Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Bir yil oldin, 2020-yil 1-iyulda Gonkongda birinchi marta ommaviy namoyish o‘tkazilmadi. An’anaga ko‘ra, bunday namoyish orqali muxolifat shahar-davlatning Buyuk Britaniyadan Xitoyga o‘tgan sanasini nishonlaydi. O‘tgan yili rasmiylar pandemiya bahonasida aksiyaga rozilik berishdan bosh tortgandi, lekin 2021-yilga kelib buning sababi siyosat ekani ma’lum bo‘ldi. Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) so‘nggi 24 yil davomida mintaqa mustaqilligining parchalarini izchil yo‘q qilib kelmoqda. Gonkongni XXR hukumati qo‘liga topshirish jarayoni rasman 2047-yilga qadar yakunlanishi kerak edi, lekin Pekin bu muddatni kutib o‘tirishga emas, balki hozirdanoq talablarni kuchaytirishga qaror qildi. Gonkong va Xitoy huquqlari bo‘yicha ixtisoslashgan advokat Pavel Bajanov Meduza so‘roviga binoan, shahar qanday qilib nisbiy mustaqilligini saqlab qolgani, bu mustaqillik nima sababdan o‘ta keskinlik bilan yakun topayotganini tushuntirib berdi.

Gonkong politsiyasi 1989-yil Pekinda Tyananmen maydonidagi qirg‘in qurbonlarini xotirlash uchun an’anaviy mitingga yig‘ilgan faollarning yo‘lini to‘smoqda.

Gonkong politsiyasi 1989-yil Pekinda Tyananmen maydonidagi qirg‘in qurbonlarini xotirlash uchun an’anaviy mitingga yig‘ilgan faollarning yo‘lini to‘smoqda.
Foto: AFP

2021-yil 27-iyulda Gonkongda bir yil oldin kuchga kirgan davlat xavfsizligi to‘g‘risidagi yangi qonunni buzish bo‘yicha birinchi jinoyat ishi yakunlandi. Sudlanuvchi, muxolifat faoli Tun In-Kit motorollerda politsiya qurshovini yorib o‘tgani uchun terrorchilikda aybdor deb topildi. Shuningdek, u mahalliy muxolifatning bosh shiorlaridan biri “Gonkongga ozodlik, zamonamiz inqilobi” yozuvi tushirilgan bayroqni namoyish qilib, “ayirmachilikka undashda” ayblandi. Tun to‘qqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilindi — bu muddat avvalgi qonunlarda belgilangan muddatga qaraganda ancha ko‘p.

Tunnning sudi qanday bo‘lganiga qarab, boshqa faollarga qarshi sud jarayoni qanday o‘tishi ham ma’lum — bir yil ichida Gonkongda davlat xavfsizligiga qarshi jinoyatlarda gumon qilingan yuzdan ortiq odam hibsga olingan. Hakamlik sudida “hakamlar va ularning oila a’zolari shaxsiy xavfsizligiga tahdid” tufayli Tunning ishini ko‘rib chiqish rad etildi. Xuddi shu sabab bilan sudga qadar kafillik ostida ozod etish ham rad etildi. Vaholanki, ilgari bu ikkalasi ham odatiy amaliyot bo‘lgan. Politsiyachiga qilingan hujumning o‘ziniyoq sud terrorchilik harakati deb baholadi — chunki go‘yoki Tun shu tarzda “jamoatchilikni qo‘rqitish” va “siyosiy maqsadlarga erishish”ga uringan.

Gonkongda har doim ham demokratiya bo‘lganmi? (spoyler: umuman olganda yo‘q)

Har yili iyul oyining boshida Gonkong Buyuk Britaniya mustamlakasidan Xitoy hukumati ostiga o‘tgani — XXRda maxsus ma’muriy tuman (MMT) sifatida tashkil etilganining yana bir yilligini nishonlaydi. Rasmiy bayramlardan tashqari bu bayram ham har doim muxolifatning demokratik islohotlarni qo‘llab–quvvatlovchi namoyishi bilan nishonlangan. Uni mahalliy demokratik partiyalar va fuqarolik jamiyati tashkilotlarining aksariyatini o‘z ichiga olgan Inson huquqlari fuqarolik fronti (CHRF) o‘tkazgan. Gonkong demokratlari davlat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishiga qarshi kurashish uchun 2002-yilda bu frontni tashkil etgandi (ha, rasmiylar bu haqda o‘sha paytda ham o‘ylagan). Oradan atigi bir yil o‘tib, ularning ommaviy noroziligi orol hukumatini qonun loyihasini parlamentdan o‘tkazish fikridan voz kechishga majbur qildi.

