Qarshi shahrida sodir bo‘lgan mudhish qotillik haqida gapirgan voqea guvohlari 102 qisqa raqamlariga xabar berilganidan so‘ng, IIB xodimlari voqea joyiga 40-45 daqiqada yetib kelganini, shu bois qotillikning oldi olinmaganini aytmoqda. Bu haqda “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan suhbatdosh 102 qisqa raqamlariga qilingan qo‘ng‘iroqlar vaqtini ham ko‘rsatdi.

“102 ga shaxsan o‘zim uch marta qo‘ng‘iroq qildim. Voqea haqida aytib, tez yetib keling, hozir o‘ldirib qo‘yishadi, dedim. Xo‘p, ariza qabul qilindi, yozib oldik, deya menga qo‘pollik qilishdi. Kelaverishmagach, 09:51 da yana telefon qildim. Yana kelishmagach, soat 10:11 da yana terdim. Hech bo‘lmasa ratsiya orqali xabar berib, nomersiz qora Gentra’ni ushlanglar, dedim. Xullas, IIB xodimlari voqea haqida xabar berilganidan so‘ng ham 40-45 daqiqa o‘tgach kelishdi. Ular kelishganda esa, bezori bolalar yigitni yarimjon holatda mashinaga tiqib olib ketishgandi. Atrofda ko‘pchilik bor edi, ammo hech kim yordam bermadi. Men ham qiz bola bo‘lganim uchun yigitlarning qo‘lidagi pichoqni ko‘rib, yordamga borolmadim”, — deydi ism-sharifi sir qolishini so‘ragan suhbatdosh.

Foto: “Daryo”

Suhbatdoshning aytishicha, IIB xodimlari o‘z vaqtida yetib kelganida mudhish qotillikning oldi olingan bo‘lardi.

“Hech bo‘lmasa nomersiz mashina ortidan tushib, chalajon bo‘lsa-da, o‘sha yigitni olib qolishardi. IIB xodimlari voqea joyiga yetib kelishguncha bezorilar yigitni Chiroqchi tumanining Yettitom qishlog‘iga olib ketishgan. Xodimlarning shunchalik sekin harakatlanishi og‘ir oqibatlarga olib keldi”, — deydi voqea haqida gapirgan guvoh.

Suhbatdoshning ma’lumot berishicha, ko‘pchilik tomonidan kaltaklangan Elbek Rahimov ko‘p qavatli uylar tomondan, profilaktika inspektorining xizmat uyi ro‘parasidagi panjaradan sakrab o‘tgan va ko‘chaga yiqilgan. Temir jism bilan urilgan Elbek atrofga najot ko‘zi bilan boqqan. Ammo hech kim yordamga kelmagan.

Mo‘tabar Azizova.

Foto: “Daryo”

“Biz voqea haqida xabar topganimizdan so‘ng tezda mahalla idorasiga o‘rnatilgan signalizatsiya orqali Milliy gvardiyaga xabar berdik. Ular ham 15 daqiqada yetib kelishdi”, — deydi “Cho‘lquvar” MFY raisi o‘rinbosari Mo‘tabar Azizova.

Jurnalistlar so‘roviga javob bergan Milliy gvardiyaning viloyat boshqarmasi qo‘riqlash xizmati mas’uli, texnika bo‘limi bosh mutaxassisi Bahrom Yoqubov esa mahalladan Milliy gvardiyaga soat 09:42 da xabar borganini, Milliy gvardiya xodimlari mahalla idorasiga soat 09:47 da yetib kelgan.

Milliy gvardiya xodimi Alisher Hakimovning “Daryo” muxbiriga qo‘shimcha ma’lumot berishicha, ular chaqirilgan manzilga yetib borganda voqea MFY idorasidan sal narida sodir bo‘lgani, o‘sha yerga borishlari lozimligi aytilgan.

