Gonkongdagi siyosiy qarama-qarshilik, Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi taranglik jahon matbuoti sharhi ruknida.
Nega Gonkong muxolifati parlamentdan siqib chiqarilmoqda?
Xitoy hukumati Gonkongdagi saylov tizimini tubdan o‘zgartiradigan qonun loyihasini qabul qildi. Bu esa Xitoyga Gonkongda faqat Xitoy tarafdorlari bo‘lgan nomzodlarning saylanishiga imkon beradi, deb yozadi BBC nashri.Gonkong parlamentiga saylanadigan erkin nomzodlarning soni teng yarmiga qisqarishi bilan birgalikda, maxsus qo‘mita parlamentga saylanadigan nomzodlarning Xitoyga munosabatini ham tekshirish imkoniga ega bo‘ladi.
Bu siyosiy islohotning asosiy maqsadi esa Xitoy siyosatini yoqlaydigan gonkonglik siyosatchilarni hokimiyatda ustun bo‘lishlarini ta’minlashdan iborat. Muxolifatchilar esa vaziyatning bunday rivojlanishi Gonkongdagi muxolifatni tazyiqqa olish bilan birga Gonkong demokratiyasiga nuqta ham qo‘yadi, deyishmoqda.
Butun Xitoy xalqlari kengashi vakillik organi Xitoydagi eng oliy hokimiyat organi mart oyining boshlarida Gonkongdagi saylov tizimini o‘zgartirish borasida qonun qabul qiladi. O‘tgan haftada esa Xitoy oliy vakillik organi yakdillik bilan bu qonunni tatbiq qilinishiga ovoz berdi. Bu esa Gonkong konstitutsiyasini o‘zgartirishga qaratilgan qadamdir.
Xitoy kommunistik partiyasi endilikda Gonkong parlamentida o‘zining muxolifatchilarisiz harakat qila boshlaydi. Mazkur holat yuzasidan Avstraliya tashqi ishlar vaziri Meris Peyn Twitter’dagi sahifasida Xitoyning mazkur qadamini “Gonkongdagi demokratik institutlarga berilgan zarbadir” deya baholadi. AQSH davlat kotibi Entoni Blinken esa yuzaga kelgan vaziyatni “demokratiyaga hujum” deya ta’rifladi.
So‘nggi marta o‘tkazilgan saylovlarda Gonkong parlamentida Xitoyga qarshi bo‘lgan demokratik kuchlarning ko‘p o‘rin olgani Xitoyni ham cho‘chitib yuborgandi. Endilikda esa Xitoy shunday bir qonunni qabul qildiki demokratik nomzodlar parlamentga saylana olmay qoladi.
Sinxua axborot agentligi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, saylanadigan parlament deputatlari soni 35 tadan 20 taga qisqaradi. Natijada umumiy o‘rinlar soni 70tadan 90 taga oshadi. Bu esa demokratik kuchlarning ta’sirini keskin yo‘qqa chiqaradi. Qonun shu hafta kuchga kiradi va Gonkongdagi navbatdagi parlament saylovlari esa shu yilning dekabr oyida o‘tishi belgilangan.
Gonkong tarixi
1997-yilda Buyuk Britaniya hukumati sobiq koloniyasi bo‘lgan Gonkongni Xitoy hukumatiga qaytarib beradi va Xitoy hukumatidan gonkongliklarni demokratik huquqlarini himoya qilishni so‘raydi. Britaniya va Xitoy hukumati o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq Gonkong bosh qonunida “Bir mamlakat – ikki tizim” tamoyili belgilab qo‘yiladi. Mazkur tizimga muvofiq Gonkong 2047-yilga qadar o‘z muxtoriyat maqomini saqlab qolishi belgilanadi. Gonkong xalqaro biznes va moliyaning markazi sifatida Xitoyning yuksalishida ulkan hissa qo‘shdi. Agarda Gonkongda demokratik institutlar tazyiqqa uchraydigan bo‘lsa, bu Gonkongning xalqaro biznesdagi nufuzini yo‘qotishga olib keladi.Gonkong Xitoyga berilayotgan paytda aksar mahalliy aholi demokratik islohotlar yanada chuqurlashadi, deya umid qilgandi, biroq so‘nggi paytdagi voqealar Gonkongdagi vaziyat tobora avtoritar tuzum taraf yon bosmoqda. 2019-yilda Gonkongda bir qator norozilik namoyishlari yuzaga keldi. Buning sababi esa Xitoy tarafi ichki ishlar vaziri talab qilganda gonkonglik vatandoshlarni Xitoyga berish borasidagi qonunni qabul qildirishga bo‘lgan urinishlariga qarshilik bo‘ldi.
