Avvalroq xabar qilinganidek, Markaziy saylov komissiyasining 23-iyul, juma kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti saylovi kampaniyasiga start berildi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev,

Foto: Xalqaro press-klub

Ushbu yig‘ilishda tashkil etilgan matbuot anjumanida Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev jurnalistlarning savollariga javob qaytargan.

Jumladan, u pandemiya sharoitida shifoxonalarda koronavirusdan davolanayotgan bemorlar saylovdagi ishtiroki qanday ta’minlanadi, karantinga olingan fuqarolar saylov uchastkalariga chiqib ishtirok etadimi yoki ularning uylariga kelishadimi, degan savolga ham izoh bergan. Raisning so‘zlariga ko‘ra, bunday holatlarda qanday yo‘l tutilishi borasidagi izoh keyingi majlislarda qabul qilinadigan maxsus yo‘riqnomada o‘z aksini topadi.

Saylov tashkil etish borasida pandemiya yoki kasallanish tufayli kasalxonalarda yotgan, uyida yoki maxsus karantin hududlari, taqsimlash markazlarida karantinda bo‘lgan yurtdoshlarimizning konstitutsiyaviy huquqini ta’minlash borasida ana shu yo‘riqnomada o‘z izohini topgan.

Oldinga o‘tib aytadigan bo‘lsam, saylov uchastkasi komissiyasining 2 nafar a’zosi tibbiyot xodimlari ishtirokida maxsus himoya kiyimlari bilan koronavirus yoki boshqa kasallanish tufayli kasalxonalarda yotgan bemorlarning yoniga borib, karantin qoidalari, yo‘riqnomada belgilangan qadam-baqadam amalga oshiriladigan ishlar asosida ularning saylov huquqlari ta’minlanadi. Og‘ir ahvolda bo‘lmagan, ammo koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan fuqarolarning ham uylariga tashrif buyurib, ko‘chma qutilar bilan ularning ovoz berish huquqi ta’minlanadi.

Zayniddin Nizomxo‘jayev, MSK raisi

Nizomxo‘jayev saylovdagi karantin talablari aynan o‘sha vaqtdagi epidemiologik vaziyatga qarab joriy etilishi, yo‘riqnoma asosida ovoz berishni tashkil qilish rejalashtirilishini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz,  tadbirda tegishli qaror qabul qilinib, saylov kuni etib 24-oktabr sanasi belgilandi. Mazkur saylovlarda 5 ta partiya – “Adolat” SDP, “Milliy tiklanish” DP, O‘zLiDeP, XDP va O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z nomzodini ilgari surish huquqiga ega.