“Voqea joyiga borganimizda kimningdir oyoq kiyimi, temir jismlarga ko‘zimiz tushdi. So‘ngra odamlarni tinchlantirib, profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qildik. U sudda ekanini aytib, tezda kelishini bildirdi. So‘ngra taxminan besh-o‘n daqiqadan so‘ng voqea joyiga yetib keldi. Biz kameralarni ham ko‘zdan kechirdik”, — deydi Alisher Hakimov.

Foto: “Daryo”

Mas’ulning aytishicha, Milliy gvardiya xodimlari odatda voqea joyiga chaqirilgach, vaziyatni tinchlantirib, so‘ngra ortga qaytadi.

Kuzatuv kameralariga e’tibor qaratiladigan bo‘lsa, voqea ishtirokchilari chalajon Elbek Rahimovni soat 09:45 da mashinaga majburlab tiqib, voqea joyidan olib ketgan.

Voqea haqida gapirgan Hulkar Jalilova ham IIB xodimlari voqea joyiga juda kech kelganini, do‘pposlangan yigit vahshiylarcha kaltaklanganini aytmoqda.

Hulkar Jalilova.

Foto: “Daryo”

“Bunda ota-onalarning aybi bor. Tushunmayapman, bunday bezori bolalarga kim tarbiya bergan, nega bu darajada vahshiylikka qo‘l urishdi”, — deydi Hulkar Jalilova.

“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan viloyat IIB axborot xizmati rahbari Iroda Rasulova IIB xodimlarining voqea joyiga juda kech — 40-45 daqiqada yetib kelgani haqidagi fikrlarga javoban 102 qisqa raqamlariga chiqib, vaziyatni tez orada oydinlashtirib, IIB xodimlariga qachon chaqiruv bo‘lgani hamda voqea joyiga qachon yetib borganini oydinlashtirib berishini ma’lum qildi. Ammo oradan salkam uch soat o‘tsa-da, bunday axborot bermadi. Qayta-qayta qilingan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi.

Voqea joyi.

Foto: “Daryo”

Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmatining rasmiy Telegram-kanalida voqea yuzasidan berilgan qo‘shimcha axborotga ko‘ra, marhum Elbek Rahimovning ko‘p qavatli uyidan chiqishini kutib turgan yetti nafar shaxs uni qarshi olib, sovuq qurollar bilan bosh, yuz, ko‘krak va tanasining boshqa sohalariga urib, og‘ir tan jarohati yetkazgan. So‘ngra Gentra avtomashinasiga majburan mindirib, jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasiga olib borib tashlagan. Natijada Elbek Rahimov ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, shu kuni shifoxonada vafot etgan.

Qotillikda gumon qilinib qo‘lga olinganlar.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB

“Jinoyatni ‘issiq izlar’da fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor qidiruv-surishtiruv tadbirlari natijasida shu kunning o‘zida jinoyatga aloqador Qarshi shahri va Qarshi tumanida yashovchi fuqarolar — Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A.lar ushlangan. Holat yuzasidan Qarshi shahar prokurori tomonidan Z.B. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “l”, “p” bandlari (bir guruh shaxslar yoki uyushgan guruh a’zosi tomonidan yoxud o‘sha guruh manfaatlarini ko‘zlagan holda bezorilik oqibatida qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A.lar gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilindi hamda himoyachi bilan ta’minlanib, Jinoyat protsessual kodeksning 221-moddasi tartibida ushlandi”, — deyiladi viloyat IIB rasmiy kanalidagi axborotda.

Qotillikda gumon qilinib qo‘lga olinganlar.

Foto: Qashqadaryo viloyat IIB

Viloyat IIB, shuningdek, Qarshida aynan shu voqea bilan bog‘liqligi xabar berilgan yana bir videoga munosabat bildirib, holatga oydinlik kiritish hamda jinoyatni fosh etish maqsadida tezkor surishtiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.

“Daryo” voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Muallif:Otabek Qo‘ldoshev