Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarining noqonuniy muomalaga kiritilishining oldi olindi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan IIBB bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.B. dori vositalarini qimmat narxlarda muomalaga kiritish orqali noqonuniy daromad orttirishni ko‘zlab, boshqa bir fuqaroga Hindiston davlatida ishlab chiqarilgan 20 dona “Remdesivir” dori vositasini har birini 900 ming so‘mdan, Ukraina davlatida ishlab chiqarilgan 20 quti “Serebrokurin” dori vositasini har bir qutisini 410 AQSh dollaridan hisoblab, jami 9900 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.A. xorijda ishlab 130 dona “Kovifor” dori vositasini har bir donasini 650 ming so‘mdan hisoblab, jami 84,5 million so‘mga sotgan vaqtida ushlangan.
Xuddi shunday, fuqaro R.Sh. va F.A. oldindan til biriktirib, Hindistonda ishlab chiqarilgan 21 dona “Remdesivir” dori vositasini har bir donasini 850 ming so‘mdan hisoblab, jami 17,8 million so‘mga sotgan vaqtida Departamentning Qarshi shahar bo‘limi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Yunusobodda 100 dona qalbaki “Remdesivir” dorisini 4700 AQSh dollariga sotayotgan shaxslar qo‘lga olingani, Yakkasaroyda noqonuniy ravishda 76,8 million so‘mga “Remdesivir” dorisini sotayotgan shaxslar qo‘lga olingani hamda Ohangaronda pandemiya sharoitida talab yuqori bo‘lgan dori vositalarini 160 million so‘mga sotayotgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.