Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

“Tolibon” harakati Afg‘oniston shimoli-g‘arbidagi Balx viloyati ma’muriy markazi hisoblangan Mozori-Sharif shahri uning nazorati ostiga o‘tganini e’lon qildi. Bu haqda xorijiy ommaviy axborot vositalari toliblar rasmiy vakili Zabihulla Mujohidning Twitter’dagi rasmiy sahifasiga asoslanib xabar berdi.

Mozori-Sharifga “Tolibon”ning oq bayrog‘i o‘rnatilmoqda.

Mozori-Sharifga “Tolibon”ning oq bayrog‘i o‘rnatilmoqda.
Foto: Telegram / @tolo_news

“Hozirgina Mozori-Sharif shahri — Balx viloyati poytaxti bizning nazoratimiz ostiga o‘tdi. Bir necha daqiqa avval viloyat gubernatori, politsiyasi boshlig‘i, razvedka xizmati yetakchisi... va viloyatning boshqa rahbarlari qo‘lga olindi”, — deyiladi Mujohidning axborotida.

Al Arabiya telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Afg‘oniston hukumat kuchlari Mozori-Sharifni amalda jangsiz topshirgan, ular o‘z postlari, qurol-yarog‘larini tashlab, qochishga tushgan. Shahar atrofida kichik to‘qnashuvlar davom etayotgani aytilmoqda.

Reuters agentligining Balx viloyati mahalliy kengashi rahbari Muhammad Afzal Hadidga tayanib aniqlik kiritishicha, hozirgi vaqtda Mozori-Sharifdan qochgan hukumat qo‘shinlari O‘zbekiston bilan chegara tomon harakatlanmoqda.

Mozori-Sharif qulaganidan so‘ng Afg‘onistonning Hayraton shahrini O‘zbekistonning Termiz shahri bilan bog‘lovchi “Do‘stlik” ko‘prigidagi vaziyat. 2021-yil 14-avgust.

Mozori-Sharif qulaganidan so‘ng Afg‘onistonning Hayraton shahrini O‘zbekistonning Termiz shahri bilan bog‘lovchi “Do‘stlik” ko‘prigidagi vaziyat. 2021-yil 14-avgust.
Foto: Telegram / @tashkent_land

O‘zbekiston bilan chegara ochilishini kutayotgan afg‘onistonliklar, 2021-yil 15-avgustga o‘tar oqshomidagi vaziyat.

O‘zbekiston bilan chegara ochilishini kutayotgan afg‘onistonliklar, 2021-yil 15-avgustga o‘tar oqshomidagi vaziyat.
Foto: Telegram / @tashkent_land

“Amerika ovozi” muxbiri Ayoz Gul Amudaryo ustidan o‘tgan hamda Afg‘onistonning Hayraton va O‘zbekistonning Termiz shaharlarini bog‘lab turuvchi “Do‘stlik” avtomobil va temiryo‘l ko‘prigidan olingan kadrlarni e’lon qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, chekinayotgan afg‘on xavfsizlik kuchlari allaqachon O‘zbekiston chegarasiga yetib kelgan.

The New York Times’ning yozishicha, “Tolibon” shimoldagi so‘nggi tayanch shaharni shahar chegarasidagi front chizig‘ini yorib o‘tganidan atigi bir soat o‘tar-o‘tmas qo‘lga kiritgan. Front chizig‘i yorib o‘tilganidan ko‘p o‘tmay hukumat xavfsizlik kuchlari va ko‘ngillilar qochgan.

Qochganlar orasida marshal Abdulrashid Do‘stum va Balx viloyatining sobiq gubernatori Ato Muhammad Nur kabi dala qo‘mondonlari ham borligi aytilmoqda.

“Tolibon” nazorati ostidagi, bahsli va hukumat nazorati ostidagi hududlar xaritasi. Mozori-Sharif qulashidan avvalgi holat.

“Tolibon” nazorati ostidagi, bahsli va hukumat nazorati ostidagi hududlar xaritasi. Mozori-Sharif qulashidan avvalgi holat.
Xarita: The New York Times

“Tolibon” joriy haftada yirikligi bo‘yicha Afg‘onistonning ikkinchi shahri hisoblangan Qandahor va eng yirik viloyatlardan biri — Hirotni egallagan edi. Mozori-Sharif qulaganidan so‘ng (u bilan birga mamlakat sharqidagi Nangarhar viloyati poytaxti Jalolobod ham qulagani aytilmoqda), hukumat nazorati ostida faqat bitta yirik shahar — poytaxt Kobul qoldi, xolos.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston iyun oyida “Afg‘onistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganini inobat olib”, qo‘shni mamlakat bilan chegarani bir tomonlama yopgan, Afg‘oniston fuqarolariga turistik viza berishni to‘xtatgan edi.

Ma’lumot uchun, 23—30-iyun kunlari DXX Chegara qo‘shinlari “Tolibon” bosqinidan chekinish vaqtida O‘zbekiston chegarasini buzib o‘tgan Afg‘onistonning 150 ga yaqin harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar ko‘ngillilarini qo‘lga olgan edi. Xususan, 23-iyun kuni 53 nafar, 26-iyun kuni 3 nafar, 27-iyun kuni esa 44 nafar afg‘onistonlik chegarada ushlangan, so‘ng o‘z yurtiga qaytarilgan edi. O‘shanda afg‘onistonliklar Amudaryoni qayiqlar yordamida kechib o‘tib, O‘zbekiston hududiga kirgani ma’lum qilingan edi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Ukraina tashqi ishlar vaziri Putinning “Zelenskiyni o‘ldirmaslik” bo‘yicha bergan va’dasiga munosabat bildirdi
Sport
A Seriya. Eldor Shomurodovning debyut o‘yinida “Spetsiya” o‘zida “Napoli”ga yirik hisobda yutqazdi
Dunyo
Marsdan ham sovuqroq: AQSHda havo harorati tarixiy rekordni yangiladi (video)