Qarshi xalqaro aeroportidan Rossiyaning Sank-Peterburg shahriga uchishi lozim bo‘lgan samolyot yuki og‘irligi sabab reys qoldirilgani, yo‘lovchilar bundan norozi ekani haqida xabar berilgandi. “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan yo‘lovchilarning aytishicha, maqola saytda e’lon qilingach, mas’ullar zudlik bilan voqea joyiga yetib kelgan.

“Aeroport boshlig‘ining o‘rinbosari kelib, biz bilan suhbatlashdi. Shu reysdan qolib ketganlarning bilet puli qaytarilishini, barcha xarajatlar qoplab berilishini aytishdi”, — deydi yo‘lovchi Dilshod Xurramov.

Yo‘lovchilar tomonidan “Daryo”ga taqdim etilgan videodan ma’lum bo‘lishicha, yo‘lovchilardan biri aeroportga kelguncha ham xarajat qilganini, СOVID-19’ga test topshirib, natijasi yozilgan ma’lumotnoma olish uchun ham xarajat qilganini, ma’lumotnoma muddati o‘tib qolishidan qo‘rqayotganini bildirgan.

“Bu bizning aybimiz bilan sodir bo‘ldi. Barcha xarajatlar, o‘sha СOVID-19’ga test topshirib, natijasini olgan ma’lumotnomangiz muddati bugun kechga qadar o‘tib qolsa, uning xarajati ham qoplab beriladi”, — degan mas’ul ekanligi aytilgan shaxs.

Dilshod Xurramovning ma’lumot berishicha, aeroport mas’ullari yo‘lovchilarni kutish zaliga olib kirib, ularga bepul ovqat va suv bergan.

“Endi kechgacha mehmonxonaga borib, dam olib turishimizni taklif qilishmoqda. Lekin, ko‘pchilik bunga qarshi. Boisi, aeroportdan chiqsak, kirish-chiqish ro‘yxatga olinadi va manzilimizga borgach, aeroportga nega takroriy kirib-chiqqanimiz haqida savol bo‘ladi. Buni bilganlar aeroportdan chiqmay kutamiz deyishmoqda”, — deydi Dilshod Xurramov.

Mazkur holat haqida rasmiy ma’lumot bergan “Uzbekistan Airports” AJ matbuot xizmati havo kemasi ekipaji komandiri samolyot yuki og‘irligi bois, ushbu qatnov bajarilmasligi haqida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, yo‘lovchilarga Qarshi aeroportining mas’ul xodimlari hamda “Azur Air” aviakompaniyasi samolyoti ekipaji tomonidan ushbu qarorga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot berilgan.

Mas’ul tashkilot matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Qarshi xalqaro aeroportida sarson bo‘lgan yo‘lovchilar soni 214 nafar kishini tashkil qiladi.