2020-yil iyun oyida esa Gonkongning xavfsizligi borasida yangi qonun qabul qilindi va bu qonunga binoan Pekin hukumati agarda biror bir shaxsni rasmiy Pekin uchun xavf deb topgan taqdirda u umrbod qamoq jazosiga mahkum qilinishi mumkin. Mazkur qonunga binoan yuzlab gonkongliklar qamoqqa olinadi ular orasida mashhur media magnat Jimmi Lay ham bor edi.
Xitoy tarafi esa parlament borasidagi qonun Gonkongdagi “Bir davlat – ikki tizim” tamoyili buzilmaganini iddao qilayotgan bo‘lsa, G‘arb Xitoyni Gonkongdagi siyosiy tuzumni yo‘q qilishga intilayotganlikda ayblamoqda.
Rossiya-Ukraina munosabatlaridagi taranglikning besh sababi
2021-yilning fevral oyida Rossiya va Ukraina o‘rtasida boshlangan gibrid urushga sakkiz yil to‘ldi. Bu orada ruslar Qrimni va Ukrainaning shimolidagi Donbas hududini bosib olishga erishdi. Rossiyaning Ukrainadagi nufuzi esa mazkur voqealardan so‘ng o‘ta tushib ketdi. Yuzaga kelgan munosabatlarning yechimi yo‘q ekan, so‘nggi yillarda rasmiy Kreml Ukrainadagi ta’siridan ham mahrum bo‘ldi, deb yozadi The Atlantic Council nashri.Ilgari Rossiya taraf bo‘lgan siyosiy partiyalar Ukrainadagi saylov jarayonlarida 20 foizlik cho‘qqini ham egallay olmay qoldi. Iqtisodiyot borasida ham rasmiy Kremlning Ukrainadagi ta’siri ancha zaiflashdi. Agarda urushga qadar Ukrainaning Rossiya bilan savdo munosabatlaridagi ulushi yiliga 30 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 7 foizgacha pastlab ketdi. Ukrainlar ruslar o‘rniga Xitoy va Yevropa Ittifoqi bilan savdo aloqalari o‘rnatishga zo‘r bermoqda.
Keskinlik boshlangunga qadar Ukraina Rossiyaning Yevropa Ittifoqiga qarshi qaratilgan yengil tazyiqi vazifasini bajarib keldi. Boshqacha qilib aytganda, agarda Yevropa Ittifoqi Kremlni biror bir masalada ayblaydigan bo‘lsa, rus tarafi Ukraina orqali Yevropa Ittifoqiga yetkazib beriladigan gazni kamaytirishga yoki narxini ko‘tarishga urinar va bu bilan Yevropa Ittifoqining ruslarga nisbatan siyosatida ustunlikka erishishga harakat qilardi. Nafaqat iqtisodiy, balki rus va ukrain shou-biznesi ham ikki lagerga ajralib ketdi. Bir vaqtlar rus va ukrain shou-biznesi birga bo‘lgan bo‘lsa, bugun ukrain siyosati rus shou-biznesini o‘z mamlakatlarida ko‘rishga ko‘zi yo‘q. Oddiy xalq ham rus shou-biznesining Ukrainadagi faoliyatiga befarq qolmoqda.
Aksar rus TV kanallari Ukrainada taqiqqa uchradi va qolaversa, Ukraina hukumati rus TV kanallari uzatilishini keskin darajada cheklab qo‘ydi. Ruslar ham ijtimoiy tarmoqlarini ukrainlarga yopa boshlagach ukrainlarning aksar ko‘pchiligi Facebook yoki Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishga o‘tdi.
Boz ustiga 2019-yilda Ukraina din masalasida ham mustaqil pravoslav cherkoviga ega bo‘ldiki, bu Moskva patriarxligini pravoslav olamidagi nufuziga ham ancha salbiy ta’sir qildi. Shunday bir vaziyatda ukrainalik yahudiy millatiga mansub Vladimir Zelenskiyning Ukraina prezidentligiga saylanishi ko‘pchilik nazarida “darbadar o‘g‘ilning ota quchog‘iga qaytishi” haqidagi farazlarni uyg‘otdi, ammo oradan ikki yil o‘tgan bo‘lsa-da rus-ukrain munosabatlari hamon keskinligicha qolmoqda. Zelenskiy esa NATO, Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishga harakat qilar ekan, prezident Putin rus tarix kitoblarida Ukrainani boy bergan davlat arbobi sifatida qolishga majbur.