Gonkongning davlat xavfsizligi to‘g‘risidagi eski qonuni yangisidan nimasi bilan farq qiladi?

Gonkongda uyushgan muxolifatning mavjudligini anomaliya deb atash mumkin. Buyuk Britaniya ham, XXR ham bu hududda fuqarolik jamiyatining rivojlanishidan manfaatdor emasdi. Lekin na unisi, na bunisi ma’lum bir vaqtgacha uning rivojlanishiga to‘sqinlik qilmagan. Ikkala davlat uchun ham shahar muayyan bir funksiyani bajaruvchi — xalqaro savdo va moliya markazi sifatida kerak edi. Bu esa siyosiy barqarorlikni talab qilardi.

Gonkong dunyo siyosiy xaritasida 19-asrning o‘rtalarida paydo bo‘lgan. O‘shanda birinchi afyun urushi (1839—1842) natijalariga ko‘ra, Buyuk Britaniya zaiflashgan Xitoyni tashqi savdo uchun ochilishga majbur qildi hamda mintaqaning asosiy savdo markaziga aylangan Gonkong orolining “doimiy mulkiga” ega bo‘ldi.

Xitoyning o‘zi mamlakat rasmiy tarixida “milliy xo‘rlik asri” deb nomlangan davrga qadam qo‘ydi. Parchalanib ketgan mamlakat asta-sekin o‘z suverenitetini yo‘qotdi va yarim mustamlaka davlatga aylandi. Britaniya hukmronligi davrida Gonkong demokratik tartib bilan alohida ajralib turmagan. Britaniya gubernatori maksimal darajada keng vakolatlarga ega edi, mahalliy saylangan qonun chiqaruvchi organ bo‘lmagan. Ikkinchi jahon urushidan keyin Britaniyaning boshqa koloniyalari mustaqillikni tobora ko‘proq talab qildi va oxir-oqibat mustaqil davlatlarga aylandi, lekin Gonkongda ikkita asosiy sabab demokratiyaga erishishga yo‘l bermadi.

Birinchidan, umumiy saylov huquqi va siyosiy partiyalarning paydo bo‘lishi muqarrar ravishda shaharni kommunistik Xitoy va Tayvandagi Xitoy Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro kurash maydoniga aylantirib qo‘ygan bo‘lardi. Tomonlarning har biri o‘zini “birlashgan Xitoy”ning yagona qonuniy vakili deb bilardi, Buyuk Britaniya esa betaraflikni saqlashga harakat qildi.

Ikkinchi sabab — XXRning o‘jarligi. Xitoy Gonkongni demokratlashtirishga bo‘lgan har qanday urinishlarga faol qarshilik ko‘rsatar va orolda siyosiy barqarorlikdan manfaatdor edi. XXR to‘liq diplomatik tan olinishga intilayotganda, Gonkong tashqi dunyoga ochilgan darcha bo‘ldi, u orqali yosh Xitoy davlati qo‘shni davlatlar bilan savdo qilishi mumkin edi. Bunga, asosan, Xitoy diasporasining vositachiligi sabab bo‘ldi, XXR tashkil etilgandan keyin ham ushbu vositachilik ipi uzilmadi.

Madaniy inqilob davrida XXRning pozitsiyasi o‘zgardi — endi Gonkongga “Britaniya bosib olgan Xitoy hududi” sifatida qaraldi. Endi ayniqsa u hech qanday demokratik islohotlarni ko‘zda tutmasdi.

