Mudofaa vazirligi otaliqqa olgan Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, 20 yoshli Maftuna O‘sarova 2-avgust kuni Germaniyaga davolanishga yuborildi. Bu haqda vazirlik “Daryo”ga xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Maftuna O‘sarova 2016-yilda dunyoda juda kam uchraydigan “Takayasu sindromi”, ya’ni magistral qon tomirlari torayishi oqibatida insultga chalingan va birinchi darajali nogiron bo‘lib qolgan.
Hozirda u Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan Germaniyaning Asklepios klinikasida 3 kun davomida ixtisoslashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkazildi va intensiv davolash-sog‘lomlashtirish muolajalarini olmoqda.
Ta’kidlanishicha, Mudofaa vazirligi doimiy ravishda Germaniya klinikasi mutaxassislaridan davolash jarayonlarini o‘rganib, nazorat qilib bormoqda. Ayni paytda Maftuna O‘sarovaning sog‘lig‘i yaxshilanib bormoqda, deyiladi xabarda.
Bundan avval Shavkat Mirziyoyevni yig‘latgan Sabrina Insofaliyeva davolanish uchun Rossiyaga yuborilgani haqida xabar berilgandi.