Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusga qarshi “EpiVakKorona-N” vaksinasini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: Sputnik

Yangi vaksina Rossiya Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va inson farovonligini nazorat qilish federal xizmati (“Rospotrebnadzor”)ning “Vektor” markazi tomonidan ishlab chiqilgan. Ushbu preparat “EpiVakKorona” vaksinasining yangilangan versiyasidir.

Ishlab chiquvchilarning ma’lum qilishicha, yangi vaksinada sintez qulayligi uchun ikkita peptid birlashtirilgan — bu ishlab chiqarishni yengillashtirish va kengaytirish imkonini beradi, ushbu ikki vaksina o‘rtasida tub farq yo‘q.

Vaksina ikki marta yuboriladi, ularning orasidagi muddat kamida 14 kun bo‘lishi kerak. “EpiVakKorona-N” ning savdodagi nomi AURORA-CoV bo‘ladi.

“EpiVakKorona” — Rossiyada koronavirusga qarshi ikkinchi bo‘lib ro‘yxatga olingan vaksina. Preparat yordamida 2021-yilning bahorida aholini ommaviy emlash boshlangan.

“EpiVakKorona” klinik sinovida ishtirok etganlar bahorda Sog‘liqni saqlash vazirligiga ochiq xat yuborgan. Xatda vazirlikdan “Rospotrebnadzor”dan mustaqil ravishda vaksina samaradorligini o‘rganish so‘ralgan. Bunday so‘rovga ushbu vaksina bilan emlanganlarda zararsizlantiruvchi antitanalar ishlab chiqilmagani sabab bo‘lgan.

“EpiVakKorona” va “EpiVakKorona –N”dan tashqari Rossiyada yana uchta vaksina — “Sputnik V”, “Sputnik Layt” va “KoviVak” ro‘yxatdan o‘tgan.