Shu bilan birga, Gonkongdagi Britaniya gubernatori har doim ham aholining fikrini inobatga olmaslik tamoyilini qo‘llab kelgan deb bo‘lmaydi. Mustamlaka ma’muriyati hech bo‘lmaganda mahalliy ishbilarmonlarning fikrini inobatga olishga majbur edi — ular orasida xitoylik tadbirkorlar ham bo‘lgan. Masalan, 1940-yilda Gonkong ishbilarmonlari gubernatorni o‘zlariga o‘zlari soliq belgilashga ruxsat berishga majbur qildi. Ushbu tizimni isloh qilish yo‘lidagi barcha urinishlarga qaramay, u hozirgi kungacha kichik o‘zgarishlar bilan saqlanib qolgan.

Hammasi qay tarzda va nima sababdan o‘zgardi?

Gonkongda birinchi haqiqiy demokratik islohotlar o‘tgan asrning 80-yillarida — mustamlakaning kelajagi haqida Buyuk Britaniya va XXR o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar bilan bir vaqtda boshlangan. Shaharning Xitoy hukmronligiga o‘tishi (1997-yil 1-iyuldan boshlab) Britaniya—Xitoy qo‘shma deklaratsiyasida 1984-yildayoq qayd etilgan. Deklaratsiyani imzolagandan so‘ng Buyuk Britaniya gonkongliklarga fuqarolik huquqlarini maksimal darajada berib, shahardan “hurmat bilan ketishni” xohladi. XXR esa demokratlashtirish jarayoni kelishuvlardan tashqariga chiqmasligi ustidan nazorat o‘rnatdi.

Gonkong, 1996—1997-yillar.

Gonkong, 1996—1997-yillar.
Foto: Getty Images

Qog‘ozda XXR shahar rahbari va parlament deputatlari uchun umumiy saylovlar o‘tkazishga rozi bo‘ldi, lekin saylovlar darhol emas, “qachondir” o‘tkazilishi aytildi, chunki bu Gonkongning transferiga tahdid solardi. Natijada Pekin oldingi parlamentni tan olish o‘rniga, Gonkong uchun muvaqqat Qonunchilik kengashini tuzdi, kengash Gonkong XXR boshqaruviga o‘tgandan keyin o‘z ishini boshladi va haligacha ishlab kelmoqda.

Gonkong Xitoyga o‘tgach, Pekindagi hukumat mahalliy ishlarga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotdi. Mohiyatan, boshqaruv Pekinga sodiq va yirik biznes manfaatlarini ifodalovchi mahalliy siyosatchilarga topshirildi. Pekinga sadoqat qit’adagi daromadli ish sharoitlari bilan rag‘batlantirilgan —  XXR Gonkong biznesiga Xitoyning ichki bozorida ish olib borish uchun xorijiy kapitalga qaraganda qulayroq sharoitlar yaratdi. Gonkong biznesi qit’adagi biznes manfaatlari bilan qanchalik bog‘lansa, uning vakillari orasida muxolifatga ovoz berish istagi shunchalik kam bo‘lardi.

Shu bilan birga, yirik biznes hukumatda nomutanosib ravishda yuqori vakolatlarga ega bo‘ldi. Uning manfaatlarini ifodalovchi deputatlar MMH Qonunchilik kengashining deyarli yarmini, shahar rahbari bo‘ladigan mas’ul kotibni saylaydigan Saylov komissiyasida esa ko‘pchilikni tashkil etdi. Ushbu tizim tufayli XXR Gonkongdagi shahar, hukumat va parlament rahbarlarining sadoqatiga hamisha ishona olardi.

Gonkongdagi mazkur boshqaruv tizimi, ya’ni to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvlarsiz, faqat biznesga tayanish Xitoyga orol ustidan nazoratni samarali ushlab turishga imkon berdi. Ammo uning ham ikkita katta kamchiligi bor edi.

Birinchidan, bunday tizim ko‘pchilik aholining manfaatlarini hisobga olmas va shaharda to‘plangan ijtimoiy muammolarni o‘z vaqtida hal qilishga qodir emasdi. Gonkong — tabaqalanish darajasi juda yuqori bo‘lgan dunyodagi eng qimmat shaharlardan biri (Jini koeffitsienti — 0,53, Braziliya darajasi bilan bir xil), cheklangan qurilish va Xitoydan keluvchi xaridorlar tufayli shaharda uy-joy narxlari yuqori, shuningdek, ijtimoiy kafolatlar juda zaif (Jini koeffitsienti — mamlakat yoki mintaqa tabaqalanish darajasining statistik o‘lchovi).

