Namangan va Andijon viloyatida kuchli yomg‘ir yog‘ishi oqibatlari bartaraf etildi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi.
Qayd etilishicha, 2021-yilning 20-iyul kuni Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlarida kuchli yog‘ingarchilik yuzaga kelgan. Natijada Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa, Jalaquduq va Andijon tumanlari, Namangan viloyatining Namangan shahar, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Davlatobod va Uychi tumanlarida joylashgan aholi xonadonlarining tomorqalari va hovlilariga suv kirish holatlari kuzatilgan.
Voqea joyiga Andijon va Namangan viloyatlari Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari shuningdek, viloyat hokimliklari, IIB, Milliy gvardiya rahbariyati va shaxsiy tarkibi hamda FVDT xizmatlari kuch-vositalari jalb etilib, suv oqimi oqibatlarini bartaraf etish hamda aholi tomorqalaridan suvni chiqarish ishlari olib borildi.
Kuchli yog‘ingarchiliklar natijasida aholi yashash uylariga zarar yetmagan va jabrlanganlar yo‘q.
Bundan avval Namanganda kuchli jala kuzatilgani, sel oqibatida ikkita ko‘prik shikastlangani hamda kuchli sel bir qancha avtoulovlarni oqizib ketgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)