Ukrainaning boy berilishi Putinning imperiyachilik maqsadlariga katta zarba bo‘ldi. Ustiga ustak Putinning Ukraina borasidagi mag‘lubiyati rasmiy Kreml dastak qilib olgan “Rus tinchlik sulhi” doktrinasining ham katta mag‘lubiyatidir. “Rus tinchlik sulhi” Putinning hokimiyat tepasiga kelgan davrlardan boshlab aniq bir shaklga kira boshladi va 2008-yilda Rossiya va Gruziya o‘rtasidagi urush davrida faollashdi. Putin va rusparastlar nazdida bu doktrina sobiq Sovet o‘lkalarida tili rus, madaniyati rus va dini pravoslav bo‘lgan Rossiyadan ajrab qolgan aholi qatlamini Rossiya bilan birligini o‘zida mujassam qilgan aqoidga aylantirishga kuch berdi.
Aynan shu “Rus tinchlik sulhi” Kiyevni o‘zining siyosati markazida ko‘rar ekan, 2014-yilda rasmiy Kremlni Ukrainaga bostirib kirishga undadi. Shu paytdan boshlab esa Ukraina sharqida rasmiy Kreml tarafdori bo‘lganlar orasida bu aqida mustahkamlanib, Moskvaning dastaklashiga sabab bo‘lmoqda. Shunday bir manzarada Ukrainaning Rossiyadan begonalashuvining asosiy sababini quyidagicha izohlash mumkin:
Birinchidan, imperiyachilik ruhining ukrainlarga begonaligi. Shu sababdan ham ukrainlar ruslarning shuhratparast imperiyachilik o‘yinlaridan o‘zlarini chetda tutishga intilishdi va 2014-yilgi voqealar bilan tovon to‘lashdi.
Ikkinchidan, Ukraina va Rossiya siyosiy tartibidagi farqlar. 1991-yilda Ukraina demokratik yo‘lning boshidan tutdi va albatta xatolar ham ko‘zga tashlandi. Bugunda Ukrainada har kim istaganicha hukumat yuritayotgan siyosatni istaganicha tanqid qilishi mumkin va xilma-xil partiyalarning siyosiy kurashlari tabiiy ekanligiga ko‘nikishdi. Rossiyada esa Putinning hokimiyat tepasida 2036-yilga qadar qolishi konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar bilan mustahkamlab qo‘yildi.
Uchinchidan, ukrainlarni birlashtirgan rus urushi omili. 2014-yilga qadar agar asosan Ukraina g‘arbidagi ukrainlar rus siyosatiga ishonqiramay kelgan bo‘lsa, 2014-yil voqealaridan keyin ruslarga nisbatan salbiy munosabat barcha ukrainlarni birlashtirdi. Yetti yillik urush esa rus-ukrain munosabatlarining burilish nuqtasi bo‘ldi va bu albatta ukrainlar uchun ijobiy ekanligi turli ijtimoiy so‘rovlarda ham o‘z aksini topmoqda.
To‘rtinchidan, Putin siyosati tayanadigan aqoidlardan yana biri pravoslav cherkovining pravoslav olamida yetakchiligi g‘oyasidir. 2014-yildagi voqealardan so‘ng Ukraina pravoslav dini vakillari rus cherkovidan mustaqil bo‘lib chiqdi-yu, rus pravoslav cherkovining ukrain dindorlariga ta’siri ham tarixga aylandi. Rus pravoslav cherkovining Kiyev Rusi bilan bog‘liq an’analariga urg‘u bergan holda ukrain pravoslav doiralariga ta’sir qilishga urinishlari ukrainalik dindorlarning ko‘ngli qoldirmoqda. Din siyosatdan holi bo‘lishi kerakligini rasmiy Kreml unutgandek.
Beshinchidan, rasmiy Kiyev rasmiy Kremlning Kiyev Rusi bilan bog‘liq tarixini rus tarixi sifatida yoritishga urinib kelayotganligiga e’tiroz bildirib keladi. Qolaversa, ukrain va rus millati Gorbachyov davridan beri siyosiy qarashlarda muhim tarixiy voqealarda bahs munozaraga kirishgan. Boz ustiga chorizm va uning o‘rniga kelgan kommunistik mafkura Ukrainadagi mustaqillik tarafdorlarining fikrlariga qarshi chiqib, ularni qatag‘on qilgan. Ayni paytda ukrainlarning aksari Stalinni qonxo‘r diktator deb biladi. Shunday ekan, bugun Putin Rossiyasi tayanayotgan aqoidlar chorizm va stalinizmning qorishma tamoyillariga asoslangani va shundan kuch olayotgani, Kreml o‘zining imperiyacha qarashlarini post sovet makoni mamlakatlariga singdirayotgani tobora ukrainlarni va boshqa sobiq Sovet ittifoqi tarkibidagi mamlakatlarni Kremldan bezdirmoqda. Munosabatlarning eski o‘zanga tushib ketishi esa istiqbolsiz.
Jahongir Ergashev tayyorladi