Bu holat umuman olganda shahar aholisiga ma’qul kelgan bo‘lardi (ijtimoiy xarajatlarning ortishi soliqni ko‘paytirishni talab qiladi, ular bunga rozi bo‘lishi amri mahol edi), ammo agar hukumat qiymati shubhali infratuzilma loyihalariga katta mablag‘ sarflamaganda.

Misol uchun, 2018-yilda Gonkong rahbari Kerri Lam qiymati 60 milliard dollardan oshadigan Lantau Tomorrow Vision sun’iy orollarini qurish bo‘yicha ulkan loyiha boshlanganini e’lon qildi. Muxolifat va ekologlar loyiha atrof-muhitga tahdid solishi va shahar budjetini vayron qilishi mumkinligidan xavotirlanib, uni darhol tanqid qildi. Orollarni qurishni rejalashtirayotgan yirik bizneslargina bundan manfaatdor edi, xolos.

Bundan tashqari, Gonkongning XXRga qo‘shilishi faqat iqtisodiyot bilan cheklangan, lekin ijtimoiy-siyosiy sohaga taalluqli emas edi. Gonkong 50 yil davomida, ya’ni 2047-yilgacha o‘zining oldingi mavqeyini saqlab qolishi kafolatlangan. Gonkong haqiqatan ham avvalgi erkinliklarining ko‘pini saqlab qoldi: matbuot senzura qilinmadi, XXRda taqiqlangan tashkilotlar shaharda faoliyat yurita olardi, muxolifat esa siyosiy partiyalar tuzishi mumkin edi.

Bunga bir isbot: XXRda taqiqlangan “Falungun” diniy harakati Gonkongda ochiq faoliyat ko‘rsatgan. Harakat Xitoy rasmiylarining noroziligiga qaramay, hatto Gonkong sudida XXRning rasmiy vakolatxonasida piket o‘tkazish huquqini himoya qila oldi.

Vaqti-vaqti bilan hukumat vaziyatni o‘zgartirishga urindi. Biroq Gonkong muxolifati ularga qarshi ommaviy namoyishlar orqali muvaffaqiyatli kurashdi. Natijada bir vaqtlar mustamlakachilik ma’muriyati metropoliya soliqlarni oshirish tashabbuslariga barham bergani kabi, Gonkong mahalliy hukumati ham xalq orasida ommalashmagan qonunlarni kuchaytirishni istamadi.

Bunday mustaqillikni saqlab qolish dastlab Pekinning keskin reaksiyasini keltirib chiqarmadi. Shuning uchun Gonkongda ushbu rejim 2047-yildan keyin ham davom etishi mumkin, degan fikr kuchaydi. Biroq 2014-yilda “soyabonlar inqilobi” nomi bilan tanilgan talabalar noroziligidan so‘ng, ma’lum bo‘lishicha, XXR nafaqat saylov tizimida hech qanday imtiyozlar va islohotlarni rejalashtirmayapti, balki Gonkongni Xitoy ichidagi oddiy shahar sifatida yangi mavqega “moslashtirmoqchi”.

Gonkong aholisi Buyuk Britaniyaga qaram hududlar fuqarolarining pasportini olish uchun immigratsiya idorasida navbatda turibdi.

Gonkong aholisi Buyuk Britaniyaga qaram hududlar fuqarolarining pasportini olish uchun immigratsiya idorasida navbatda turibdi.
Foto: AFP

Ushbu demokratiya qanday qilib tugatildi?

Muxolifatning iyul namoyishi odatdagidek, politsiya qarshiligisiz o‘tar va hech qanday haddan oshishlarsiz tugardi. Bu an’ana ekstraditsiya qonuniga qarshi norozilik namoyishlari paytida birinchi marta buzildi — 2019-yilda namoyishchilar Qonunchilik kengashi joylashgan hukumat binosini qamal qilib, ichkariga kirib oldi.

