Toshkent shahrida “Kleksan” nomli dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Ma’lum qilinishicha, Departament hamda DXXning Toshkent shahar boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda X.F., MChJ rahbari J.M., fuqaro V.S. va boshqalar Davlat bojxona qo‘mitasining yuk xatiga asosan MChJga vaqtincha saqlash uchun topshirilgan 3649 dona “Kleksan” nomli dori vositalarini omborxonadan olib chiqib, noqonuniy muomalaga kiritish maqsadida olib ketayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 186-3-moddasi (dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Bundan avval Toshkent va Qashqadaryoda pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dorilarni noqonuniy ravishda sotayotgan shaxslar ushlangani, Yunusobodda 100 dona qalbaki “Remdesivir” dorisini 4700 AQSh dollariga sotayotgan shaxslar qo‘lga olingani hamda Yakkasaroyda noqonuniy ravishda 76,8 million so‘mga “Remdesivir” dorisini sotayotgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.