bo‘lmasa-da (lekin qo‘shni Eronda uchta shunday nomdagi hudud bor), sababi hozirgi Eron, Afg‘oniston, O‘zbekiston va Tojikistonning bir qismini o‘z ichiga olgan Buyuk Xuroson tarixiy mintaqasi IShID esxatologiyasida alohida ramziy ahamiyatga ega.

Ular qayerdan kelgan?

Ommaviy axborot vositalari va kuzatuvchilarga ko‘ra, IShIDning birinchi elchilari Pokistonda 2014-yilning kuzida paydo bo‘lgan. Ular o‘zlari bilan pushtun va dariy tillaridagi varaqalarni olib kelgan, ularda mahalliy musulmonlarni IShID “xalifasi” Abu Bakr al-Bag‘dodiyga qasamyod qilishga va uning butunjahon jihodiga qo‘shilishga da’vat qilingan. 2015-yil yanvar oyida esa o‘sha paytda qudrati va xalqaro ta’siri cho‘qqiga chiqqan IShID Afg‘onistonda “Viloyati Xuroson” tashkil etilganini rasman e’lon qildi.

Bu vaqtga kelib, IShID Iroqning Mosul shahri va Suriyaning Raqqa shahrini egallab olgan, jahon xalifaligi tashkil etilganini da’vo qilgan va boshqa mamlakatlardagi radikal jihodchi guruhlar, masalan, Nigeriyadagi “Boko Haram”dan sodiqlik qasamyodini qabul qilgandi.

“Afg‘oniston tahliliy tarmog‘i” (AAN) markazi o‘z tadqiqotida yozishicha, yangi “viloyat” Pokiston islomiy guruhlari tomonidan tuzilgan. Guruhlarni esa 2010—2011-yillarda Pokiston armiyasining mamlakat shimoliy hududlaridagi operatsiyasidan qochib, chegaradan o‘tgan qochoqlar tashkil etardi.

Ular o‘zlarini “muhojirlar” (ya’ni “qochqinlar” yoki “ko‘chmanchilar”) deb atagan va pushtun xalqlarining mehmondo‘stlik an’analaridan bahramand bo‘lgan. Tahlil markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2015-yil oxirida, Afg‘oniston bilan chegaradosh Nangarhor viloyatida oilalari bilan 2000 dan ortiq pokistonlik “ko‘chmanchilar” bor edi, ulardan mingga yaqinini faol jangarilar deb hisoblash mumkin.

Pokistonning bir qancha radikal tashkilotlarini o‘z ichiga olgan “Tehrik-i-Tolibon Pokiston” (TTP) guruhi rahbarlaridan biri, dala qo‘mondoni Hofiz Said Xon 2015-yil boshida o‘zini “Viloyati Xuroson” amiri deb e’lon qildi. Ammo uning rahbarligi uzoqqa cho‘zilmagan — 2016-yil avgust oyida AQSh harbiylari Hofiz Said Xonni dron zarbasi yordamida o‘ldirganini e’lon qildi. “Viloyati Xuroson” jangarilari safida pokistonliklar, afg‘onistonliklar bilan bir qatorda ko‘plab “Tolibon” qochqinlari ham bor.

2015-yil avgust oyida “O‘zbekiston islom harakati” yetakchilari Afg‘onistondagi IShIDga sodiqlik qasamyodini qabul qildi. “O‘zbekiston islom harakati” bu 1979—1989-yillarda Afg‘onistondagi Sobiq ittifoq kontingenti a’zolari bo‘lgan O‘zbekiston SSRning ikki mahalliy fuqarosi tomonidan tashkil etilgan afg‘on terrorchilik guruhi. Bundan tashqari, hind matbuoti 2016-yilda Hindistondan bir necha o‘nlab islomchilar “Viloyati Xuroson”ga qo‘shilgani haqida xabar tarqatdi.

AQSh IShIDning Afg‘oniston bo‘linmasini o‘ta jiddiy tahdid deb bildi, 2020-yilda The Washington Post xabar berishicha, AQSh harbiylari hatto Kunar viloyatida maxsus operatsiya o‘tkazgan va “Viloyati Xuroson” pozitsiyalariga hujum qilgan “Tolibon”ni havo raketalari va dronlar bilan qo‘llab-quvvatlagan.

Maxsus operatsiyani qaysidir ma’noda qo‘shma deb ham atash mumkin: The Washington Post nashrining yozishicha, amerikaliklar “Tolibon” bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilmasdan turib, ularning IShIDga qarshi harbiy kampaniyalari haqida ma’lumot to‘plagan, radiosuhbatlarni tinglagan, so‘ng shular asosida harakat qilgan.