Keyingi yili bunday imkoniyatning o‘zi bo‘lmadi: politsiya epidemiya tufayli cheklovlar o‘rnatilganini ro‘kach qilib, namoyishga rozilik berishdan bosh tortdi. Marshdan bir kun oldin XXR davlat xavfsizligi to‘g‘risida yangi qonun qabul qildi, qonun o‘sha kuniyoq kuchga kirdi va bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni umrbod qamoq jazosiga qadar kuchaytirdi. Yangi qonunga qarshi 2020-yilning 1-iyulida ruxsatsiz o‘tkazilgan mitinglar ommaviy hibsga olishlar va bu qonunning buzilishi bo‘yicha ochilgan birinchi jinoiy ishlar bilan yakunlandi.

2021-yilga kelib, parad yetakchilarsiz qoldi: may oyida CHRF rahbari Figo Chan “ruxsatsiz mitinglar” o‘tkazganlikda ayblanib, hibsga olindi; hozirda u 18 oylik qamoq jazosini o‘tamoqda. Tashkilotning o‘zi esa noqonuniy deb e’lon qilinishi mumkin, chunki u go‘yoki chet eldan moliyalashtirilmoqda.

Yangi qonunga binoan, chet eldan moliyalashtiriladigan hamda “qonunlar va siyosatni qo‘llashga aralashish”, “saylov jarayonini manipulyatsiya qilish va buzish” yoki “xorijiy davlatlar yoki xorijiy kuchlar” bilan hamkorlikda “Markaziy xalq hukumati (XXR) yoki Gonkong MMT hukumatiga nafrat qo‘zg‘atish” bo‘yicha faoliyat yuritadigan barcha tashkilotlarning rahbarlari umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Boshqa fuqarolik birlashmalariga 1-iyul kuni miting o‘tkazishga ruxsat berilmadi. Shunday qilib, 2021-yil 1-iyuldagi yagona ko‘zga ko‘ringan voqea — politsiyachini o‘ldirishga urinish bo‘ldi: hujumchi o‘z joniga qasd qildi, ammo shahardagi bir qancha kishilar uchun u “qarshilik ko‘rsatish qahramoni”ga aylandi.

Gonkongdagi iyul namoyishlari tarixi shaharning so‘nggi yillarda qanday o‘zgarganini ko‘rsatadi. Ilgari muxolifat tinch namoyishlarga e’tiroz bildirmaydigan va jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda harakat qiluvchi mahalliy hukumat bilangina ish olib borardi. Biroq ekstraditsiya to‘g‘risidagi qonunga qarshi bir yil shov-shuv bo‘lgan norozilik namoyishlaridan so‘ng Pekindagi markaziy hukumat talablarni kuchaytira boshladi.

Mahalliy hukumat bu jarayonda XXR siyosatiga to‘liq amal qiladi, u ovoz berish huquqiga ega emas. Davlat xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun Gonkong uchun tahdid bo‘lib xizmat qiladi, u faqat alohida holatlarda qo‘llaniladi degan umidlar puchga chiqdi. Shaharni tark eta olmagan taniqli muxolifatchilar panjara ortiga tashlandi. Muxolifatni boshsiz qoldirgan Pekin tashabbusni o‘z qo‘liga olib, Gonkong mustaqilligini izchil parchalay boshladi.

Hozir Gonkongda nimalar bo‘lyapti?

Birinchidan, Pekindagi markaziy hukumat tobora Gonkong ishlarida bevosita ishtirok etmoqda. So‘nggi yillardagi eng muhim Gonkong qonunlari Gonkongda emas, Pekinda qabul qilingan. Bu Gonkongning asosiy qonuniga zid emas, aksincha, Xitoyga “umummilliy qonunlar”ni shaharga yoyish huquqini beradi.

Gonkong Xitoyga topshirilganining 24 yilligiga bag‘ishlangan bayram chog‘ida vertolyotlar XXR va Gonkong MMH bayroqlari bilan Bank of China banki binosi yonidan uchib o‘tmoqda

Gonkong Xitoyga topshirilganining 24 yilligiga bag‘ishlangan bayram chog‘ida vertolyotlar XXR va Gonkong MMH bayroqlari bilan Bank of China banki binosi yonidan uchib o‘tmoqda
Foto: Zuma
Ularning ijrosi uchun Pekindagi markaziy hukumatga bevosita bo‘ysunadigan va mahalliy hokimiyat nazorati ostida bo‘lmagan yangi tuzilmalar paydo bo‘lmoqda. Masalan, Gonkong MMT Davlat xavfsizlik boshqarmasi Xitoy xavfsizlik kuchlari bilan to‘liq ta’minlangan. O‘z navbatida, mahalliy hukumat Pekinni diqqat bilan kuzatmoqda va “davlat xavfsizligini himoya qilish” yo‘lida faolroq harakat qilmoqda: 2021-yilda Gonkongda birinchi marta Tyananmen maydonida xotira mitingini o‘tkazish taqiqlandi.

