Qarshida chempion yigitning kaltaklanishiga guvoh bo‘lganlar 102 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib, voqea haqida xabar bergach, IIB xodimlari voqea joyiga 21 daqiqada yetib borgan. Bu haqda Qashqadaryo viloyati prokuraturasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri.

Po‘lat Bobojonov.

Foto: “Daryo”

“Jinoyat sodir bo‘lgan kuni voqea haqida 102 qisqa raqamiga soat 09:49 da xabar berilgan bo‘lsa, soat 10:10 da fuqaro kiyimidagi Ichki ishlar xodimlari yetib borgan”, — deydi ichki ishlar vaziri “Daryo”da e’lon qilingan faktlarga to‘xtalar ekan.

Ichki ishlar vaziri kuzatuv kameralarini ko‘rib chiqqanini va voqea uch daqiqa ichida sodir bo‘lganini, voqea guvohlaridan biri ayol bo‘lishiga qaramasdan, jabrlanuvchiga yordam berishga uringanini ta’kidlab, befarq bo‘lmagan fuqaroning harakatiga ijobiy baho berdi.

Vazirning qayd etishicha, voqea joyiga nomersiz qora Gentra’da sakkiz nafar kishi kelgan.

Foto: “Daryo”

“Bitta mashinada sakkiz kishi kelgan. Jabrlanuvchini ham ortib, to‘qqiz kishi bir mashinada ketgan. Bu esa jinoyat oldindan rejalashtirilib, katta tayyorgarlik ko‘rilganidan dalolat beradi”, — deydi vazir Po‘lat Bobojonov.

Eslatib o‘tamiz, “Daryo”da e’lon qilingan maqolada voqea guvohlari 102 qisqa raqamlariga qayta-qayta qo‘ng‘iroq qilinishiga qaramasdan, IIB xodimlari voqea joyiga juda kech kelganini bildirgandi.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova IIB xodimlarining voqea joyiga juda kech — 40-45 daqiqada yetib kelgani haqidagi fikrlarga javoban 102 qisqa raqamlariga chiqib, vaziyatni tez orada oydinlashtirib, IIB xodimlariga qachon chaqiruv bo‘lgani hamda voqea joyiga qachon yetib borganini oydinlashtirib berishini ma’lum qilishiga qaramasdan, vaziyatga oydinlik kiritmagandi. Vazir Po‘lat Bobojonov matbuot anjumanida viloyat IIB axborot xizmati rahbari shu savolni ochiq qoldirgani uchun ham holatga oydinlik kiritib ketishga qaror qilganini bildirdi.

Foto: “Daryo”

“102 ga shaxsan o‘zim uch marta qo‘ng‘iroq qildim. Voqea haqida aytib, tez yetib keling, hozir o‘ldirib qo‘yishadi, dedim. Xo‘p, ariza qabul qilindi, yozib oldik, deya menga qo‘pollik qilishdi. Kelaverishmagach, 09:51 da yana telefon qildim. Yana kelishmagach, soat 10:11 da yana terdim. Hech bo‘lmasa ratsiya orqali xabar berib, nomersiz qora Gentra‘ni ushlanglar, dedim. Xullas, IIB xodimlari voqea haqida xabar berilganidan so‘ng ham 40-45 daqiqa o‘tgach kelishdi. Ular kelishganda esa, bezori bolalar yigitni yarimjon holatda mashinaga tiqib olib ketishgandi. Atrofda ko‘pchilik bor edi, ammo hech kim yordam bermadi. Men ham qiz bola bo‘lganim uchun yigitlarning qo‘lidagi pichoqni ko‘rib, yordamga borolmadim”, — degandi “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan suhbatdosh.

Jurnalistlar so‘roviga javob bergan Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi qo‘riqlash xizmati mas‘uli, texnika bo‘limi bosh mutaxassisi Bahrom Yoqubov esa mahalladan Milliy gvardiyaga soat 09:42 da xabar borganini, Milliy gvardiya xodimlari mahalla idorasiga soat 09:47 da yetib kelganini ochiqlagandi.