Afg‘oniston fuqarolari O‘zbekiston hududidan uchinchi davlatga uchish uchun aviachipta sotib olib, undan chegarani kesib o‘tishda foydalanmoqda, deb xabar beradi Sputnik.

Foto: Sputnik

Ma’lum qilinishicha, ushbu chiptalardan afg‘onlarning barchasi ham foydalanmayapti. Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra, xarid qilingan chiptalarning aksariyati aviakassaga qaytarilmoqda va chegarani kesib o‘tgan afg‘onlar O‘zbekiston hududida — asosan, Termizda qolmoqda.

“Chegarani kesib o‘tishning bu kabi ayyorona mexanizmi ko‘paydi. Prognozlarga ko‘ra, yangi qochoqlar oqimi ortadi, chunki ‘Tolibon’ning va’dasiga qaramay, ularning siyosati va ideologiyasi barchaga ham ma’qul emas”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq O‘zbekiston—Afg‘oniston chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari qayta ishga tushgach, mazkur yo‘nalish bo‘yicha qatnayotgan avtomobillar soni ortgani, afg‘onlar O‘zbekiston hududiga baklajkalardan yasalgan sollar yordamida suzib o‘tayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 15-avgust kuni “Tolibon” Afg‘onistonning butun hududini o‘z nazorati ostiga olganini e’lon qildi. 16-avgust kuni Afg‘oniston fuqaro aviatsiyasi aviakompaniyalarga mamlakat havo hududini aylanib o‘tishni tavsiya etdi. Shu kuniyoq United Airlines, British Airways va Virgin Atlantic aviakompaniyalari Afg‘oniston havo hududidan foydalanishni to‘xtatdi. 17-avgust kuni ular qatoriga Air France-KLM, Lufthansa, Qatar Airways, Singapore Airlines, China Airlines va boshqa aviakompaniyalar qo‘shildi.