Ikkinchidan, hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy partiyalardan tashqarida har qanday siyosiy hayotda ishtirok etish o‘ta xavfli ishga aylandi. Nafaqat og‘ir jinoyatlar uchun, balki “taqiqlangan” chaqiriqlar bilan ijtimoiy tarmoqlarga post joylash, pul yig‘ish, tinch namoyishlarda qatnashish uchun ham davlat xavfsizligiga qarshi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinish mumkin.

Bundan tashqari, saylov islohoti aksariyat demokratlarni huquqiy siyosatda ishtirok etish imkoniyatidan mahrum qildi. Ba’zi muxolifatchilar haligacha shaharda tahlika va xavf ostida qolmoqda, ular osonlik bilan siyosiy mahbusga aylanishi mumkin. Shuningdek, Gonkongda Pekin nazorati ostida bo‘lmagan matbuot deyarli qolmadi. 2021-yil 23 -iyunda, xavfsizlik xodimlarining reydlari va jurnalistlarning hibsga olinishidan so‘ng muxolifatning asosiy gazetasi Apple Daily o‘z faoliyatini to‘xtatdi.

Uchinchidan, Gonkong hayotidagi o‘zgarishlarning ta’siri faqat muxolifat faollari bilan cheklanib qolmaydi. Masalan, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish qoidalari o‘zgargani sababli (ular politsiyachilar va boshqa davlat amaldorlarini himoya qilish uchun qabul qilingan) xorijiy ijtimoiy tarmoqlar va servislar — Google, Facebook va Twitter Gonkongdagi faoliyatini to‘xtatishi mumkin.

Bunday o‘zgarishlar bilan Gonkongdagi hayot o‘ziga tortmaydi, shuning uchun shahardan emigratsiya qilish davom etmoqda. Ammo gonkongliklarning jimgina ketishiga ham ruxsat berilmaydi. Britaniya hukumatining oroldan kelgan muhojirlarga soddalashtirilgan sxema bo‘yicha Britaniya fuqaroligini berish haqidagi taklifiga javoban, Xitoy hukumati bunday pasportlarni tan olish to‘xtatilishini e’lon qildi.

MMTni 2047- yilga kelib tugatish shunchaki rasmiyatchilik bo‘lib qolishi uchun, katta ehtimol bilan, XXR o‘z nazorati ostidagi mahalliy hukumat yordamida Gonkongni “takomillashtirish” siyosatini davom ettiradi.

To‘g‘ri, Gonkongni “xitoylashtirish” avvalgidan keskinroq bo‘lgan qarshiliklarga uchrashi mumkin. Xitoy hukumatining yangi siyosati radikallashuvga va 2021-yil 1-iyulda politsiya xodimini o‘ldirishga urinish ruhidagi jinoyatlar sonining ko‘payishiga olib kelishi mumkin, bu shaharning obro‘siga salbiy ta’sir qiladi. Qolaversa, Gonkongning demokratik lagerida bir milliondan ortiq odamni ko‘chalarga olib chiqa oladigan keng ko‘lamli qo‘llab-quvvatlash bazasi mavjud. Yagona savol — qanday sabablar bu kabi ommaviy namoyishni yana o‘tkazishga olib kelishi mumkin va bu sabab uzoq yillik qamoq jazosi xavfidan ustun keladimi?

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Global inflyatsiya o‘zining eng yuqori darajasiga yetgan — Financial Times
Madaniyat
Musiqiy chartlarni “portlatgan” albom, 4-farzandini kutayotgan oila va 3-marta turmushga chiqqan Britni Spirs: 2022-yilda Gollivud yulduzlari hayotida sodir bo‘lga...
Dunyo
Global elektron tijorat bozori 2022-yilda 5,8 trln dollarga yetishi kutilmoqda