AQShning Oregon shtatida yirik o‘rmon yong‘inlari tufayli minglab odamlarni shoshilinch ravishda evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi, deb yozadi BBC News.
Keng qamrovli yong‘inlar natijasida kamida 160 ta turar joy binolari va qo‘shimcha binolar vayron bo‘lgan. Kuchli shamol va quruq ob-havo tufayli yong‘in butun shtat bo‘ylab tarqalishda davom etib, kamida yana mingta binoga tahdid solmoqda. Uylari vayron bo‘lgan aholi uchun bir nechta evakuatsiya markazlari tashkil etildi.
Ayni paytda, ikki mingga yaqin yong‘in xizmati xodimlari tabiiy ofatga qarshi kurashmoqda. “Biz kun-tun yong‘inni bartaraf qilish ishlarini olib bormoqdamiz”, — dedi o‘t o‘chirish qo‘mondoni Jo Xessel. Oregondan tashqari AQShning boshqa shtatlari: Kaliforniya, Aydaho, Vashington va Montanada ham yong‘inlar avj olmoqda.
AQShda o‘rmon yong‘inlari tez-tez sodir bo‘ladi. 2020-yil avgust oyida Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom mahalliy aholini hudud bo‘ylab tez tarqalayotgan yong‘inlar sababli shtatni zudlik bilan tark etishga chaqirgandi. O‘shanda rekord darajadagi yong‘inlar natijasida o‘nlab odamlar halok bo‘lgan va yaralangan, 500 ga yaqin turar joy vayron bo‘lgan. Mintaqada hatto olovli tornado ham kuzatilgan.
Avvalroq Kanadada anomal issiqlik ortidan o‘rmon yong‘inlari boshlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)