Gazetada qayd etilishicha, “Tolibon” buni tushungan va rasmiy raqiblarining yordamini qabul qilib, amerikaliklar birinchi bombardimon qilganidan keyingina IShID pozitsiyalariga o‘tgan. Bundan tashqari, aynan Nangarhor viloyatidagi “Viloyati Xuroson” pozitsiyasida AQSh 2017-yilda yadroviy bo‘lmagan dunyodagi eng kuchli “MOAB” bombasini tashlagan.

Oxir-oqibat “Viloyati Xuroson” Afg‘onistonda muhim hududiy fathlarni amalga oshira olmadi. Ularning Nangarhor viloyatidagi so‘nggi tayanch punkti 2018-yil iyul oyida AQSh va Afg‘oniston qo‘shma armiyasi tomonidan toliblarning yashirin yordami bilan mag‘lub etildi.

Buning o‘rniga, IShID a’zolari, asosan, xudkushlar ishtirokidagi eng qonli va vayronkor teraktlarni amalga oshirishga e’tibor qaratdi. Hujumlar asosan, tinch aholiga (ayniqsa, Afg‘onistondagi ozchilik shialar va ko‘pincha ta‘qiblarga uchragan xalq — hazoralarga), shifokorlarga, minalarni zararsizlantiruvchi mutaxassislarga, jamiyat faollari va jurnalistlarga qarshi qaratilgan.

2018-yilning aprel oyida Kobuldagi saylovchilarni ro‘yxatga olish markazi yaqinida “Viloyati Xuroson” xudkush terrorchisi tomonidan sodir etilgan birgina terakt oqibatida 69 kishi halok bo‘ldi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Afg‘onistondagi vakolatxonasi (UNAMA) 2021-yilning birinchi to‘rt oyida sodir etilgan va ular uchun IShID javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan 77 ta teraktni hisoblab chiqdi.

“Tolibon” va IShID o‘rtasidagi munosabatlar qanday?

Rasmiy ravishda, “Tolibon” va IShID o‘zaro raqib bo‘lib, ommaviy bayonotlarda muntazam ravishda bir-birini qoralaydi. Radikal islomiy mafkuraning o‘xshashligiga qaramay, ular o‘rtasida bir qator tub farqlar mavjud. “Tolibon” hech qachon dunyoga hukmronlik qilishni da’vo qilmagan va har qanday xorijiy bosqinchilaridan qutulishga harakat qilayotgan Afg‘onistonning o‘zida hokimiyatga da’vogarlik bilan cheklangan.

“Tolibon” boshqa mamlakatlardan kelgan islomchilarga nisbatan ham shunday pozitsiyada. 2001-yilda “Tolibon” va ularning o‘sha paytdagi ittifoqchilari Kobuldan quvib chiqarilgach, The Wall Street Journal muxbiri “Al-Qoida” qochqinlari tashlab ketgan kompyuterga kira oldi. Undan topilgan hujjatlar va yozishmalardan ma’lum bo‘ldiki, “Tolibon” va ularning o‘sha paytdagi ittifoqchilari o‘rtasida o‘zaro hamfikrlik darajasi past bo‘lgan: “Al-Qoida” a’zolari Afg‘onistonni Qur’onni tushuna olmaydigan, savodsiz qishloqilar deb hisoblagan, “Tolibon” esa ularni navbatdagi kelgindilar deb atagan va ularni Afg‘onistonga navbatdagi portlash va xalqaro izolyatsiyadan boshqa hech qanday yaxshilik olib kelmaydi, deb bilgan. 2014-yil o‘rtalarida “Al-Qoida”dan ajralib chiqqan IShID, o‘z navbatida “Tolibon”ni AQSh bilan muzokara qilishga tayyorligi uchun murtad va xoin deb hisoblaydi.

Ba’zi kuzatuvchilarning fikricha, IShID va “Tolibon” o‘rtasida haqiqatan ham bog‘liqlik mavjud. Bu aloqa “Tolibon” bilan ittifoqchi bo‘lgan “Haqqoniy tarmog‘i” mustaqil radikal guruhi orqali amalga oshiriladi. Guruh asoschisi Sirojiddin Haqqoniyning o‘g‘li “Tolibon” boshlig‘ining o‘rinbosari.

The Wall Street Journal yozishicha, Afg‘oniston hukumati doimiy ravishda “Haqqoniy tarmog‘i”ni IShIDni yashirincha qo‘llab-quvvatlashda ayblab keladi. Afg‘oniston sobiq vitse-prezidenti Amrulla Solih ham “Tolibon” va “Haqqoniy tarmog‘i” o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirgan. Bundan tashqari, “Haqqoniy” va “Viloyati Xuroson” o‘rtasida kadrlar almashinuvi mavjud: ikkala guruhning ayrim a’zolari biridan boshqasiga ko‘chib o‘tgan.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.